Oʻzbekiston-Rossiya: yangi sanktsiyalarning rubl, soʻm, migrantlar - iqtisodga taʼsiri qanday boʻladi?

Mirziyoyev Image copyright AFP

Mintaqaviy iqtisodiy tahlilchilarga koʻra, Rossiyaga qarshi Gʻarb yangi sanktsiyalaridan qolgan Markaziy Osiyo davlatlariniki kabi Oʻzbekiston iqtisodi ham foyda va ham ziyon koʻradi.

Suhbatni BBCUZBEK kanalida tinglang

Ularning aytishlaricha, "sharqiy va gʻarbiy hamkorlari"dan mosuvo qolgan va qolajak Rossiya eski "yangilari" ilinjida qayta Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyoga koʻz tikadi.

Bu esa, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar: savdo aylanmasi va import-eksport hajmining yanada ortishiga olib keladi.

Oʻzbekiston Rossiya bilan savdo aylanmasining koʻlami boʻyicha bugun eng peshqadam toʻrtta sobiq Shoʻro davlatidan bittasi ekani aytiladi.

Agar, ayrim imkonli boʻlgan maʼlumotlarga tayanilsa, joriy yilning birgina yanvar-fevral oylarida bu ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro savdo aylanmasi koʻlami 50 foizdan ortiqroqqa koʻtarilgan.

Rossiyadan Oʻzbekistonga investitsiyalar miqdori 8.5 milliard dollardan ortgan.

Bularning barchasi Rossiya avval Ukraina inqirozi, soʻngra Suriya urushidagi "ishtiroki" sabab, soʻnggi 4-5 yil ichida shundoq ham ustma-ust Gʻarb sanktsiyalari ostida qolib kelayotgan bir manzarada kuzatilgan.

Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yil aprel oyida Moskvaga qilgan davlat tashrifi chogʻida ham tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar rivoji yuqori ekanidan xushnud ekanliklarini izhor etishgan.

"Shuni taʼkidlash lozimki, umuman biz savdo aylanmamizni yuqori darajada ushlab turibmiz, baʼzi pozitsiyalar boʻyicha esa hayratlanarli darajada oʻsayapti", deb aytgan Prezident Putin.

"Hatto 260 foiz ham bor", deya qoʻshimcha qilgan Prezident Mirziyoyev.

Rossiya rahbari soʻzlariga koʻra, Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo oʻsishi, ayniqsa, yengil sanoat va qishloq xoʻjaligida koʻproq kuzatilgan.

Rossiya bozorlariga Oʻzbekiston mahsulotlarini yetkazish ikki baravar ortgani qayd etilgan.

Yangi sanktsiyalar

Rasmiy Moskvaning AQSh saylovlariga "aralashuvi" va Suriya nizosi yuzasidan dunyoning ikki yadroviy qudrati oʻrtasida kuchayib borayotgan tanglik esa, shu oy boshida Amerika Moliya vazirligining Rossiyaga qarshi yangi iqtisodiy sanktsiyalari bilan yakun topgan.

Vazirlikning yangi jazo choralari qirqqa yaqin rossiyalik biznesmen, hukumat vazirlari, davlat amaldorlari va shirkatlarni koʻzda tutgan.

Ularning orasida Oleg Deripaska, Viktor Vekselberg, Suleyman Kerimov kabi rossiyalik taniqli milliarderlar, Rossiyaning "Gazprom" shirkati rahbari Aleksey Millerning ham borligi aytilgan.

Yangi sanktsiyalar doirasida ularning Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi hisoblari muzlatilishi, Amerika shirkatlari va fuqarolarining ular bilan ish olib borishlari taqiqlanishi maʼlum qilingan.

Britaniya ommaviy-axborot vositalari Amerikaning Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalari samarali ekanini urgʻulashgan, soʻnggi jazo choralari Rossiya iqtisodiga avvalgilariga qaraganda jiddiy ziyon yetkazishini taʼkidlashgan.

Orada kechgan vaqt davomida, amaldagi sanktsiyalar sabab, Rossiya iqtisodining deyarli boʻhroniy vaziyatga yuz tutgani, milliy pul birligi rublning keskin qadrsizlangani kuzatilgan, buning ikkilamchi oqibatlari Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodida ham sezilgan.

Mintaqa mamlakatlari milliy pul birliklari ham qimmatini yoʻqota boshlagan, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining qiymati bir necha barobariga ortgan.

Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekistondan ham Rossiyaga migratsiya oqimi sezilarli pasaygan, ular ortga yuborayotgan va mintaqa davlatlari hukumatlari uchun, yillarki, ijtimoiy muhofaza kamari vazifasini bajarib kelayotgan pullarning miqdori jiddiy kamaygan.

Mavjud vaziyat ayrim tahlilchi va kuzatuvchilarning "ijtimoiy portlash" ehtimoli borasidagi xavotirlariga ham sabab boʻlmay qolmagan.

Soʻnggi yillarda mazkur holat bilan bogʻliq vaziyat yana biroz ijobiy tomonga qarab oʻzgarishni boshlagan, ammo mintaqaviy iqtisodiy tahlilchilarga koʻra, Amerikaning yangi iqtisodiy sanktsiyalarining bilvosita taʼsiridan qayta ziyon chekishi mumkin boʻlgan qatlam aynan mehnat muhojirlari boʻlishadi.

Yangi sanktsiyalardan Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodi koʻrishi mumkin boʻlgan ziyon ham eng avvalo ana shunda namoyon boʻladi.

Ammo, Qozogʻistondan iqtisodiy tahlilchi suhbatdoshimiz Saparboy Jubayevga koʻra, soʻnggi yillardagi "tajriba" Rossiyaning oʻziga toʻq, sanktsiyalar ostida yopiq iqtisodiyotni ham rivojlantira oladigan va olayotgan katta iqtisodiyot ekanini koʻrsatgan.

Birgina rasmiy raqamlarda bugun Rossiyada mehnat muhojirligida band Oʻzbekiston fuqarolarining soni bir milliondan ortishi aytiladi.

Ular ortga yuborayotgan milliardlab dollar mablagʻlar esa, yillarki, qolgan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari misolida boʻlgani kabi, Oʻzbekiston hukumati uchun ham "ijtimoiy muhofaza kamari" vazifasini bajarib kelgan, bu mamlakatlar iqtisodini tutib, harakatlantirib turgan asosiy manbalardan biri boʻlgan.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq