Xalqaro xotin-qizlar kuni: Sharqiy G‘uta qirg‘inbarotidagi sevgi qissalari

Illustration of a man shielding a woman from falling rubble Image copyright Dima Nachawi

Do'stlar Yangi yil archasi atrofida chaq-chaqlashib o'tirishibdi, bir-biridan yiroqdagi ikki oshiq telefon orqali hijronni yengishga harakat qilmoqdalar, bir yigit suyuklisi uchun internet aloqasini to'g'irlashga urinmoqda.

Bir qarashda Dima Nachavi chizgan suratlar dunyo bo'ylab sevgi hikoyalarini o'zida aks ettiradi - lekin uning to'plamlaridan biri umuman boshqa tarixdan so'zlaydi: havo hujumlari, jarohatlar va o'lim.

Nachavining bu suratlari davom etayotgan qonli janglar tufayli BMT Bosh kotibi Antonio Gutteresh "Yerdagi do'zah," deya ta'riflagan Suriyadagi Sharqiy G'uta ahli aslida qanday hayot kechirayotganligidan hikoya qiladi.

"Ular [mahalliy aholi] hamon kundalik turmushlarini davom ettirmoqdalar, sevmoqdalar va o'z yaqinlarini himoya qilmoqdalar," deydi Dima.

Image copyright Dima Nachawi
Image caption 'G'utadagi ilk Rodjestvosida do'stlari xaroba kulbalardan birida unga qo'lbola chiroqlari generatordan quvvat oluvchi archani ko'rsatishdi. Ular o'zlari topgan bir necha sham bilan bayramni nishonladilar.'

Dima Suriyada voyaga yetgan. Biroq bir necha yil oldin mamlakatni tashlab, Beyrutga ko'chib o'tgan. Hozir u yerda san'at sohasida faoliyatini davom ettirmoqda.

Dima Suriyadagi mavjud vaziyatni akslantiruvchi bir qancha loyihalar ustida ishlagan.

Uning "Muhabbat bu…" to'plami ijtimoiy tarmoqlar orqali mashhurlikni qo'lga kiritib, oddiy suriyaliklar hayoti va davom etayotgan bo'hron ularning ishqiy munosabatlariga qanchalik ta'sir qilganini o'zida aks ettiradi.

Har bir surat o'ziga xos muhabbat tarixi haqida so'zlaydi, undagi juftliklar shaxsi noma'lum va Dima qahramonlari haqida gapirishni ko'p ham yoqtirmaydi.

"Bu loyihani amalga oshirish juda qiyin kechdi. Ayniqsa, ayol hayotdan ko'z yumadigan mana bu rasmni chizish men uchun og'ir bo'ldi," deydi u suratlardan birini qo'liga olib.

"Men chizishni boshlamasimdan surat qanday bo'lishini oldin tasavvur qilgan edim, lekin chizar ekanman, vaqt o'tishi bilan yuragimda alamli dardni tobora aniqroq his qilib bordim."

"Oxiri baxtli yakun topmaydigan suratni qog'ozga solish juda ham qiyin."

Image copyright Diwa Nachawi
Image caption 'Havodan yana bombalar yog'a boshlagan vaqt ular bir-birlarini mahkam quchoqlab oldilar. Yigit portlashdan sachrashi mumkin bo'lgan bo'laklar tomon yuzlanib, sevgilisini himoya qilardi. Himoya qila turib, u og'ir yaralandi. Biroq qiz ham tanasiga sanchilgan shisha sinig'i tufayli omon qola olmadi'

"Biroq hayot uchun kurasha oladigan, joni omon qolgan, seva olgan, biror xunrezlik qurboniga aylanmagan suriyaliklar hayotini ham suratga tushirganimdan mamnunman," davom etadi Dima.

"O'z suratlarim orqali shunday tasavvurni akslantira olishni istayman."

Hududning isyonchilar nazorati ostidagi qismlariga insonparvarlik yordami yetib borgani ma'lum. Lekin "bu kam," deydi xayriya tashkilotlari.

O'tgan bir necha hafta ichida 700 dan ortiq inson halok bo'ldi. Qurbonlarning aksari bolalar edi.

Image copyright Dima Nachawi
Image caption 'Qiz kompyuterida o'yinlar o'ynashni sevadi, lekin yigit davom etayotgan qamal tufayli suyuklisi telefonini quvvatlash va internet aloqasi bilan muammolarga yuzlanmasligi uchun doimo ter to'kishga majbur'

Dima Suriyadagi vaziyatni yoritishda xalqaro matbuot tutgan yo'ldan norozi.

"Bizni bir xil qolipga solib, qochqinlar va qurbonlar sifatida ko'rishlari unchayin to'g'ri emas," deydi u.

"Men oddiy suriyaliklar bilan gaplashib, ularning hayoti qanday kechmoqda, yashab qolish uchun nimalar qilmoqda ekanliklari haqida bilishni ma'qul ko'rardim."

Image copyright Dima Nachawi
Image caption 'Qiz qamal ostidagi Sharqiy G'utada, yigit esa Idlibda. Ular Whatsapp orqali soatlab suhbat quradilar, bir-birlariga she'r o'qib beradilar, kuylaydilar. Bir-birlari salomatligi uchun duoda bo'ladilar va visol onlari kelishini intiqib kutadilar'

Dima vatanida bo'layotgan bo'hronni uzoqdan kuzatish o'zi uchun 'juda og'ir' ekanligini aytadi.

"Har safar qalbim qiynalganda nimadir qilishga harakat qilaman. Ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyo bo'ylab ko'plab odam meni kuzatib boradi. Men ularga Suriya haqida o'zlari bilmaydigan narsalarni hikoya qilishni istayman."

"Balki mening suratlarim Suriyadagi vaziyatni o'zgartira olmas, lekin, aminmanki, ular kelajak avlod uchun bir vaqtlar Suriyada nimalar bo'lganini yodga solib turuvchi xotira bo'lib qoladi."

  • BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek