Mirziyoyev MXXni Davlat xavfsizlik xizmatiga oʻzgartirdi

DXX Image copyright Gazeta.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Milliy Xavfsizlik xizmatini Davlat xavfsizlik xizmati nomi ostida qayta shakllantirish toʻgʻrisidagi farmonga imzo chekdi. MXXning DXX sifatida qayta shakllantirilishi boshqa sohalarga aralashishga yoʻl ochib bergan omillarni bararaf etish bilan izohlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy tuzumni himoya qiladigan, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga ichki va tashqi tahdidlarga qarshi kurash olib boradigan vakolatli organ sifatida belgilanmoqda.

Farmon matni "Oʻzbekiston 24" kanalida oʻqib eshittirildi.

Farmonda qayd etilishicha, MXXga uning maqomi va vakolat chegaralarini aniq belgilab beruvchi qonunchilik akti boʻlmagan holatda milliy xavfsizlikni taʼminlashning barcha jihatlari yuklatilgani mazkur mahkamaning barcha sohalarda davlat organlari faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvini keltirib chiqardi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk bor 2017 yil, 22 dekabrda Parlamentga qilgan murojaatida MXX faoliyatini tanqid qilgandi.

Keyinroq 19 yanvar kuni Surxondaryo viloyati faollari bilan uchrashgan Prezident Shavkat Mirziyoyev MXX faoliyatini ayovsiz tanqid qilgan. U MXX xodimlarini, "sotqin", "it" degan. Ular davlatga qimmatga tushgani hamda hammani sharmanda qilganini taʼkidlagan.

Internetga sizdirilgan audio faylda Shavkat Mirziyoyev barcha "gʻoʻddaygan" va "oʻgʻri" MXX xodimlarini ishdan olishini aytgan.

31 yanvar kuni MXXni 23 yildan beri oʻzgarmasdan boshqarib kelgan Rustam Inoyatov boshqa ishga oʻtganligi munosabati bilan uni tark etdi.

Keyinchalik sizdirilgan yana bir audio faylda Mirziyoyev MXXning oʻz vakolatlari doirasidan chiqib ketishini ular duch kelgan odamni olib borib tiqishi bilan izohlagan.

MXX "kerak boʻlsa koʻchadagi stolbani (sim yogʻochni) ham olib kirib qamaydi", degan u.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq