"Oʻzbekiston qamoqxonalarida jurnalist qolmadi"mi?

Facebook Image copyright Facebook
Image caption Navoiyshunos olim Akrom Malik internetda "Abdulloh Nusrat" taxallusi bilan tanqidiy maqolalar chop etib kelgan

AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish Qoʻmitasi (CPJ)ga koʻra, Oʻzbekiston qamoqdagi eng soʻnggi jurnalistlarni ozodlikka chiqargan.

CPJ Bobomurod Abdullayev va Hayot Nasriddinovlarning ozod etilishini olqishlagan.

Tashkilot endilikda mamlakat "matbuoti hibsdan ozod etgan ekan, hukumat jurnalistlarning mustaqil va erkin faoliyat olib borishlari uchun zarur qadamlarni qoʻyishi kerak", deb aytgan.

Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblangan va Oʻzbekiston jinoiy qonunchiligiga binoan 20 yilgacha qamoq jazosiga yuz tutgan jurnalistlar Bobomurod Abdullayev va Hayot Nasriddinovlar 7 may kuni Toshkent shahar sudi zalidan ozodlika chiqarilgan.

CPJ Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon 7 nafar jurnalistning qamoqdan ozod etilganini urgʻulagan.

Tashkilot bayonotida aytiliishicha, "Bobomurod Abdullayev va Hayot Nasriddinov Oʻzbekistonning qamoqdagi eng oxirgi jurnalistlaridir".

Ammo mahalliy faollarga koʻra, bu maʼlumot unchalik toʻgʻri emas. Yana bir jurnalist - Akrom Malik 2016 yil 22 iyulida MXX tomonidan hibsga olinib, 6 oy sudsiz, hukmsiz ushlab turilgan.

Akrom Malik 2017 yilning 13 yanvar kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi 3- qismining "A" va "B" bandlari, 244 "1" moddasi 3-qismining "A, "V", "G", 244 "2" moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Sud hukmi shunday soʻzlar bilan boshlanadi: "Akrom Malikov Oʻzbekiston Respublikasida taʼqiqlangan "Oʻzbekiston xalq Harakati" lideri Muhammad Solih bilan amaldagi konstitutsion tuzumni kuch bilan oʻzgartirishga, hokimiyatni bosib olishga ochiq oydin daʼvat qilish, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan matreallarni tarqatish..." bilan mashgʻul boʻlgan deyiladi.

Akrom Malik internetda "Abdulloh Nusrat" taxallusi bilan amaldagi tuzumni agʻdarishga chaqiruvchi maqolalar chop etib kelgani aytilgan. 2018 yil yanvarida Kassatsion sud Akrom Malik ustidan chiqarilgan hukmni oʻz kuchida qoldirgan. Oʻtgan oy Akrom Malik Navoiydagi 64/29-sonli qamoqxonadagi hodisa sabab koʻzi koʻrmay qolgani xabar qilingan.

Image copyright Reuters Staff
Image caption CPJ Bobomurod Abdullayev va Hayot Nasriddinovlarning ozod etilishini olqishlagan

Ammo yaqinlari bu xabarni rad etganlar.

Huquq faollariga koʻra, yaqinlari qoʻrqitilgan.

Akrom Malik taqdirini yaqindan oʻrgangan jurnalist va huquq faoli Malohat Eshonqulovaga koʻra, Akrom eng avvalo yosh navoiyshunos olim va katta iqtidor egasi.

Akrom Malikov 2017 yilning 13 yanvar kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi 3- qismining "A" va "B" bandlari, 244 "1" moddasi 3-qismining "A, "V", "G", 244 "2" moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topilgan.

"Shunday bir shaxsni bor yoʻgʻi Muhammad Solih sheriyatiga shaydo boʻlganligi sababligina turli uydirmalar bilan 6 yliga ozodlikdan mahrum etishdi. Qizigʻi shundaki, Akromga oid sud hukmi yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudida roppa rosa 1 yilu bir oy oʻtgach, 2018 yilning 23 fevral kuni kasassiya shikoyati koʻrib chiqildi. Afsus, dastlabki sud humki oʻzgarishsiz qoldirildi. Vaholanki, Akrom Malik barcha tengqurlariga oʻrnak boʻladigan yosh olim edi. Shu sabab ham keyingi yillar davomida Akrom Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining ekranidan tushmasdan kelardi. U yozgan sheʼrlar, maqola va hikoyalar, Navoiy ijodiga oid ilmiy risolalarining oʻzi katta bir alohida mavzu. Akrom Malikov internet sahifalarida Abdulloh Nusrat taxallusi ostida yozilgan dolzarb maqolalari orqali tanilgan edi", - deydi Malohat Eshonqulova.

Qamoqdan maktub

Malohat Eshonqulovaning aytishicha, 2018 yilning 20 aprel kuni oʻzini Akrom Malikning "eng yaqin qarindoshlaridan biriman" deb tanishtirgan shaxs unga "Akrom Malikning koʻziga ohak kirib ketib, koʻzlari koʻrmay qolibdi" degan tashvishli xabarni yetkazgan.

"Men Surxondaryo safarida boʻlganligim sababli bu mavzuni oʻsha kuniyoq yorita olmadim. Safardan qaytgach, Akromning yaqinlaridan biri takror tashvishli qoʻngʻiroq qilarkan, yosh olimning koʻzlari koʻrmay qolganidan yana ogohlantirdi. Tabiiyki, men ushbu manbaga tayangan holda yosh Navoiyshunos olimning taqdiridan tashvishlanib xabar tarqatdim.

Men 2 marotaba Piskentda, Akrom ulgʻaygan xonadonda boʻlganman.

Ota-onasidan oʻzimga kerakli maʼluomtlarni ololmaganligim sababli ham bu safar Piskentga emas, Boʻka tumaniga, Akromning 80 yoshli buvisi Oqxolmomo istiqomat qilayotgan Ravot mahallasiga yoʻl oldim.

Bilasiz, qishloqda begona kishini darrov ajratib olishadi.

Image copyright Courtesy

Kimdir Akromning otasiga bizning tashrifimiz haqida xabar beribdi va zudlik bilan yetib kelgan Akromning otasi menga Oqholmomo bilan gaplashishimizga izn bermadi....

Men hamrohim, huquqbon Aaʼzam Turgʻunov bilan umidsiz boʻlib qaytishni istamaganligimiz uchun ham yoʻl-yoʻlakay Piskentga, Akromning onasi huzuriga kirdik.

"Ikki oylarcha ilgari Akromjonimning koʻzi rostanam ogʻrigandi, koʻziga nimadir kirmagan, shamollatib qoʻygan ekan. Doʻxtirda yotib, davolatdi. Hozir yaxshi boʻlib ketgan. 12 aprel kuni biz Akrom bilan uzoq muddatli uchrashuvga bordik. Otasi, men, ukasi birga edik. Bir kecha Akrom bilan tunab qoldik. Hozir ahvoli yaxshi. Qamoqxona maʼmuriyati unga juda yaxshi munosabatda boʻlayotgan ekan. Hatto uni ishdan ozod qilib qoʻyishibdi. Qancha istasang, shunch adam ol deyishibdi. Oʻgʻlim xursand edi.

Biz oʻzi 13 aprel kuni ertalab qaytgandik. Akrom bizga xat yozib yuboribdi", dedi men bilan suhbatda Akromning onasi.

"Oʻsha xatni koʻrsam boʻladimi?" deb soʻradim Akromning onasidan.

Berdilar, koʻrdim, oʻqidim....

Men Akrom Malikning dastxatini bilmayman, ammo xatdagi ruh unikiga oʻxshab ketardi.

Biroq men xat oxiridagi sanani oʻqib, ikkilanib qoldim.

Xatga 13 aprel deb yozilgan edi.

"Nega, sizlar oʻzi aynan oʻsha kuni uning oldidan qaytgansizlar-ku? Akrom oʻsha kuniyoq maktub bitibdimi ortingizdan?" soʻradim ajablanib.

"Ha, - dedi Akromning onasi, - Biz qaytishimiz bilan oʻgʻlim shu xatni yozib joʻnatibdi, pochta orqali keldi", deb javob qildi.

Akromning onasini soʻzlari nihoyatda sodda va samimiy edi...

Ularga juda-juda ishongim keldi...

Huquqbon Turgʻunov bilan Akrom oʻz qoʻli bilan yozganligi aytilayotgan xatni olib Toshkentga qaytdik", - deya hikoya qiladi Malohat Eshonqulova.

Uning soʻzlariga koʻra, Akrom Malikning yaqinlari uning hibsga olinishi va qamalishi tafsilotlari haqida matbuotga gapirishni istamaganlari uchun ham yosh olim va blogerning taqdiri haqida keng jamoatchilikka uncha koʻp narsa maʼlum emas.

Huquq faollariga koʻra, aftidan, rasmiylar Akrom Malikning yaqinlarini "qancha jim yurishsa, shuncha yaxshi boʻladi" deb ishontirishgan.

Biroq hozirgacha yaxshi boʻlgani yoʻq.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq