Oʻzbekiston: Rossiya Mudofaa vazirini Toshkentga nima yetaklagan boʻlishi mumkin?

Kreml Image copyright kremlin.ru

Rossiya Mudofaa vaziri Toshkentda.

Rasmiy xabarlarga koʻra, Sergey Shoygu allaqachon Oʻzbekiston Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov bilan muzokaralar olib borgan.

Sergey Shoygu ikki davlat oʻrtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik "mutlaq konkret va oʻta muhim tusga ega" ekanini bayon qilgan.

Rossiya Mudofaa vazirining Toshkentga tashrifi Oʻzbekiston va Rossiya prezidentlarining telefon muloqotlaridan kun oʻtib kuzatilgan.

Boshqa tomondan, Oʻzbekiston yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga ilk rasmiy tashrifidan hafta oʻtmay amalga oshgan.

Oq Uy nazdida "tarixiy", deb baho topgan ushbu tashrif chogʻida Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnik sohada ham hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olishgan.

Ikkovlon besh yillik ilk harbiy rejani ham pishitib olishgandi.

Bir rasmiy tashrifning oʻzida oʻrtalaridagi strategik sheriklikni yangi bosqichga koʻtarishgan.

Bu xususda imzolangan qoʻshma bayonotning qanchalar keng qamrovligi tahlilchilarning ham eʼtiboridan chetda qolmagan.

Shavkat Mirziyoyev Pentagonda ham boʻlib, shaxsan AQSh Mudofaa vaziri bilan uchrashgan.

Bundan keyin ham Afgʻoniston va afgʻon mojarosi ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikning markazida qolishi maʼlum boʻlgandi.

Qorishiqlik

Oʻzbekiston yangi prezidentining Oq Uyga ayni tashrifi manzarasida rasmiy Moskvaning bunga munosabati mintaqaviy kuzatuvchilarning diqqat-markazlaridagi mavzulardan biri boʻlgan.

Matbuotdagi chiqishlaridan rossiyalik harbiy va siyosiy tahlilchilarning bu xususdagi baholari qorishiq ekani maʼlum boʻlgan.

Ayrim tahlilchilar nazdlarida, Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi Kremlning hatto "pinagini ham buzmagan".

Boshqalariga koʻra esa, shu yilning 15-17 may kunlari amalga oshgan "Oq Uyga tarixiy tashrif", taʼbir joiz, rasmiy Kremlning yaxshigina "rashkini qoʻzgʻamay" qoʻymagan.

Ammo Mirziyoyev AQShga tashrifidan sanoqli kunlar oʻtib, kecha - 21 may kuni Oʻzbekiston va Rossiya prezidentlarining telefon orqali gaplashib olishgani maʼlum boʻlgan.

Rossiya prezidentining rasmiy web sahifasida ushbu muloqot chogʻida Shavkat Mirziyoyev Putinni Vashingtonga tashrifi tafsilotlaridan ogoh etgani haqida yozdi.

Rossiya Oʻzbekistonning anʼanaviy strategik sherigi boʻlishi barobarida, joriy paytda eng yirik harbiy va harbiy-texnik sohadagi hamkorlaridan biri ham sanaladi.

Toshkentdagi bayonot

Toshkentda ekan, Rossiya Mudofaa vaziri ikki davlat oʻrtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik "mutlaq konkret va oʻta muhim tusga ega" ekanini bayon qilgan.

Sergey Shoygu, "bu - eng avvalo Oʻzbekiston chegarasi yaqinidagi xavf va tahdidlar bilan bogʻliq" ekanini aytgan.

"Bu oʻrinda kuchayib borayotgan xalqaro terrorchilik tahdidini ham nazardan qochirib boʻlmasligi"ni urgʻulagan.

Rossiya Mudofaa vaziri nazdida bu xavf hozir "Suriyadan Oʻzbekiston doxil qoʻshni, chegaradosh davlatlarga koʻchib oʻtmoqda".

Sergey Shoyguga koʻra, Afgʻonistondagi vaziyat ham tinchib borayotgani yoʻq.

"Axir, Suriyani tark etayotgan guruhlar Afgʻonistonga ham oʻtib, joylashishmoqda", - deb aytgan Rossiya Mudofaa vaziri.

Uning aytishicha, xuddi shu kabi manzarada, lozim boʻlgan taqdirda, davlatlar manfaatlarini himoya etishga qodir harbiylarni tayyorlash, ayniqsa, muhim oʻrin tutadi.

Rejalar

Sergey Shoyguga koʻra, ayni shu omildan kelib chiqib, bundan keyin ham nafaqat oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashish, balki-da, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari uchun kadrlar tayyorlab berishga ham hozirlar.

Rasmiy xabar tafsilotlaridan maʼlum boʻlishicha, soʻz joriy paytda Rossiya oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan harbiy mutaxassislarning sonini foizga emas, bir necha barobariga oshirish ehtimoli haqida bormoqda.

Rossiya Mudofaa vaziri, yana shuningdek, bu masalada "xos tayyorgarlik"ni ham muhim, deb bilishlarini bayon qilgan.

Bunday deyish bilan, shu yil avgust oyida boʻlib oʻtajak "Armiya-2018" harbiy-texnik forumida chogʻida birga koʻrib chiqishga umid qilayotgan dasturni koʻzda tutayotganini aytgan.

Rossiya tomoni xabarlariga koʻra, Oʻzbekiston Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov ham, oʻz navbatida, ikki davlat oʻrtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni yuqori baholagan. "Rossiyaning tajribasi va qudrati"ni alohida qayd etgan.

"Rossiyaning qiyofasida biz butun dunyo va mintaqada oʻz nufuziga ega davlatni koʻramiz. Oʻrtamizdagi tarixiy, madaniy va iqtisodiy aloqalarni ham bir chetga surib qoʻyish, unutish mumkin emas. Bizni bogʻlab turgan rishtalarni siz bilan yanada rivojlantirib, mustahkamlashda davom etamiz", - deb aytgan.

Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston Mudofaa vaziri ikki davlat oʻrtasidagi kadrlarni tayyorlash, harbiy-texnik taʼminot va boʻlinmalarni harbiy tayyorgarlikdan oʻtkazish ishlaridagi hamkorlikni alohida qayd etgan.

Xavotirlar va maqsadlar...

Rasmiy Kreml, ayniqsa, soʻnggi yillarda Afgʻonistondan keluvchi jangarilik tahdidiga oid ogohlik, xavotir va chiqishlarini kuchaytirgan.

Siyosiy tahlilchilarga koʻra esa, bularning barchasi eng avvalo Rossiyaning mintaqadagi imperialistik ambitsiyalari va asosiy geosiyosiy raqibi Amerika Qoʻshma Shtatlarining ziddiga mintaqada oʻzining manfaatlarini parvarishlash istagi bilan bogʻliq.

Ustiga ustak, voqealarning soʻnggi rivoji prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh maʼmuriyati afgʻon mojarosiga eng avvalo harbiy yoʻlda barham berish istagini bayon qilgan, Afgʻonistondagi qoʻshinlari sonini yana bir necha mingga oshirishga qaror qilgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Dunyoning bu ikki yadroviy qudrati oʻrtasidagi dastlab Ukraina inqirozi sabab darz yetgan aloqalar orada Suriya boʻhroni va soʻnggi AQSh prezident saylovi bilan bogʻliq mojarolar tufayli, hozirga kelib, deyarli izdan chiqib boʻlgan.

Rasmiy Vashington, boshqa tomondan, Rossiyaning anʼanaviy ittifoqchisi va Afgʻonistonga bevosita chegaradosh boshqa bir mintaqa davlati - Xitoyning iqtisodiy va harbiy qudratidan yaxshigina xavotirda.

Xalqaro harbiy tahlilchilarga koʻra, oʻzining yangi strategiyasi bilan Tramp maʼmuriyati Afgʻonistondan bu yaqin oʻrtada chiqib ketish va bu bilan Xitoy boʻladimi, Eron yoki Rossiya - bu davlatlarni ham "nazorati" ostidan chiqarish istagi yoʻqligiga ishora qilgan.

Mahalliy kuzatuvchilarning aytishlaricha, shakllanib borayotgan bu kabi voqeʼlik manzarasida mintaqa davlatlariga "oson boʻlmaydi".

Har qanday sohadagi hamkorlik nazarda tutilganda ham, taʼbir joiz, oʻzlari "koʻz ostlariga tushgan" dunyoning bu ikki qudratiga nisbatan muvozanatli tashqi siyosat yuritishlari kerak boʻladi.

Ammo, tahlilchilarga koʻra, Oʻzbekiston doxil mintaqa davlatlari hukumatlarining bunga qanchalik qodir boʻlishlarini faqat bu yaqin yillar koʻrsatadi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq