Oʻzbekiston qayta Rossiyaning taʼsir doirasiga tushib qolishi mumkinmi?

Mirziyoyev va Putin Image copyright President.uz

Rasmiy Toshkentning soʻnggi yillarda Rossiya bilan energetika sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirish saʼy-harakatlari va rejalari tahlilchilar orasida xuddi shu kabi fikrlarni paydo qilmay qoʻymagan.

Suhbatni BBCUZBEK YouTube kanalida tinglang

Jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzining rasmiy nutqida kecha Buxoroda ishga tushgan "Qandim gazni qayta ishlash majmuasi Oʻzbekiston bilan Rossiya hamkorligining yorqin namunasi" ekanini qayd etgan.

Majmua Oʻzbekistonning "Oʻzbekneftgaz" va Rossiyaning "Lukoyl" kompaniyalari hamkorligida barpo etilgan.

Ushbu sanoat kompleksida yiliga 8.1 milliard kub metr gazning qayta ishlanishi aytilgan.

"Qandim majumasi qurilishi yakunlanishi munosabati bilan tarqatilgan rasmiy bildiruv"ga tayanib tarqatilgan ayrim xabarlarga koʻra, Rossiyaning "Lukoyl" shirkati 2010 yilgacha Oʻzbekiston hududida yiliga 16 milliard kubometr gazni qayta ishlashga erishishni rejalashtirmoqda.

Mamlakat rahbarining Buxorodagi tantanali ochilish marosimi chogʻida qilgan nutqi tafsilotlaridan maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston joriy yilda Rossiya bilan atom elektr stantsiyasi qurilishi boʻyicha kelishuvni imzolashga ham umid qilmoqda.

Oʻzbekistondagi podrobno.uz internet nashrining prezidentdan, deb iqtibos keltirishicha, "Putin bilan nimaiki imzolansa va nimagaki kelishilsa, u oʻz kuchida qoladi va alohida nazorat ostiga olinadi".

Aks-sado

Ayrim siyosiy tahlilchilarga koʻra, Rossiya Federatsiyasi Ukraina inqirozidan keyin oʻzining postsovet hududidagi siyosatini boshqa bir oʻzanga yoʻnaltirishga harakat qilayapti.

"Bu esa, imkonqadar bosimlar siyosatini cheklab, iqtisodiy bogʻliqlikni kuchaytirish", - deydi, jumladan, Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

"Energetik imperiya, degan loyihani, menimcha, Rossiya bugungi kunda yanada yuqoriroq bir darajaga koʻtarishga harakat qilayapti. Demakki, Rossiya Oʻzbekistondagi hokimiyat almashinuvini siyosiy bir fursat sifatida koʻrayapti".

Oʻzbekistonni chorak asrdan ortiqroq vaqt davomida boshqargan va hozirda marhum prezidenti Islom Karimov "Rossiyaga, umuman, Rossiyaning har qanday ishtirokiga judayam shubha bilan qarab kelgan.

Rossiya yetakchiligi ostidagi siyosiy-iqtisodiy tashkilot va bloklarga qoʻshilishga ham roʻyxushlik bermagan.

Marhum prezidenti davrida Oʻzbekiston hukumati yuritgan tashqi siyosat aksariyat xalqaro tahlilchilar tomonidan "beqaror" ekanlikda baho topib kelgan.

Image copyright President.uz

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Karimov vafoti ortidan, oʻtgan yil yanvar oyida rasman qudratga kelgan Oʻzbekistonning yangi prezidenti "Shavkat Mirziyoyev geosiyosiy emas, geoiqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga harakat qilayapti".

"U Rossiyadan judayam kuchli qoʻrqayotgani yoʻq. Yaʼni, Karimovga oʻxshab uning tafakkuri Rossiyaga nisbatan qoʻrquvlarga toʻyinmagan".

"Shavkat Mirziyoyevning tafakkuridagi yondashuv shundan iboratki, biz mahrum qilish orqali, yaʼni tashqi dunyodagi xavotirlarimizni aloqalar uzishga emas, aloqalarni balanslash orqali hamkorlikni davom etdirishga qaratamiz, degan bir mujda yoʻllanayapti".

Shavkat Mirziyoyev hali muvaqqat prezident ekan, Islom Karimov vafotidan bir hafta oʻtib, tashqi siyosatda Oʻzbekiston marhum rahbarining "kontseptsiyasiga sodiq qolishlari"ni bayon qilgan. Qoʻshilmaslik siyosatini davom etdirishga vaʼda bergan.

Rossiya bilan har ikki mamlakat manfaatlariga javob beruvchi va mintaqa xavfsizligiga xizmat qiluvchi ikki tomonlama shartnoma va kelishuvlar asosida oʻzaro aloqalarini izchillik bilan taraqqiy toptirish va mustahkamlash tashqi siyosatlaridagi muhim qirralardan biri boʻlib qolaverishini urgʻulagan.

Lekin, oʻz oʻrnida, Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlisida qilgan oʻsha paytdagi chiqishidan AQSh bilan har tomonlama manfaatli va konstruktiv hamkorlik masalasi ham Oʻzbekiston tashqi siyosatida muhim ahamiyat kasb etib qolaverishi maʼlum boʻlgan.

"Oʻylaymanki, Oʻzbekiston bir tarkibli davlat. Oʻzbekiston, agar, Rossiyadan uzoqlashishni xohlasa, buni amalga oshirishi hech qachon qiyin boʻlmaydi, keyinchalik ham...", - deydi suhbatimiz yakunida tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Rossiya dunyoning eng katta sondagi Oʻzbekiston fuqarolari mehnat muhojirligida band davlati boʻladi.

Birgina rasmiy raqamlarda Rossiyadagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarining soni bir milliondan ortishi aytiladi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq