Prezident Mirziyoyevdan keyin Bosh vazir ham eʼtibor qaratdi, chora koʻrildi

Diana Image copyright xabar.uz

Rasmiy xabarlarga koʻra, bundan keyin Oʻzbekistonda taʼlim, sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari majburiy mehnat va jamoat ishlariga jalb qilinmaydi.

Bunga oʻxshash hollarga ortiq yoʻl qoʻyilmasligi uchun mamlakat boʻylab masʼul shaxs va tashkilotlar zimmasiga aniq vazifalar yuklanadi, alohida hollarni nazoratga olish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻriladi. "Jinoiy javobgarlikka tortishgacha boriladi".

Soʻnggi yangilik kecha, 17 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida shaxsan Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligi ostida oʻtkazilgan maxsus videoselektor yigʻilish tafsilotlaridan maʼlum boʻlgan.

Suhbatni BBCUZBEK kanalida tinglang

Yigʻin, yillarki, "mamlakat aholisi oʻrtasida turli norozilik kayfiyatlarini keltirib chiqarayotgan" bu kabi voqeʼlikka shaxsan Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻzi eʼtibor qaratishi va keskin tanqidga tutishidan sanoqli kunlar oʻtib kuzatilmoqda.

14 mart kuni prezident Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi oldidan koʻcha tozalash ishlariga olib chiqilgan 23 yoshli mahalliy oʻqituvchi Diana Yenikeyevaning "KAMAZ" ostida qolib, hayotdan koʻz yumishi mazkur muammoni yana kun tartibiga olib chiqqan.

Yoshgina oʻqituvchining bu kabi oʻlim topishi koʻplab mahalliy internet nashrlari tomonidan izchil ravishda faol yoritib borilgan, keng jamoatchilikning eʼtiborini oʻziga tortgan, turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida keskin aks-sadolarga sabab boʻlgan.

Oʻzbekiston Bosh vaziri rahbarligi ostidagi videoselektor arafasida mamlakat prezidentining matbuot voizi ham chiqish qilgan.

Komil Allamjonov jurnalistlarga, "prezident tomonidan aholini obodonlashtirish ishlariga jalb qilishni qatʼiy taqiqlash boʻyicha mamlakat Vazirlar Mahkamasiga qaror qabul qilish topshirilgan"i haqida maʼlum qilgan.

Mahalliy kuzatuvchilarga koʻra, uzoq yillik ayni muammo bilan bogʻliq voqealarning bu tariqa favqulodda rivoji mamlakatdagi aksariyat uchun kutilmagan boʻlgan.

"Tarixiy yigʻin"

Soʻnggi xabarlar Oʻzbekistonning mustaqilligi bilan kechgan chorak asrdan ortiqroq vaqt davomida ilk bor kuzatilayotgan bilan ham alohida ahamiyat kasb etgan.

Mazkur yigʻilishning umumlashtirilgan rasmiy maʼlumoti batafsil bir ravishda Oʻzbekiston Axborot Agentligi tomonidan ham yoritilgan.

Ayni xabar tafsilotlariga tayanilsa, videoselektor yigʻini chogʻida joylardagi aksariyat rahbarlar tomonidan ijtimoiy soha xodimlari, asosan, oʻqituvchilar va shifokorlarni jamoat ishlariga jalb qilish holatlari kuzatilayotgani oshkora eʼtirof etilgan.

"Bu kabi holatlar davlat rahbari yuritayotgan siyosatga xiyonat ekani, mahalliy rahbarlarning bunday notoʻgʻri xatti-harakatlari islohotlarning samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani" taʼkidlangan.

Oliy taʼlim muassasalari misolida oʻtgan bir yil davomida majburiy mehnat va jamoat ishlariga jalb etish bilan bogʻliq holatlar raqamba-raqam tilga olingan.

Yigʻilishda mazkur sohalar rahbarlari ushbu muammoni bartaraf etish oʻrniga, kuzatuvchi boʻlib oʻtirishgani, bu borada aniq choralar koʻrishmayotgani jiddiy tanqid qilingan.

Ishga masʼuliyatsizlik bilan qaragani, xodimlarning majburiy mehnatga jalb qilinishiga yoʻl qoʻyib bergani uchun mamlakat xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash vaziri va Jizzax viloyati hokimi qatʼiy ogohlantirilgan.

Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hokimlariga nisbatan esa, hayfsan eʼlon qilingan.

Oʻzbekistondagi majburiy mehnat hollarini keng yoritib kelayotgan va kechagi videoselektorni bevosita kuzatishga muvaffaq boʻlgan xabar.uz internet nashri muxbiri Jamshid Niyozovning Toshkentdan BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha ham, "bu - tarixiy yigʻin boʻlgan".

Bunga oʻxshash tadbirni "jurnalist sifatida oʻzlari ham ilk bor yaqindan kuzatish va yoritishga imkonli boʻlishgan".

Majburiy mehnat hollariga chek qoʻyish yoʻlidagi vazifalarning ijrosiga endilikda mamlakat ommaviy-axborot vositalarining ham faol jalb etilishi aytilgan.

"Bundan buyon, agar, kimda-kim majburiy mehnatning har qanday koʻrinishiga yoʻl qoʻyadigan boʻlsa, ayniqsa, taʼlim, tibbiyot sohasi xodimlari va talabalarni obodonlashtirish va majburiy mehnatning boshqa koʻrinishlariga jalb qiladigan boʻlsa, soʻnggi bor ogohlantirilgan".

"Agar, bundan keyin yoʻl qoʻyiladigan boʻlsa, nafaqat lavozimidan chetlatish va yoki hayfsan berilishi bilan cheklanilmasligi, balki ish jinoiy javobgarlikkacha borishi haqida ham aytib oʻtildi", - deydi jurnalist.

Bundan buyogʻiga majburiy mehnat hollarining oldini olish uchun davlat tomonidan ajratilgan va ishsiz aholini jamoat ishlariga jalb etishga qaratilgan bir necha yuz milliard soʻmlik pullarning samarali ijrosiga jiddiy eʼtibor qaratilishi xosan urgʻulangan. Masʼullar tomonidan vaʼdalar berilgan.

Jurnalist suhbatdoshimizga koʻra, videoselektor yigʻinnning ruhi, unda yangragan tanqid, taklif va vaʼdalar Oʻzbekistonda ayni muammoning butkul barham topishi borasida shaxsan oʻzida ham umidbaxsh bir kayfiyatni paydo qilmay qoʻymagan.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq