Politsiyachi otgan oʻzbekistonlik: "Meni oʻlgan odam deb hisoblayvering"

Aktam Axmatovni politsiya xodimi pistoletdan oʻq uzib yaralagan Image copyright BBCUZBEK
Image caption Aktam Axmatovni politsiya xodimi pistoletdan oʻq uzib yaralagan

21 mart kuni Moskva politsiyasi samarqandlik 24 yoshli muhojirni oʻq uzib yaralagan.

Aktam Axmatovaning onasi Raʼno Mamatovaning hikoyasini BBC O'zbekning YouTubedagi kanalida tomosha qiling

Orqadan uzilgan oʻq qorin sohasini oʻtgan. Natijada muhojirning oʻng buyragi operatsiya yoʻli bilan olib tashlangan. Yarador muhojir kasalxonadan tergov izolyatoriga olib ketilgan.

6 yildan beri Moskvada uy taʼmirlash ishlari bilan shugʻullanib yurgan ayni paytda Aktam Axmatov yarador holida hibsda saqlanmoqda.

U 2 nafar sherigi bilan RF JKning 158-moddasi, yaʼni oʻgʻirlikda ayblanmoqda. Maʼlum boʻlishicha, Novogireyeva tumani politsiya xodimlari ularni akkumlyator oʻgʻirlayotganda qoʻlga olgan. Aktam Axmatovni politsiya xodimi pistoletdan oʻq uzib yaralagan.

28 mart kuni Perova tuman sudida oʻgʻirlik ishi koʻrib chiqildi. Ammo muhojirning politsiya xodimi tomonidan otilishi borasida jinoiy ish bu ishga qoʻshilmagan, yoki alohida jinoiy ish ham qoʻzgʻatilmagan.

Aktam Axmatovaning onasi Raʼno Mamatovaning BBCga aytishicha, yigitlar bilan birga borgan Aktam ularni tashqarida kutib turgan. Uni ushlab olgan politsiya xodimi Aktamning qoʻliga kishan solishga uringan, ammo kishanlamagan. U pistolet bilan tahdid qilgan, yerga yotqizib tepib kaltaklagan.

Image copyright BBCUZBEK
Image caption "Oʻgʻlimning orqasida koʻkargan izlar ham bor. Buyragi oʻqdan emas, tepki zarblaridan ham shikastlangan boʻlishi mumkin", deydi Mamatova.

"Oʻgʻlimning orqasida koʻkargan izlar ham bor. Buyragi oʻqdan emas, tepki zarblaridan ham shikastlangan boʻlishi mumkin", deydi Mamatova.

Aktam Axmatov politsiyachiga qarshilik qilgan-qilmagani BBCga maʼlum emas. Raʼno Mamatova boʻlgan voqeani oʻgʻli gapirib berganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, politsiyachi oʻgʻlini tepayotganda qorga sirpanib yiqilganida Aktam qocha boshlagan. Politsiya xodimi havoga ogohlantiruv oʻqi uzmasdan, Aktamni orqasidan otgan.

Raʼno Mamatova oʻgʻlining politsiya xodimi tomonidan otilishi yuzasidan politsiyaga murojaat qilganida, Novogireyeva tuman politsiyasi ayol xujjatlarini tekshirgan. Muddati oʻtganligi aniqlangach, sud qilingan. Oʻgʻlining yaralangani boʻyicha murojaat bilan kelgan ayolga 5000 rubl jarima solinib, Rossiyadan chiqib ketishi talab qilingan.

Politsiya xodimlari Mamatovaga hodisa boʻyicha jinoiy ish ochilmay turib oʻgʻlining aybdorligini bildirishgan.

"U qarshilik qilmoqchi boʻlgan, politsiyachini bugʻgan, deyishayapti. Oʻgʻlim esa politsiyachini yuzini ham koʻrmaganini, orqadan urib tepgani, oʻq uzganini aytayapti", deydi ona.

Voqeadan 10 kun oʻtib, Axmatovning advokati Shuxrat Xamrakulov 2 aprel kuni prokuraturaga shikoyat arizasini yozdi.

Advokatga koʻra, politsiya xodimi oʻz vakolati doirasidan chiqqan va qurolni noqonuniy tarzda ishlatgan. Sudda faqat oʻgʻirlik ishi koʻrilgan, oʻq uzilishi jinoiy ishga kiritilmagan. Mamatova politsiya xodimlari oʻgʻlini kasalxonada boʻlgan 1 xafta mobaynida jismoniy va maʼnan qiynab xoʻrlashganini iddao qildi. "Jinoyatchi qoʻriqlanayapti" degan izoh bilan onaga farzandini kirib koʻrish uchun ruxsat berilmagan.

BBC oʻzbek xizmati mazkur voqea yuzasidan Novogireyeva tuman politsiyasi bilan bogʻlandi. Mahkama navbatchisi bu ish tergov jarayonida ekanligini maʼlum qilib, sudga qadar hech qanday maʼlumot berilmasligini bildirdi. Politsiya xodimining Axmatovni otishi va tergov izolyatorida saqlanishi borasidagi savollarni ham ochiq qoldirdi.

Buyragi olib tashlangan Aktam Axmatov tergov izolyatorida sogʻligi tobora yomonlashib borayotganini bildirgan. Onasiga kuniga 6 soatlab tergov xonasida oʻtirayotgani, tobi qochganda politsiya xodimlarining oʻzi tomir ostiga yuboruvchi ukollarni ham qilganini aytgan.

"Tomiriga tusha olishmabdi, teri osti koʻkarib ketganini koʻrdim" dedi Mamatova.

Advokat Shuhrat Xamrakulovga koʻra, Axmatovga nisbatan qilinayotgan harakatlar va uning yarador holida tergov izolyatorida saqlanishi noqonuniydir.

"28 mart kuni jinoiy ishlar boʻyicha Perova tuman sudi RF JKning 158-moddasi boʻyicha ayblanayotgan Aktam Axmatovni 1 oyyu 21 kunga hibsga olish toʻgʻrisida qaror chiqardi. 2 aprel kuni tuman prokuraturasiga shikoyat arizasini yozdik. Ijobiy hal boʻladi, degan umiddamiz" dedi BBC oʻzbek xizmatiga advokat Xamrakulov.

Raʼno Mamatova esa hibsda qolayotgan oʻgʻlining hayoti havf ostidaligidan qattiq havotirda. U oʻgʻirlik holati boʻyicha oʻgʻli qamalishidan emas, tibbiy yordam koʻrsatilmayotgan hibsda saqlanayotgan oʻgʻlini yoʻqotib qoʻyishdan tashvishda.

Shuningdek, Moskva politsiyasi Axmatovga politsiya xodimiga xujum qilganlik holati yuzasidan ham jinoiy ish qoʻzgʻatilishi ehtimoli borligini Mamatovaga aytgan. Ona va bola adolat izlayapti.

"Oʻgʻlim "bir buyrak bilan qamoqda tamom boʻlaman, meni oʻlgan odam deb hisoblayvering" deyayapti. Men esa bu ishda yutib chiqa olmaymizmi, deb qoʻrqayapman. Rossiya politsiyasi juda adolatsiz. Oʻz xodiminini himoya qilish uchun meni xujjatim uchun sud qilishdi, deport qilmoqchi boʻldi. Oʻgʻlim ham juda tushkun ahvolda, hatto oʻzini oʻldirmoqchi ham boʻlayapti. Men hech nima qilganim yoʻq-ku, deyapti u", dedi Raʼno Mamatova BBCga.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq