Mirziyoyevning matbuot kotibi qalbaki issiqxonalar boʻyicha xabar berishni soʻradi

Mirziyoyevning matbuot kotibi qalbaki issiqxonalar boʻyicha xabar berishni soʻradi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov Facebookdagi sahifasi orqali ilk marotaba jonli chiqish qildi. U Prezident tashrifi arafasida viloyatlarda yoʻl qoʻyilayotgan koʻzboʻyamachiliklarga izoh berdi.

Komil Allamjonov oʻzining Facebook dagi sahifasiga Prezident tashrifi borasida koʻplab savollar, ayrim holatlarda tanqidiy maqolalar kelib tushayotganini uchun ushbu masalalarga oydinlik kiritgan.

Prezidentning matbuot kotibi Mirziyoyev tashrifidan oldin yoʻllarning vaqtinchalik asfaltlanayotgani haqidagi lavhani koʻrganini aytdi.

"Ahamiyat bergan boʻlsangiz, yomgʻir yogʻib turgan paytda oʻnqir-choʻnqir yoʻllarni asfaltlash jarayoni tasvirga tushirilgan", degan u

U Prezident ushbu video tasvirlangan viloyatga xizmat safari chogʻida yoʻllar qurilishi va ushbu yoʻllarning topshirilishi masalasi boʻyicha topshiriq bermaganligini taʼkidlagan.

Allamjonovning aytishicha, Mirziyoyev kelishidan oldin yoʻllarning yamalishi vaqtinchalik chora. Uning gapidan Prezident ketganidan soʻng bu yoʻllar koʻp oʻtmasdan eski holiga tushadi, degan maʼno anglashiladi.

Prezident matbuot kotibining jonli muloqotidan anglashilicha, Prezident Mirziyoyev ham bu yoʻllarning faqat oʻzi uchun vaqtincha taʼmirlanayotganidan va mahalliy xalq Prezident kelib ketganidan soʻng yana yomon yoʻldan yurishga majbur boʻlishidan boxabar.

"Ahamiyat bergan boʻlsangiz, olis-olis tumanlarga borayotgan chogʻlarida majburan yomon ahvoldagi oʻnqir-choʻnqir yerlarni shunchaki, kosmetik taʼmirlash, vaqtinchalik chora deb bilishingizni iltimos qilardik. Chunki agarda Prezidentimiz tashriflari jarayonida avtomobil qatnov yoʻllari kelishlariga tayyorlanishi kerak boʻlgan boʻlsa, agarda kelgan vaqtlarida ushbu yoʻllarni koʻrmoqchi boʻlgan boʻlsalaru va bu rejaga kiritilgani boʻlsa, albatta ushbu yoʻllar belgilangan tartib asosida, belgilangan standart va talablar asosida taʼmirlanishi barpo qilinishi tashkillashtiriladi", degan u.

Komil Allamjonov odamlardan Prezident uchun vaqtinchalik taʼmirlanayotgan yoʻllarni toʻgʻri qabul qilgan holda, eʼtiborni Prezident borib koʻrayotgavn obʼektlarga qaratishni soʻragan.

"Shuning uchun iltimos qilardikki, hozirda oʻnqir-choʻnqir yoʻllarni vaqtinchalik qilinayotganligini toʻgʻri qabul qilgan holda, koʻproq eʼtiborni shu yoʻldan oʻtgandan keyin borgan manzillari va xalq uchun barpo etilgan turli obʼektlar, binolar, uylar va korxonalarning yoʻqdan bor boʻlganiga eʼtibor qaratsak, menimcha, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi".

Matbuot kotibi Prezident kelishidan oldin viloyatlarda yoʻl yoqalarida vaqtinchalik issiqxonalar qurilayotgani haqida xabarlarga ham izoh bergan.

U Prezident borib koʻrgan barcha issiqxonalar haqiqiyligini aytgan. Biroq Prezident oʻtadigan yoʻl yoqasida Mirziyoyev koʻrsin uchun deb qurilgan qalbaki issiqxonalar boʻlsa bu haqda xabar berishni soʻragan.

"Bu yerda mening tushunishim boʻyicha, Prezidentimiz yurgan yoʻl boʻyidagi parnik va issiqxonalar nazarda tutilgan. Agarda ushbu issiqxonalar Prezidentimiz ketganlaridan keyin yoʻq boʻlib qolsa yoki buzib tashlangan boʻlsa yo vaqtinchaligini isbotlovchi dalil boʻlsa biz ushbu fuqarolarimizdan juda ham iltimos qilamiz xabar berishlarini. Bu notoʻgʻri, bunday boʻlishi kerak emas. Ushbu issiqxonalar hozirda yoʻq boʻlsa, mutasaddi rahbarlar nisbatan tegishli choralar koʻriladi", degan u.

Prezidentning matbuot kotibi Jizzax viloyati Zarbdor tumanida Mirziyoyevga koʻrsatilgan tikuv tsexi haqida ham gapirgan.

"Ozodlik" radiosi ushbu tsexdagi ishchilarning tikuvchi emas, balki kollej oʻquvchilari ekanligini, ularga yangi kiyimlar kiydirilib Prezident oldida rol oʻynash uchun jalb qilingani haqida yozgan edi.

Prezidentning matbuot kotibi ushbu koʻzboʻyamachilikni inkor qilmagan, balki undan xabari borligini aytgan.

"Undan bizning xabarimiz bor. Agar ahamiyat bergan boʻlsangiz, bu tikuv tsexi 10 oy davomida yoʻq joydan barpo etilgan tsex. Hozirda bu tsex hali 100 foiz quvvatda ishini boshlagani yoʻq. 100 foiz quvvatda ishga tushirilishni taʼminlash jarayonida korxona rahbarlari ushbu tsex atrofidagi mahalladagi vaqtincha ishsiz boʻlgan ayollar, ushbu korxonaga yaqin boʻlgan kollejlardan ixtiyoriy ravishda talabgor qizlarni ish oʻrgatish va kelajakda kollejni bitirganlaridan keyin ushbu tsexda ishchi sifatida qabul qilinishi rejalashtirilib, hozir faqatgina tayyorgarlik jarayoni ketayapti".

Prezident matbuot kotibi ushbu koʻzboʻyamachilikni qoralamagan, balki muammolar bir oyda hal boʻlib qolmasligini aytib, Prezidentni qoʻllab quvvatlashga chaqirgan.

"Yillar davomida toʻplangan muammolar bir kun, bir hafta va bir oyda hal boʻlmaydi. Albatta, buning uchun vaqt kerak va ushbu masalani toʻgʻri tushungan holda masalaga bir tomondan emas, chuqurroq qaragan holda baho berishingizni va munosabat bildirishingizni va yurtboshimizning bugungi olib borayotgan ishlarida ularga yelkadosh va koʻmakdosh boʻlishingizni iltimos qilamiz".

Prezident matbuot kotibining ilk jonli chiqishini koʻpchilik iliq qarshi olgan.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Allamjonovning jonli chiqishi ijobiy holatligini aytgan.

Biroq shu bilan birga uning kamchiliklarini ham sanab oʻtgan.

"Prezidentning matbuot kotibi - bu barcha davlat organlarining matbuot kotibi emas. Prezidentning matbuot kotibi joylardagi viloyat hokimiyatlarining xato va kamchiliklari uchun, mintaqalardagi nuqsonlar uchun sharx berishi - masʼuliyatni Prezidentga rasmiylashtirish hisoblanadi. Bu siyosiy xato. Prezidentning matbuot kotibi, faqat Prezidentning pozitsiyasini, prezidentlik instituti vakolatlari doirasida sharhlashi lozimb boʻladi. Bugungi chiqishda kotib koʻproq joylardagi viloyat hokimliklari matbuot kotibi rolini oʻynadi", degan u.

Tahlilchi Oʻzbekiston hokimiyati shaffoflik va jamoatchilik bilan doimiy muloqotda boʻlish tomon yana bir qadam tashlaganini eʼtirof etgan.

"Endigi qadam - matbuot kotibining yanada yuqoriroq professionalizm darajasida vaziyatni tez-tez sharhlab borishidir", deydi u.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek