Rasman: Shavkat Mirziyoyev kelasi hafta Amerika Qoʻshma Shtatlariga boradi

Mirziyoyev va Tramp Image copyright president.uz

Bu - Oʻzbekiston yangi prezidentining Amerikaga ilk rasmiy tashrifi boʻladi.

Rasmiy xabarlarga koʻra, tashrif 15-17 may kunlariga rejalangan va AQSh Prezidenti Donald Trampning taklifi asosida amalga oshadi.

Rasmiy Vashington Oʻzbekiston prezidentining "Oq Uyga tashrifiga "tarixiy", deya baho bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, rasmiy tashrif "Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasida strategik sheriklikning yangi davrini boshlab beradi".

Shavkat Mirziyoyev esa, prezident Donald Trampdan tashqari, AQSh Kongressi, Mudofaa vazirligi, Davlat departamenti va Jahon Bankida ham ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.

Prezidentlarning uchrashuvi chogʻida Oʻzbekistondagi muhim islohotlar ijrosining holatiga ham eʼtibor qaratiladi.

Ikki oʻrtada savdo-sotiq va sarmoya koʻlamini kuchaytirish masalasi ham muhokama etiladi.

Xabarlarga koʻra, ikki davlat rahbarlarining muzokaralari chogʻida Afgʻoniston va afgʻon mojarosi ham markaziy mavzulardan biri boʻladi.

"Muvozanatli tashqi siyosat"

Taʼkidlash joiz, rasmiy tashrif yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligi ostida Oʻzbekiston dunyoning ikki qudrati - AQSh va Rossiya bilan har tomonlama aloqalarini birdek kuchaytirish harakatida boʻlgan bir manzarada amalga oshadi.

Rasmiy Moskva soʻnggi yillarda ham geosiyosiy va ham geoiqtisodiy maʼnoda oʻzining imperialistik ambitsiyalariga zoʻr bergan.

Xuddi shu harakatlari manzarasida anʼanaviy ravishda koʻp tomonlama hali-hanuz oʻzining taʼsiri ostida boʻlgan mintaqa davlatlariga ham koʻz tikkan.

Yangi prezidenti Donald Tramp boshchiligi ostida AQSh maʼmuriyati ham afgʻon mojarosi fonida Markaziy Osiyo davlatlari bilan oʻzining aloqalarini har tomonlama kuchaytirmoqchi, "kirib bormoqchi".

Siyosiy tahlilchilarga koʻra, bu ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarga jiddiy darz yetgan va ikkovlonning geosiyosiy manfaatlari sabab, mintaqada tanglik kuchayib borayotgan bir manzarada Oʻzbekiston doxil qolgan Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari uchun ham bu ish oson boʻlmaydi.

Birdek oʻzaro manfaatli aloqalarni "parvarishlash" uchun bu hukumatlarning ikkovlonga nisbatan muvozanatli, yaʼni "six ham, kabob ham kuymaydigan" siyosat olib borishlariga toʻgʻri keladi, buning uchun esa, hatto, yillar taqozo etilishi mumkin boʻladi.

Afgʻon mojarosi va tashqi siyosat

Afgʻon mojarosiga tinch yoʻlda yechim topish bilan bogʻliq eng soʻnggi saʼy-harakatlar esa, aynan Oʻzbekistonning hissasiga toʻgʻri keladi.

Rasmiy Toshkent shu yilning 26-27 mart kunlari xuddi shu mavzuga qaratilgan oliy darajadagi yirik xalqaro anjumanga mezbonlik qilgan.

Anjuman yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi ostida Oʻzbekistonning afgʻon mojarosi yechimida mintaqada yangi diplomatik vositachi sifatida oʻrtaga chiqish istagining ifodasi sifatida talqin topgan.

Bu kabi tadbirga mezbonlik qilish bilan Oʻzbekiston xalqaro sahnada oʻzining geosiyosiy qudrati va ahamiyatini yangilash niyatida ekani aytilgan.

Taʼkidlash joiz, oralarida Oʻzbekiston kabi, yillarki, qurolli nizolar ichida boʻlgan Afgʻonistonga bevosita chegaradoshlari boʻlsa-da, qolgan biror bir Markaziy Osiyo davlati bu yaqin orada shunga oʻxshash tashabbus bilan chiqmagan.

Rossiyadagisidan farqli oʻlaroq, Afgʻoniston boʻyicha oliy darajadagi Toshkent xalqaro anjumanini rasmiy Vashington ham beeʼtibor qoldirmagan.

Tadbirga AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Tomas Shennonni yuborgan.

Anjuman ortidan uning ahamiyatiga AQSh Davlat departamenti ham rasman izoh berib oʻtgan.

"Amerika Qoʻshma Shtatlari Afgʻoniston hukumatini tinchlikka erishish yoʻlida qoʻllab-quvvatlashi hamda Markaziy Osiyodagi qoʻshni mamlakatlar rahbariyatining bu boradagi saʼy-harakatlarini yuksak baholashi"ni bildirgan.

Anjumanda AQSh, Rossiya, Pokiston, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya va eng muhimi sobiq Tolibon tuzumining vakolatxonasi joylashgan Qatar kabi afgʻon mojarosi yechimida muhim oʻrin tutgan barcha yirik xalqaro va mintaqaviy oʻyinchi davlatlar vakillari hozir boʻlishgan.

Anjuman arafasida kuzatilgan anchagina gap-soʻzlarga qaramay, tadbir toliblar oʻzlarining ishtirokisiz kechgan.

Ammo Qatarning undagi hozirligi Toshkent anjumani maqsadini "samarali bir tarzda" toliblarga yetkazish uchun kifoya qilishiga oid fikrlarni ham paydo qilmay qoʻymagan.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq