Mingga yaqin oʻzbekistonlik Mirziyoyevdan dindorlarni ozod qilishni soʻradi

mahbus Image copyright Getty Images

Diniy ayblovlar bilan qamalganlarni ozod qilishni soʻrab Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yoʻllanayotgan murojaatga mingga yaqin kishi imzo chekkan. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159- va 244-moddasi bilan ayblanib qamalganlarning aksari mutlaqo aybsiz va adolatsiz tarzda qamalgan fuqarolar ekanligi aytiladi.

Maktub boshida Mirziyoyevning xalqqa soʻz erkinligi berganligi va virtual qabulxona ochib, arizalar asosida tegishli chora-tadbirlar koʻrilayotgani eʼtirof etilgan.

"Sizning tashabbusingiz bilan 16 ming kishi "qora roʻyxat"dan chiqarildi. Bu mashʼum roʻyxatdagi har bir insonning kamida 5 nafardan qarindoshi bor deb hisoblasak, siz kamida 80 ming kishining qalbiga shodlik olib kirdingiz. Ushbu 80 ming kishi endi davlatimiz, jamiyatimiz va siz boshchiligingizda olib borilayotgan siyosatni oʻziga doʻst deb hisoblay boshlaganini taxmin qilish mumkin", deyiladi unda.

Murojaatda yozilishicha, yaqin oʻtmishda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159- va 244- moddasi bilan ayblanib qamalganlarning aksari mutlaqo aybsiz va adolatsiz tarzda qamalgan fuqarolardir. Koʻpchiligining ishlari jinoyat-protsessual qonunchilik normalari qoʻpol tarzda buzilib, ularga chin maʼnodagi advokat berilmasdan oʻtkazilgan.

"Biz "ularning hammasi aybsiz", degan daʼvodan yiroqmiz. Diniy sabablar bilan qamalganlarning ayrimlari qanchadir miqdorda aybdor boʻlishi ham mumkin, lekin ular ham qayta adolatli sud qilinishi lozim deb oʻylaymiz", deyiladi unda.

Unda ushbu moddalar bilan qamalganlarning aksariyati dahshatli qiynoqlar va tahdidlar ostida ayblarni boʻyniga olishga majbur boʻlgani haqida xalqaro tashkilotlarning xulosalari haqida hech narsa deyilmagan.

Murojaatga imzo chekuvchi Oʻzbekiston fuqarolari va xorijdagi vatandoshlar Mirziyoyevdan bu toifa mahbuslar ishlarini adolatli tarzda qayta koʻrib chiqish, nohaq qamalganlarini esa ozod qilish haqida koʻrsatma berishni soʻragan.

Murojaatga 970 kishi imzo chekkan.

Oʻzbekistonda minglab erkak va ayollar Oʻzbekiston Jinoiy Kodeksining 159-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244-moddasiga (Ommaviy tartibsizliklar) binoan aybdor deb topilib, koʻp yillarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mazkur moddalar bilan qamalgan Oʻzbekiston fuqarolari yillik amnistiya munosabati bilan avf etilganlar roʻyxatiga tushmay kelayotir.

Eʼtiborli tomoni odatda bu moddalar bilan ayblangan mahbuslarning qamoq muddati tugasa ham, ichki tartibngi buzdi degan ayblar bilan muddatiga yana yillar qoʻshib berilaveradi.

Toshkentdan Gulchash Sodiqova diniy eʼtiqodi tufayli 17 yildan beri qamoqda qolayotgan yolgʻiz oʻgʻliga yana uch yil qoʻshib berilishi toqatini toq qilganini aytadi.

Uning BBCga aytishicha, Prezident portali, Oliy sud, Senatga qilgan barcha murojaatlari besamar ketgan. Gulchash opaning oʻgʻli Baxtiyor Sodiqovga muddati tugagan boʻlsa-da, ikkinchi marta 3 yili 2 kun qoʻshimcha yil berilgan.

Gulchash opaning oʻgʻli 2001 yil diniy ektsremizmda ayblanib, 244 moddaning 2 bandi boʻyicha 12 yilga hukm qilingan. 2013 yili unga "ichki tartibni buzgan" degan ayb qoʻyilib, qariyb 4 yil, 3 yilu 11 oy qoʻshib berilgan.

2017 yilning aprelida Baxtiyor Sodiqovga yana "ichki tartibni buzgan" degan ayb bilan 3 yilu 2 oy muddat qoʻshib berilgan.

"Hammasiga yozdim, hammadan bir xil javob kelyapti. Bolangiz ichki tartibni buzgani uchun qamoq muddati uzaytirildi, degan. Bu javobni men ham bilaman, lekin qanaqasiga faqat mening bolam chiqishiga oz qolganda tartibni muttasil buzishi mumkin", - deydi Gulchash Sodiqova.

Shu yilning fevral oyida diniy ayblovlar bilan qamalganlar maxsus komissiyadan oʻtkazilgan. Lekin Gulchash Sodiqovaning aytishicha, oʻgʻli Prezidentdan afv soʻramagani uchun komissiyadan oʻtolmagan.

"GUINning oʻrinbosari oʻgʻlingiz afv soʻramagani uchun manzil koloniyalariga chiqarilmaydi, deb aytdi. Oʻgʻlim qilmagan aybi uchun 17 yildan beri oʻtirgan boʻlsa. Yana qoʻshimchasiga uch muddatni oʻtayotgan boʻlsa, nima uchun afv soʻrashi kerak", deydi Gulchash Sodiqova.

Jazoni ijro etish muassasasi Gulchash Sodiqova kabi umidvor boʻlib borayotgan onalarga yangi umid berayotgani aytilmoqda.

"Mart oyida, Navroʻzga dindorlarni afv qilishadi. Oʻshanda bolangiz ilinishi mumkin, deb aytishdi. Boshqalarga ham shunday deyishyapti. Endi umid qilib oʻsha amnistiyani kutayapmiz", deydi u.

Biroq 2018 yildan boshlab ayrim muddatini oʻtab boʻlgan diniy mahkumlarning ozodlikka chiqayotgani toʻgʻrisida xabarlar bor.

BBCga maʼlum boʻlishicha, diniy ayblar bilan qamalgan ayrim mahkumlar shu kunlarda manzil koloniyalariga yuborilmoqda. Undan oldin ular qattiq rejimli qamoqxonalarga saqlangan.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq