"Gʻarb sarmoyadorlari Oʻzbekistonda Rossiya biznesi ustivorligidan xavotirdalar"

Keyt Mallinson (Kate Mallinson) koʻp yillardan beri Oʻzbekistondagi iqtisodiy salohiyatni tahlil qilib keladi. Image copyright Kate Mallinson
Image caption Keyt Mallinson (Kate Mallinson) koʻp yillardan beri Oʻzbekistondagi iqtisodiy salohiyatni tahlil qilib keladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat iqtisodiga xorijiy sarmoyani jalb qilishga katta eʼtibor qaratmoqda.

2017 yilda xorijiy investitsiyalar biroz oʻsib 67 million dollarni tashkil qilgan boʻlsa-da, eski qonunchilik, korruptsiya va zahiralarga davlat egaligi tufayli Oʻzbekiston Jahon Bankining "Biznes yuritish" boʻyicha 2018 yilgi hisobotida 74 oʻrinda turibdi.

BBC sarmoya muhitini yaqindan oʻrgangan tahlilchi, Londondagi Chatham House xalqaro aloqalar instituti tadqiqotchisi Keyt Mallinsondan (Kate Mallinson) Oʻzbekiston sarmoyadorlar uchun qanchalar ochilayotgani haqida soʻradi.

Mallinson: Hozirda sarmoyadorlar Oʻzbekiston iqtisodining ochilishiga umid va ehtiyotkorlik bilan yondoshishmoqda, chunki avvalgi hukumat ostida qator sarmoyadorlar kuyib qolgan. Ularning ehtiyotkorligiga boshqa sabablar ham bor: masalan, Rossiyaning mintaqadagi taʼsiri, ayniqsa hozirda Rossiya va Gʻarb oʻrtasida yuzaga kelgan adovat manzarasida qaraydigan boʻlsak. Shuningdek, neft narxining pastligi ham muhim omil. Lekin, Oʻzbekiston hukumatining ochiqligi juda ham hush qarshi olinyapti va ularni ruhlantiryapti. Biroq, Oʻzbekistonda hali investitsiya qonunchiligida qilinishi kerak boʻlgan ishlar koʻp. Hukumat juda yaxshi tashabbuslar bilan chiqyapti, dolzarb mavzularni koʻtaryapti - masalan, yangi soliq tizimini yaratish, soliqlarni kamaytirish, shaxsiy imtiyozlarni kamaytirish va boshqa islohotlar qilinyapti. Davlat ishlariga xususiy kompaniyalarni jalb qilish ham ragʻbatlantirilyapti. Umuman, qonun ustivorligi uchun sharoit yaratilyapti. Lekin, bularni tubdan qilingan oʻzgarish deb boʻlmaydi. Masalan, tabiiy zahiralar, bank faoliyati va telekommunikatsiya sohalarida keskin oʻzgarishlar yoʻq. Avvallari sarmoya shartnomalarini imzolash juda qiyin boʻlardi, hozir esa hukumat rasmiylari ularni shiddat bilan kun tartibiga kiritayotgani juda yaxshi. Lekin, Gʻarb sarmoyadorlari uchun bu yetarli emas. Ular, misol uchun, neftь va gaz sektoridagi mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimlar borasida qonunlar oʻzgarishini istaydilar. Balki, mahsulotni taqsimlash bitimlari borasida yangi qonun kerakdir.

BBC: Siz Rossiya taʼsirini tilga oldingiz. Bu haqiqatan ham jiddiy ahamiyatga egami sarmoyadorlar uchun?

Mallinson: Koʻp investorlar fikricha, Oʻzbekistonda neft va gaz sohasidagi eng serdaromad loyihalar allaqachon Rossiya sarmoyadorlariga, xususan "Lukoyl" va "Gazprom"ga ulashib berilgan, yoki Oʻzbekneftegaz uni ulashmay oʻtiribdi. Yirik neft va gaz kompaniyalari uchun Oʻzbekistonda faqat qiyin loyihalar, yaʼni serxarajat va ancha chuqur qazish talab qiladigan loyihalar qolgan. Neft narxi 100 dollardan kam boʻlib turgan vaziyatda investorlar ikkilanadi, chunki ular bunday qiyin loyihaga qoʻl urishlari uchun neft narxi barqaror ravishda oʻsishi va Oʻzbekistondagi biznes muhiti ijobiy boʻlib qolishi kerak. Bularning bariga vaqt kerak, albatta. Tizimni bir kunda oʻzgartirib boʻlmaydi, chunki Oʻzbekiston uzoq muddat xorijiy sarmoyadorlar uchun yopiq edi, baʼzi zahiralar bozorga qoʻyilmasdi ham. Demak, investorlarda ishonch paydo boʻlishiga vaqt kerak. Lekin, qiziqish bor. Hozircha asosiy sarmoyalar Rossiya va Xitoydan kelishini koʻramiz. "Lukoyl" Oʻzbekistonga 8 miliard dollar sarmoya kiritishini aytdi. Bu ham Oʻzbekiston qaysi yoʻldan ketishiga ishora. Chunki, Gʻarb kompaniyalari bunday kapital bilan raqobatlasha olmaydi.

BBC: Lekin, oʻzbekistonliklarga buning nima farqi bor? Sarmoya kelsa boʻldi-da, Gʻarbdanmi yo Rossiyadan ekanining nima farqi bor?

Mallinson: Texnologiya jihatidan olsak, Gʻarbning baʼzi kompaniyalari Oʻzbekiston uchun foydali texnologiyalarni tadbiq qilishlari mumkin. Gʻarb kompaniyalari poraxoʻrlikka qarshi juda qattiqqoʻl qonun-qoidalarga boʻysunishlari kerak boʻlyapti, shunday ekan ular Rossiya kompaniyalarida koʻzga tashlanmaydigan shaffoflik muhitini ham oʻzlari bilan olib kela oladilar. Bu biznes muhitiga taʼsir qiladi. Bozordagi oʻyin qoidalari hamma uchun bir xil emas, chunki Rossiya kompaniyalari bu qonunchilikka boʻysunishmaydi. Gʻarb kompaniyalari siyosiy taʼsirga ega shaxslar bilan aralashib qolmaslik uchun qattiqqoʻl tekshiruvlarni olib boradilar, Rossiyaniki esa stol ostidan kelishuvlar qilish bilan yoʻl topadilar. Bu ham umumiy muhitga taʼsir qiladi.

BBC: Lekin, Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga qilgan safari chogʻida qator Amerika kompaniyalari bilan ham shartnomaga qoʻl qoʻyildi. Demak, ular Rossiya raqobatidan choʻchimagan holda Oʻzbekiston bozoriga kirishga qaror qilgan, shunday emasmi?

Mallinson: Menimcha, bunday bayonotlarga biroz ehtiyotkorlik bilan yondoshish kerak. Ular odatda dabdaba bilan eʼlon qilinadi, lekin isbotini faqat bu shartnomaga binoan ish olib borilgandagina koʻra olamiz. Kompaniyalar hozircha yerni paypaslab koʻrishyapti, ular nimalar boʻlayotganidan boxabar boʻlishni istaydilar. Lekin, bu kabi olamshumul sarlavhalar har doim ham haqiqiy sarmoyaga yetaklaydi, deb oʻylamayman.

BBC: Oʻzbekistonda aynan qanday zahira yo mahsulotlar xorijiy sarmoyadorlarni qiziqtiradi?

Mallinson: Oʻzbekiston tabiiy zahiralarga juda boy, sarmoyadorlar uchun konchilik, oltin sanoati jozibador sanaladi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi ham juda katta salohiyatga ega. Prezident Mirziyoyev qishloq xoʻjaligini erkinlashtirish borasida qilgan bayonotlari odamga koʻtarinki ruh bagʻishlaydi. Yangi qishloq xoʻjaligi sektorini hatto yangi neft va gaz sektoriga tenglashtirsa boʻladi. Oʻzbekistonning yirik gaz zahiralari ham, albatta, xorijiy investorlar uchun muhim. Butun dunyo Oʻzbekistonni kuzatyapti, va u rivojlanishini istaydi. Xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy investorlar va Oʻzbekiston hukumati birga ishlashiga katta imkoniyat paydo boʻlgan. Men umid qilamanki, hammasi amalga oshadi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq