Mahkama: "Bobomurod Abdullayev qiynoqqa solinmagan"

Bobomurod Abdullayev Image copyright Facebook

Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanayotgan Bobomurod Abdullayev va yana uch shaxs ustidan mahkamada sud-tibbiy ekspertiza jurnalist MXX hisbxonasida qiynoqqa solinmagani haqidagi xulosani taqdim etgan.

Payshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 15 da boshlagan mahkamaning ikkinchi majlisida hakam Zafar Nurmatov rus tilidagi sud-tibbiy ekspertiza xulosasini oʻqib eshittirgan.

Sud majlisini kuzatgan jurnalist Malohat Eshonqulovaning aytishicha, mahkama boshdan-oxirigacha rus tilida olib borilgan.

Eshonqulovaning sud-tibbiy ekspertiza xulosasidan iqtibos keltirishicha, ekspertiza Bobomurod Abdullayevning "tanasida jarohat izlari yoʻqligi", uning "astroxondeoz va yosh tufayli paydo boʻlgan kasalliklari" borligini aytgan.

Shundan soʻng 98 betdan iborat ayblov xulosasi oʻqib berilgan.

Hakam Nurmatov ayblov xulosasi katta boʻlgani uchun uning faqat "ayblov qismi"ni oʻqishini aytgan.

"Ayblov qismining oʻzi yarim soat oʻqildi", - deydi Malohat Eshonqulova.

Uning soʻzlariga koʻra, ayblov xulosasi muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi rahbari "Muhammad Solihning nomi bilan boshlanib, yana uning nomi bilan tugagan".

Jurnalistlar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasreddinov hamda tadbirkorlar Ravshan Salayev va Shavkatjon Olloyorovlar Muhammad Solih boshchiligida Oʻzbekistonda rangli inqilob qilish yoʻli bilan vonuniy hokimiyatni agʻdarishga urinishda ayblangan.

Malohat Eshonqulova ayblov xulosasidagi daʼvolarni "kurakda turmaydigan ayblar", deb atadi.

Avvalroq sud-tibbiy ekspertiza "qiynoqlarni tasdiqlagani" haqida xabarlar olingandi.

Qiynoqlar

Ayblov xulosasi ortidan soʻz berilgan jurnalist Bobomurod Abdullayev ayblarga "mutlaqo iqror emasligi"ni aytgan.

U yana oʻzining shafqatsiz qiynoqlar va noinsoniy muomalaga tutilganini urgʻulagan.

Malohat Eshonqulovaning Bobomurod Abdullayevning suddagi nutqidan iqtibos keltirishich, jurnalist 27 sentyabr kuni Neksiya avtomashinasidagi "sariq shapka kiygan" shaxslar tomonidan oʻgʻirlab ketilganini aytgan.

Bobomurod Abdullayev oʻzini oʻgʻirlagan shaxslarni "barzangilar" deb atagan.

"Sariq kepka kiygan barzangilar yoʻlda ushlab, Neksiyaga oʻtqazib, boshimni yerga bosishdi, katta yoʻlga chiqqanda qora qop kiygizishdi", - deb aytgan Bobomurod Abdullayev mahkamada.

Uning soʻzlariga koʻra, ushlanganidan 15 daqiqa soʻng jurnalistni "beshga besh" kenglikdagi nomaʼlum yertoʻlaga olib borishgan.

"Ertoʻlaning devor va shiftlariga temir xalqalar qoqilgandi", - degan jurnalist.

Malohat Eshonqulovaning iqtibos qilishcha, Bobomurod Abdullayevni qoʻlidagi kishan bilan devorning yuqori qismidagi xalqalardan biriga bogʻlab qoʻyishgan.

Uning hojatga chiqishiga ham ruxsat berilmagan.

Uni soʻroq qilgan nomaʼlum shaxslar "siz Haqnazarovsiz, Inoyatov haqida yozasiz". deyishgan.

Bobomurod Abdullayev "Haqnazarov boʻlsam, isbotlab beringlar", degan. Soʻroq qilganlar "isbotni qonundan talab qilasiz, biz mafiyamiz", - deyishgan.

Jurnalist "qanaqa mafiyasizlar?" degan savoliga "Salimboyning odamlarimiz", - degan javobni eshitganini aytgan.

Bobomurod Abdullayevning aytishicha, shundan keyin soʻroq qiluvchilar jurnalistni chap qoʻliga plastik trubalar bilan urishgan. U "oʻng qoʻlimga ham uringlar, deb iltimos qilgani, ammo "oʻng qoʻling qoʻl qoʻyishga kerak boʻladi", degan javobni eshitganini aytgan.

"Usmon Haqnazarov"

Bobomurod Abdullayev qiynoqlardan soʻng "Usmon Haqnazarov" ekanini tan olishga majbur boʻlganini aytgan.

Iqrorlik berganidan soʻng jurnalist Toshkentdagi "Gvardeyskiy" nomi bilan bilingan MXX yertoʻlasiga oʻtkazilgan va bu yerda MXX tergovchisi Nodir Toʻraqulov uni soʻroq qilishni boshlagan.

Jurnalistning soʻzlariga koʻra, Toʻraqulov undan "Nega faqat MXXni yozasan, nega prokurorni, Mirziyoyevni yozmaysan?" deb soʻragan.

"Nega buncha Mirziyoyevni podderjka qilasan? U hamma joyni bardak qilib yubordi-ku, davlatni ushlab turgan SNBligini bilmaysanmi?" deya Toʻraqulovning soʻzlaridan iqtibos keltirgan mahkamada Bobomurod Abdullayev.

Jurnalistning soʻzlariga koʻra, tergovchi Toʻraqulov uni yechintirgan va orqasidagi yaralarni koʻrib, "Ermitaj boʻp ketibdi-ku, qayerda olding bu jarohatni?" deb soʻragan.

Bobomurod Abdullayev qayerda olganini bilmasligini aytgan.

MXX hibsxonasida jurnalistga nisbatan qiynoqlar davom etgan.

Jurnalist qiynoqlar ostida "Ravshan Salayev menga Ixtiyor Abdullayevdan maʼlumot olib kelib berardi, men yozardim", deb yozib berishga majbur boʻlganini aytgan.

Uning mahkamada aytishicha, Nodir Toʻraqulov "Usmon Haqnazarov nomi bilan 2012 yildan, Muhammad Solih bilan tanishganimdan soʻng yozishga boshladim", deb koʻrsatma berishni talab qilgan.

"Vaholanki, men ilk maqolamni 2003 yil 2 yanvarda "Tsentraziya.ru" saytida eʼlon qilganman", - degan Bobomurod Abdullayev.

Uning soʻzlariga koʻra, birinchi maqola muxolifat faoli, professor Otanazar Oripov bergan maʼlumotlarga asoslanib yozilgan.

Eskicha mahkama

Payshanba kungi sud majlisida Bobomurod Abdullayev soʻzini tugatmagan.

Sudda qolgan ayblanuvchilardan ham ayblarga iqror yoki iqror emasliklari soʻralgan.

Malohat Eshonqulovaning guvohlik berishicha, Hayotxon Nasreddinov "ayblarni tan olishi"ni aytgan.

Salayev "qisman tan olaman" degan, Olloyorov esa ayblarni tan olmasligini bildirgan.

Malohat Eshonqulovaga koʻra, u sud tugaganidan soʻng Hayotxon Nasreddinovning oldiga borib, undan "nimaga va nima uchun iqror boʻlgani"ni soʻragan.

Nasreddinov hammasi haqida oʻz soʻzida batafsil aytib berishini bildirgan.

Malohat Eshonqulova Nasreddinovning advokatiga ham murojaat qilganini bildirdi.

Unga koʻra, advokat himoyasi ostidagi shaxsning hozirgacha aytgan soʻzlari hech narsani anglatmasligini aytgan.

Hakam sudning keyingi majlisi 26 martda oʻtishini eʼlon qilgan.

Avvalroq Bobomurod Abdullayevning advokati Sergey Mayorov jurnalistga ruhiy qiynoqlar ham qoʻllanganini maʼlum qilgandi.

Mayorovga koʻra, tergovchilar uning Rossiyada oʻqiyotgan qizini "zoʻrlash" va Toshkentdagi farzandlarini "oʻldirib ketish" bilan tahdid qilishgan.

Payshanba kungi mahkamani kuzatgan jurnalist va huquq faollari hakam Zafar Nurmatov oʻqib eshitttirgan sud-tibbiy ekspertiza va ayblov xulosasidan hafsalalari pir boʻlganini aytishmoqda.

Ularga koʻra, mahkama eskicha usulda oʻtgan.

Chorshanba kuni Prezident Mirziyoyev MXXni tugatib, oʻrniga Davlat xavfsizlik xizmatini tashkil etish haqidagi farmonni imzolagan.

Prezidentning MXXga qaratilgan tanqidlari, Bobomurod Abdullayevni soʻroq qilgan tergovchilarning hibsga olinishi va xavfsizlik xizmatlarida boshlangan islohotlar mahkamada ijobiy qarorlar olinishi borasidagi umidlarni kuchaytirgandi.

Tahlilchilarga koʻra, siyosiy ayblar ostida oʻtayotgan mahkama Prezident Shavkat Mirziyoyev uchun jiddiy sinov boʻladi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq