Fakt-cheking: Yolgʻon suratlar bilan sharmanda boʻlgan telekanallar

Image copyright Getty Images

1. Duma shahridagi kimyoviy xuruj va 2016 yilgi hujjatli film

Yaqinda "Dojd" telekanali Birinchi kanal va "Rossiya 1" tomonidan efirga uzatilgan Suriya shahri Dumada sodir boʻlgan ehtimoliy kimyoviy xurujni aks ettiruvchi lavhalarda 2016 yilda ishlangan badiiy film parchalaridan foydalanilganligini aniqladi.

Hukumatga qarashli ushbu ikki telekanal dam olish kuni efirga uzatilgan yangiliklar dasturi davomida kamera oldida choʻkkalab turgan ikki erkak va ular ortidagi gilamda yotgan jonsiz tanalar tasvirlangan suratni namoyish qilgan. Dastur jurnalistlari ushbu surat Duma shahrida yuz bergani taxmin qilinayotgan kimyoviy xuruj, aslida, sahnalashtirilgan ekanligini isbotlashini taʼkidlaganlar.

Keyinroq "Dojd" telekanali ushbu kadrlar aslida 2016 yili Global Times nashri tomonidan eʼlon qilinganini aniqlashga muvaffaq boʻlgan. Suratlarda 2013 yil Suriyaning Gʻuta hududida amalga oshirilgan kimyoviy hujumga bagʻishlangan hujjatli filmni suratga olish jarayonlari tasvirlangani maʼlum boʻlgan. Film 2016 yil sentyabr oyida suratga olingan.

7 aprel kuni amalga oshirilgani iddao qilinayotgan Dumadagi kimyoviy hujum oqibatlari tasvirga tushirilgan video yozuv Suriyadagi "Oq kaskalar" nomli koʻngillilar tashkiloti tomonidan eʼlon qilinib, koʻplab bahslarga sabab boʻlgan edi. Ushbu video yozuvning haqiqiyligi borasida muhokamalar hanuz davom etmoqda.

2. Pokemonlarni ovlash va Kaliforniyadagi namoyishlar

Rossiyaning Birinchi kanali oʻz video syujetlarida yolgʻon suratlardan foydalanishi bilan bir necha bor tanqidga uchragan.

Image copyright Tv.ru

2016 yil iyul oyida telekanal tomonidan namoyish etilgan koʻrsatuvlardan birida Pokemon GO video oʻyini oqibatida yuzaga kelgan tartibsizliklar haqida hikoya qilinadi. Boshlovchi koʻrsatuv davomida oʻyinga berilib ketgan odamlar toʻdasi yoʻl harakatini toʻsib qoʻygani muhrlangan video yozuvlarga ishora qiladi.

"Ushbu videoda pokemon ovchilari harakat qaynab yotgan yoʻlga toʻdalanib chiqib ketayotganini koʻrishingiz mumkin. Mashinalar toʻxtashga zoʻrgʻa ulgurmoqda", izohlaydi jurnalist.

Biroq ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari video pokemonlarga hech qanday aloqador emasligini payqab qoldilar - video yozuv qora tanlilarning politsiya tomonidan oʻldirilishiga qarshi koʻchaga chiqqan kaliforniyaliklar namoyishini oʻzida aks ettirgan edi.

3. Moskvadagi namoyishlar va Yunonistondagi tartibsizliklar

2011 yil dekabr oyida Amerikaning Fox News telekanali Davlat Dumasiga saylovlar jarayonida yoʻl qoʻyilgan qonunbuzarliklardan norozilik bildirib Moskva koʻchalariga chiqqan namoyishchilar toʻgʻrisida lavhani efirga uzatadi.

Namoyish etilgan videoda sinib yotgan vitrinalar, yerda yotgan odamlar, yonuvchi modda toʻldirilgan shishalarning politsiya tomon otilishini koʻrish mumkin edi. Biroq Rossiya ommaviy axborot vositalari shu zahoti ushbu lavhaning gʻalati ekanligini payqadilar: unda xorijiy tildagi yozuvlar koʻzga tashlanar, odamlar yozgi kiyimda va, hattoki, palma daraxtlarini koʻrish mumkin edi.

Hech qancha vaqt oʻtmay Russia Today telekanali ushbu video 2011 yil 6 dekabr kuni Afinadagi tartibsizliklar davomida suratga olinganini aniqladi.

Natijada Fox News telekanalining yangiliklar xizmati vitse-prezidenti Jon Stek xatolik yuz berganini tan oldi va lavha telekanal saytidan olib tashlandi. Rahbariyat esa kelajakda bunday anglashilmovchiliklarga yoʻl qoʻyilmasligi haqida soʻz berdi.

4. "Hezbolla" oʻqchisi va kompyuter oʻyini

2016 yil fevral oyida Eron davlat televideniyesi Livanda joylashgan "Hezbolla" guruhi snayperi tomonidan ikki daqiqa ichida Islomiy Davlatning olti nafar jangarisi otib oʻldirilganligi tasvirlangan video lavhani namoyish qildi.

Tez orada France 24 telekanali ushbu lavhani sinchiklab oʻrganib chiqib, u mashhur kompyuter oʻyinlaridan biri boʻlmish Medal of Honor'dan olinganligini aniqlaydi. Oʻyindagi snayper bilan bogʻliq sahna Afgʻonistonda boʻlib oʻtadi. Eron televideniyesi namoyish qilgan lavhada geymer tomonidan dushmanning boshiga oʻq uzilgan payti ekranda paydo boʻladigan maxsus belgini yaqqol koʻrish mumkin.

5. Damashq manzarasi va yana bir kompyuter oʻyini

2013 yil fevralida kompyuter oʻyinidagi lavha bilan bogʻliq anglashilmovchilik Daniyaning TV2 telekanali bilan ham sodir boʻldi. Suriyadagi voqealar haqida hikoya qilayotgan boshlovchi ortidagi Damashq shahri manzarasi koʻplab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini oʻziga tortdi.

Keyinroq maʼlum boʻlishicha, ushbu surat 2007 yili taqdim etilgan Assassins Creed kompyuter oʻyinidan olingan ekan. Mazkur oʻyinning ilk qismlari voqealari Damashq va Yaqin Sharqning boshqa shaharlarida boʻlib oʻtadi.

Shundan soʻng TV2 rahbariyati tomoshabinlardan kechirim soʻrashga majbur boʻldi. Telekanal oʻzining bayonotida ushbu holat "har bir surat kelib chiqishini diqqat bilan tekshirish zarurligini hammamizga yana bir eslatishi"ni maʼlum qildi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq