Mirziyoyev Tojikistonga "tarixiy" tashrifini boshladi

President.uz Image copyright President.uz
Image caption Oʻzbekiston rahbariga koʻra, ikki tomonlama aloqalar yoʻlida "toʻsiq boʻladigan bironta ham masala qolmagan"

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga davlat tashrifini boshlagan.

Videoni BBC O'zbek YouTube kanalida tomosha qiling.

Dushanbe aeroportida Mirziyoyevni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va boshqa rasmiylar kutib olgan.

Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, oʻzbek rahbarini kutib olish uchun Dushanbe koʻchalariga minglab tojikistonliklar chiqishgan.

Oʻzbek va Tojik tomoni tashrifning uzoq kutilgan voqea boʻlganiga urgʻu bermoqda.

Image copyright official/president.tj/news.tj
Image caption Prezident Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan birgalikda Dushanbeda Oʻzbekiston mahsulotlari koʻrgazmasini ochishgan

Prezident Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan birgalikda Dushanbeda Oʻzbekiston mahsulotlari koʻrgazmasini ochishgan.

"Gʻalaba-Amuzang" temir yoʻl qatnovi ham ramziy ochib berilgan.

Bu chorak asrdan koʻproq vaqt davomida Oʻzbekiston rahbarining qoʻshni davlatga birinchi davlat tashrifidir.

Tojikiston Mirziyoyev mintaqada ilk tashrifini amalga oshirgan soʻnggi davlat boʻlgan.

Tashrifning uzoqqa choʻzilishi ikki oʻrtadagi chegara muammolari bilan izohlanadi.

Oʻzbekiston Tojikistonda gidroenergetika sohasining rivojlanishidan manfaatdor, jumladan Rogʻun GESining ham, deya prezident Mirziyoyevdan iqtibos keltirgan Tojikistonning axborot agentligi Aziya Plyus.

Imomali Rahmonga koʻra, yaqin kelajakda har ikki davlat oʻrtasidagi savdo-sotiq 1 milliard dollarga yetishi rejalangan.

Image copyright President.uz
Image caption Prezident Rahmon Mirziyoyevning tashrifini "tarixiy" deb atagan

Prezident Mirziyoyev Prezident Rahmon bilan yuzma-yuz muzokaralar ortidan barcha masalalar boʻyicha ijobiy natijalarga erishilganini aytgan.

Oʻzbekiston rahbariga koʻra, ikki tomonlama aloqalar yoʻlida "toʻsiq boʻladigan bironta ham masala qolmagan".

Oʻz navbatida Prezident Rahmon Mirziyoyevning tashrifini "tarixiy" deb atagan.

Tashrif arafasida oʻzbek-tojik chegarasidagi 10 ta nazorat-oʻtish nuqtalari qayta ochilgan.

Oʻzbek tomoni ikki davlat fuqarolari uchun oʻttiz kungacha vizasiz tartib joriy etilganini tasdiqlagan.

Tashrif davomida chegara va ikki tomonlama hamkorlikka doir jami 25 ta hujjat imzolanishi kutiladi.

Tojik tomoniga koʻra, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida imzolanishi kutilayotgan bitimlarning umumiy qiymati 141 million AQSh dollariga teng.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq