"Tolibon Tojikiston bilan chegarasiga aksariyati Markaziy osiyolik 7 ming jangarisini tashladi"

Tojikiston Image copyright EPA

Bunday bayonot bilan Tojikiston Davlat Milliy Xavfsizlik qoʻmitasi chegara qoʻshinlarining qoʻmondoni chiqqan.

Rajabali Rahmonning bayon qilishicha, "6825 nafar Tolibon jangarisi Afgʻoniston janubidan shimoliga tashlangan. Ular hozir harakatning Balx, Qunduz, Taxor va Badaxshon viloyatidagi 29 tayyorgarlik jamlogʻiga kelib oʻrnashishgan".

Tojikiston qoʻmondoniga koʻra, bu jangarilarning aksariyati Markaziy Osiyo fuqarolari boʻlishadi.

Tojikiston tomonining bayonoti Afgʻoniston Tolibon harakatining bu yilgi bahorgi amaliyotini eʼlon qilishidan hafta oʻtmay yangragan.

Ammo tojik tomoni keltirayotgan raqamlarga hozircha na-da rasmiy Kobul va na-da Tolibon harakati oʻz munosabatlarini bildirishgan.

BBC Afgʻon Xizmati muharriri Dovud Aʼzamiyning aytishicha esa, "rasmiy bayonotdagi maʼlumotlarning qanchalik aniq va mufassal keltirilgani"ning oʻziyoq soʻnggi yangilikka anchayin ishonqiramay qaralishiga zamin yaratgan.

Rajabali Rahmon oʻz chiqishida manbalarini rasman ochiqlamagan.

Oʻzaro chegara

Tojikiston Afgʻoniston bilan qariyb 1400 kilometrga uzangan oʻzaro chegaraga ega.

Katta sondagi Gʻarb boshchiligidagi ittifoq qoʻshinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan, butun Afgʻoniston boʻylab xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jiddiy izdan chiqqan.

Soʻnggi yillarda Afgʻonistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarida toliblardan tashqari IShID jangarilarining ham faollashayotganiga oid koʻplab xabarlar olingan.

2015 yilda Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga toʻligʻicha bayʼat keltirgani va orada saflari parchalanib ketgani aytilgan Oʻzbekiston Islomiy harakati jangarilarining ham hududga qayta kelib oʻrnashishayotgani kuzatilgan.

Xuddi oʻsha yili "Islomiy Jihod Ittifoqi" guruhi Afgʻonistonning "Tojikistonga chegaradosh koʻplab hududlarini nazorat qilayotganliklari"ni iddao qilgan.

"Mahalliy xalq orasida koʻplab "tarafdorlari va muxlislari bor"ligi, "Amudaryo sohillarida bemalol harakat qilishayotgani"ni aytgan.

Guruh chegaraning "zaif nuqtalarini oʻrganayotgani va maʼlumot toʻplayotgani"ni ham daʼvo qilgan, ammo keyingi rejalari haqida biror bir maʼlumot bermagandi.

"Islomiy Jihod Ittifoqi" guruhiga 2002 yilda Oʻzbekiston Islomiy Harakati saflaridan ajralib chiqqan jangarilar tomonidan Pokistonda asos solingan.

Xalqaro harbiy tahlilchilarning ishonishlaricha, guruh shu paytgacha Oʻzbekiston Islomiy harakatidan mustaqil faoliyat olib borishga harakat qilib keladi.

Image copyright courtesy

Tolibon Afgʻonistonda IShID bilan hamkorlikda uyushtirgan eng yirik muvofiqlashtirilgan hujumlar, tuzumi agʻdarilgan 2001 yildan buyon qoʻlga kiritgan eng yirik yutuqlari ham ayni shu hududlar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Afgʻonistonning aynan Tojikistonga bevosita chegaradosh viloyatlari shu yillar ichida Tolibon harakati bahorgi amaliyotlarining ilk nishoniga aylanib kelgan.

Rasmiy Dushanbe bu kabi vaziyatdan oʻz xavotirlarini takroriy ravishda izhor etib kelayotgan, Afgʻoniston bilan chegarasida mamlakat mustaqilligi tarixida kuzatilmagan bir darajada xavfsizlik choralariga qoʻl urganiga qaramay, hech qachon bu kabi keskin bayonot bilan chiqmagan.

Rossiya tomonining soʻnggi yillarda bu xususda izhor etib kelayotgan ayni shu mazmundagi bayonotlariga esa, oʻzining rasman va oshkora munosabatini bildirmagan.

Bayonot va anjuman

Rajabali Rahmonning bayonoti bugun Dushanbeda rasman ish boshlagan hamda "Terrorchilik va zoʻravon ekstremizmga qarshi kurash" masalalariga bagʻishlangan yirik xalqaro anjuman arafasida kuzatilgan.

Bu anjumanda Oʻzbekistonniki doxil dunyoning ellikka yaqin davlatlari vakillari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti hayʼatlarining ham hozirliklari aytiladi.

Dushanbedan mustaqil jurnalist Iskandar Firuz ham nega Tojikiston bu kabi tadbirga mezbonlik qilayotgani sababini tojik hukumatining Afgʻonistondagi vaziyatga oid xavotirlari bilan bogʻlaydi.

"Tojikiston chegara qoʻshinlari qoʻmondoni ham oʻz bayonoti manzarasida bu xavf butun mintaqa uchun umumiy ekanini taʼkidladi. Terrorchilik hujumlarining oldini olish uchun muvofilashtirilgan amallar lozimligini urgʻuladi".

"Menimcha, anjumanga yigʻilgan ekspertlar ana shu hamkorlik yoʻllarini ishlab chiqishadi. Rajabali Rahmonning soʻzlaridan ayon boʻlishicha, bu eng avvalo josuslik maʼlumotlarini ayirboshlashni koʻzda tutadi", - deydi u.

Jurnalistga koʻra, oʻtgan oy Tojikiston Davlat Milliy Qoʻmitasi rahbari va Mudofaa vaziri Toshkentga safar qilishgan, Oʻzbekiston tomoni bilan har ikki davlat poligonlarida qoʻshma harbiy mashqlar oʻtkazishga ham kelishib olishgan.

Tojikiston soʻnggi yillarda Afgʻoniston bilan oʻzaro chegaradosh janubiy mintaqalarida yakka oʻzi, Rossiya, Xitoy bilan hamkorlikda, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida ustma-ust harbiy-oʻquv mashgʻulotlariga zoʻr berayotgan yagona Markaziy Osiyo davlati boʻladi.

Image copyright video

Chegaradagi vaziyat

Iskandar Firuzning aytishicha, Tojikistonning Afgʻoniston bilan chegarasi hanuz kuchaytirilgan tartibda qoʻriqlanmoqda.

Ikkinchi himoya chizigʻiga Rossiyaning Tojikistonda joylashgan 201-oʻqchi boʻlinmasi harbiylari ham jalb qilinishgan.

"Hozir oʻzaro chegarada vaziyat shundayki, deyarli har kuni tojikistonlik chegarachilar Afgʻonistondan noqonuniy ravishda giyohvand moddalar olib oʻtmoqchi boʻlgan kontrabandachilar bilan toʻqnashishadi. Tojikistonlik rasmiylarga koʻra, bu jangarilarning pulga ehtiyojmand ekanliklari, narkotraffik esa, ularning asosiy daromad manbalari ekaniga dalolat qiladi", - deydi suhbatdoshimiz.

Ammo, taʼkidlash joiz, aksariyat hududlari uzoq yillardan buyon qurolli nizolar ichida qolayotgan Afgʻonistonga bevosita chegaradosh esa-da, toliblarning biror bir Markaziy Osiyo davlatiga toʻgʻridan-toʻgʻri xuruji kuzatilmagan.

Rossiyaning soʻnggi yillarda, ayniqsa, Afgʻoniston shimoli-sharqidagi vaziyat bilan bogʻliq ustma-ust yangrab kelayotgan xavotirlarini mintaqaviy tahlilchilar rasmiy Kremlning kuchayib borayotgan imperiyachilik ambitsiyalari bilan izohlab kelishadi.

Image copyright RIA NOVOSTI

BBC Oʻzbek Xizmati soʻnggi yangilikka munosabatini bilish uchun Londondan harbiy masalalar boʻyicha faxriy tahlilchi Pol Rojersga murojaat qildi:

Pol Rojers: Masala shundaki, biz bu raqamlarning qanchayin rost ekanini aniq bilmaymiz. Chunki Tolibon, odatda, bir mintaqaga buncha katta sondagi jangarisini safarbar qilmaydi. Ayniqsa, AQSh Tolibon mavqeʼlariga qarshi oʻz reydlarini kuchaytirgan bir manzarada. Boshqa tomondan, biz, Tolibon taʼbirida, bu yilgi jang mavsumi arafasida turibmiz. Ustiga ustak, Afgʻonistonning boshqa qismida koʻknori ham pishib yetilgan. Jang qilishlari mumkin boʻlgan katta sondagi odamlarning qoʻllari boʻshagan. Tolibon soʻnggi ikki yil ichida muayyan yutuqlarga erishayotgani bor gap. Hozir Afgʻonistonning katta qismi bevosita yoki bilvosita toliblarning nazorati ostida. Shaharlar bundan istisno, albatta. Agar, tojik tomoni keltirayotgan raqamlar rost boʻlsa, bu toliblarning biz kutgandan koʻra kattaroq hududlarga yoyilganiga dalolat qiladi. Tolibon bundan avval kuchli boʻlmagan mintaqalarda kuchlarini toʻplashga muvaffaq boʻlganini anglatadi. Raqamlar masalasida ehtiyotkorlikni unutmagan holda shuni aytishimiz mumkinki, agar, ular haqiqatga yaqin boʻlsa, Afgʻonistonda bizni oldinda muhim jang mavsumi kutmoqda.

BBC: Bu raqamlar bugun Tojikiston poytaxti Dushanbeda rasman ish boshlagan hamda "Terrorchilik va zoʻravon ekstremizmga qarshi kurash" masalalariga bagʻishlangan yirik xalqaro anjuman arafasida eʼlon qilindi. Sizningcha, bu bir tasodifmi yoki?...

Pol Rojers: Bu raqamlar ayni shu anjuman munosabati bilan ham eʼlon qilingan boʻlishi mumkin. Ammo, yana bir bor takrorlayman, joriy paytda bu masalada qatʼiy ishonch bilan bir narsa deb boʻlmaydi. Shundoq ham Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jiddiy xavotirlarga sabab boʻlib keladi. Hozir koʻpchilikning eʼtiborini Afgʻonistonda IShIDga aloqador guruhlarning bosh koʻtarayotgani voqeʼligi tortgan. Bunga yaqinda poytaxt Kobul va uning atrofida yuz bergan hujumlar misol. Agar, bunga toliblarning "Afgʻoniston shimoli va shimoli-sharqiga yoyilgani" ehtimoli qoʻshiladigan boʻlsa, bularning barchasi oldinda afgʻon hukumatini ogʻir kunlar kutayotganiga dalolat qiladi. Toliblarning bu yaqin-orada muzokaralar davrasiga qaytishlari istiqboli esa, joriy pallada ehtimoldan uzoq koʻrinadi.

BBC: Agar, voqealar shu tusda rivoj topadigan boʻlsa, bu - Rossiya doxil, Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizligi uchun nimani anglatadi?

Pol Rojers: Jihod ilinjida ayrim Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining Tolibon va hatto, IShID bilan yaqindan aloqada ekanliklariga oid xavotirlar hamisha boʻlib kelgan. Ammo bu xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat soʻzsiz izdan chiqadi, deyishga asos boʻla olmaydi. Ammo, muammo shundaki, agar, Tojikiston tomoni keltirgan raqamlar rost boʻlsa, bu - Tolibonning koʻpchilik kutganidan koʻra kattaroq qudratga ega ekaniga dalolat qiladi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq