Senat DXX toʻgʻrisidagi qonunni tasdiqladi

Image copyright Official

Oʻzbekiston parlamentining yuqori palatasi - Senat "Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida"gi qonunni tasdiqlagan.

Mirziyoyev MXX rahbariyatini "sotqinlik"da aybladi

Qonun sobiq Milliy xavfsizlik xizmati - MXXning merosxoʻri boʻlgan DXX faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi va xavfsizlik tizimi vakolatlariga aniqlik kiritadi.

Prezident Mirziyoyev MXXni cheksiz vakolatlarga ega boʻlgani uchun tanqid qilgan va shu yil 14 martida "Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonini imzolagandi.

Ayni farmonga muvofiq, MXX tugatilib, DXX tashkil etilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy tuzumni himoya qiladigan, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga ichki va tashqi tahdidlarga qarshi kurash olib boradigan vakolatli organ sifatida belgilanishi aytilgan.

Farmonda MXXga uning maqomi va vakolat chegaralarini aniq belgilab beruvchi qonunchilik akti boʻlmagan holatda milliy xavfsizlikni taʼminlashning barcha jihatlari yuklatilgani mazkur mahkamaning barcha sohalarda davlat organlari faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvini keltirib chiqargani taʼkidlangandi.

Qonunsiz tashkilot

Prezident Mirziyoyev xavfsizlik tizimining isloh qilinishi haqida ilk bor oʻtgan yil 22 dekabrida parlamentga murojaatida aytgandi.

U MXX 26 yil oldingi nizom asosida ishlab kelgani va uning faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonun qabul qilish vaqti kelganini taʼkidlagan.

Ammo tizimdagi oʻzgarishlar oradan bir oydan koʻproq vaqt oʻtib, MXXning qudratli rahbari general Rustam Inoyatov ishdan olinishi ortidan boshlangan.

DXXdagi tuzilmaviy va kadrlar oʻzgarishi borasida uncha koʻp maʼlumot yoʻq.

Xavfsizlik xizmati Toshkentning Sayilgohidagi eski binosidan boshqa joyga koʻchirilgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar olingan.

Shuningdek, sobiq MXXning ayrim vakolatlari yangi tashkil etilgan Milliy gvardiya ixtiyoriga berilayotgani ham aytiladi.

Mamlakat ichkarisidagi jurnalistlarga koʻra, oʻzbek jamiyatida MXX yaratgan total qoʻrquv muhiti yumshagan, ammo hanuz butkul yoʻqolgan emas.

Oʻzbekiston xavfsizlik tizimlarini dunyodagi eng qoʻpol inson haqlari buzilishlari uchun masʼul deb koʻriladi.

Oʻzbekiston MXXsi oʻzgacha fikrlovchilarga qarshi qiynoq qoʻllash, noqonuniy hibsga olishlar va siyosiy qotilliklarda ayblangan.

MXXning qator yuqori martabali mulozimlari korruptsiya va mansab vakolatlarini suisteʼmol qilish ayblari bilan qamoqqa tashlangan.

Prezident Mirziyoyevning oʻzi shu yil fevralida sobiq MXX generali Shuhrat Gʻulomov umrbod qamoq jazosiga mahkum etilganini tasdiqlagandi.

U MXX raisining sobiq birinchi oʻrinbosarini "sotqin" deb atagan.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq