Bobomurod Abdullayev DXX hibsxonasidan Prezident Mirziyoyevga murojaat yoʻlladi

Bobomurod Abdullayev Image copyright Facebook

Usmon Haqnazarov nomi ostida maqolalar yozgan va ayni damda davlatni agʻdarishda ayblanib mahkamasi davom etayotgan Bobomurod Abdullayev advokati orqali Shavkat Mirziyoyevga murojaat yoʻlladi. Maktubda u oʻzini tergov qilgan MXX xodimlari Shavkat Mirziyoyev siyosatiga qarshi ekanligini taʼkidlagan.

Maktub Ollohning nomi va unga hamd oʻqish bilan boshlanadi.

Jurnalist shu kungacha tirik qolayotgani uchun xursand ekanligini aytgan. Tirik qolishida avvalo, Xudo va soʻngra Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekistonda olib borayotgan islohotlari sabab ekanligini taʼkidlagan.

"Ochigʻni aytaman: agar men Islom Karimov davrida qoʻlga olinganimda na MXX yertoʻlasidan na tergovdan tirik yoki sogʻ chiqishim dargumon edi. Karimov davrida menga oʻxshaganlarni yertoʻlada oʻldirib, asfalt yoʻlning tagiga koʻmib yuborish yoki mayib-majruh qilish urfga kirgan edi", deyiladi unda.

Bobomurod Abdullayev MXX xodimlarini yomon koʻrishini aytgan. Biroq shunga qaramasdan MXX xodimlaridan uch nafari Majid, Qobil, Elmurod ismli shaxslar uni qiynoqqa solishganini bildirgan. Boshqa tergovchilar esa uning oilasi va yaqinlarini oʻldirib yuborish bilan tahdid qilgan va jurnalistning shaʼniga haqoratli soʻzlarni aytgan.

Image copyright B. Abdulla
Image caption Qoʻlda yozilgan maktub 35 varaqdan iborat

"MXXning mana shu xodimlari bilan yuzma-yuz kelganimda ular Oʻzbekistonda Sizning tashabbusingiz bilan boshlangan erkinlashtirish siyosatiga tish-tirnoqlari bilan qarshi ekanliklarini oʻz koʻzim bilan koʻrdim hamda shu holat haqida 2017 yilda yozgan maqolalarim ("Usmon Haqnazarov" taxallusi ostida yozgan maqolalarim) toʻgʻri ekanligiga yana bir bor amin boʻldim", deydi Bobomurod Abdullayev.

U tergovchi Aleksandr Veselov xonasida sobiq SSSR NKVDsi rahbarlaridan biri Feliks Dzerjinskiyning surati va "qizil chekist"ga tegishli ibora tushirilgan taqvim osilib turganiga guvoh boʻlganini yozgan.

(Ogohlantirish: Uchinchi manba materialida reklama boʻlishi mumkin)

"Axir, butun Ittifoq boʻylab, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham bolshevik bosqinchilarga qarshi kurashgan ulamoyu fidoiylarni, boyu kambagʻallarni qatagʻon qilish ishlarning boshida Dzerjinskiy turgan emasmidi", deya savol beradi jurnalist.

Bobomurod Abdullayev uni tergov qilgan MXX xodimlari Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlarga qarshi ekanligiga guvoh boʻlganini aytgan.

"Xususan, Volodya, Oʻlmas, Qobil, Elmurod va Majid menga: "Sen yoqtirgan prezidentingning liberal siyosati Oʻzbekistonni xaos va tartibsizliklarga olib keladi", deyishdan charchamadilar", deb yozgan u.

Jurnalist MXX hibsxonasida oʻtgan oylari davomida xafvsizlik xizmati xodimlarining oʻz ishiga noprofessional yondashganiga guvoh boʻlganini taʼkidlagan.

U MXX tergovchilari xorijda yurgan bir guruh jurnalist va muxolifat faollariga nisbatan toʻqima koʻrsatmalar yozdirib olganini aytgan.

Bobomurod Abdullayev MXX tomonidan unga nisbatan qoʻyilgan "Konstitutsion tuzumni agʻdarish uchun til biriktirish" aybini toʻqima ekanligini aytgan.

Ish davomida tergovchilar tomonidan yoʻl qoʻyilgan bir necha mantiqsiz holatlar va xatolarni keltirib oʻtgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Bobomurod Abdullayev ayblanayotgan "Oʻrim" loyihasini MXX yozganmi?

"Xususan, ustimdan qoʻzgʻatilgan jinoiy ish materiallari ichida toʻrtta qalbaki va ikki shubhali hujjat bor", deydi Bobomurod Abdullayev.

"Jatva" ("Oʻrim") loyihasi men MXX hibsxonasidaligimda yozilgan, deb taʼkidlaydi jurnalist.

- Ha, ushbu loyiha aynan men MXXning tergov hibsxonasida oʻtirgan paytimda, aniqrogʻi, 2017 yil 14 oktyabrda "JTV-polniy" degan fayl shaklida yaratilganligi sudga taqdim qilingan elektron axborot disklaridan birida aks etgan.

Bobomurod Abdullayev Usmon Haqnazarov nomi ostida tergov materiallarida koʻrsatilganidek, 2012 yildan boshlab emas, balki 2003 yil yanvaridan yoza boshlaganini aytgan.

U, shuningdek, Usmon Haqnazarov nomi ostida yozilgan barcha maqolalar unga tegishli emasligini aytgan.

Jumladan, Oʻzbekiston Xalq Harakati saytida Usmon Haqnazarov nomi ostida yozilgan 7 maqola unga tegishli emasligini koʻrsatgan.

"Bunday soxta "Usmon Haqnazarov"larga qarshi men hech qachon raddiya bildirmaganman. Chunki shunday raddiyalar mening shaxsimni fosh qilib qoʻyishi mumkin edi. Bundan tashqari, men "Usmon Haqnazarov" taxallusini hech qachon qattiq qizgʻanmaganman", degan u.

Jurnalist Bobomurod Abdullayev Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, uning ustidan qoʻzgʻatilgan jinoiy ishda adolatli hukm chiqarilishiga umid berganini aytgan.

"Yurtimizda tashabbusingiz bilan shunday ezgu ishlar amalga oshirilayotgan ekan, ustimdan qoʻzgʻatilgan jinoiy ish sudda odilona koʻriladi va menga nisbatan odil hukm chiqariladi, deb umid qilaman".

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq