"Rossiya Mirziyoyevni Afgʻoniston bilan qoʻrqitmoqchi"

Mirziyoyev va boshqalar

Vashingtondan qaytgan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Rossiya rasmiylarining muloqoti koʻpaygani Oʻzbekistonning tashqi siyosati istiqboli haqidagi tahlillarga turtki berdi.

Dastavval, Prezident Mirziyoyevning AQShga safari boshlangan kunlarda Rossiya axborot makonida soxta xabarlar tarqatildi.

Soʻng birin-ketin Rossiya rasmiylari Markaziy Osiyo mamlakatlari islomiy jangarilar xuruji tahdidi ostida qolgani haqidagi bayonotlar bilan chiqdilar.

23 aprelda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Toshkentga bordi, uni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi.

Qurolli jangarilar xavfini janob Shoygu ham tilga oldi.

Xoʻsh, Oʻzbekiston rasmiylari Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Markaziy Osiyo sarhadlarida koʻp ming kishilik jangarilar toʻplangani haqidagi bayonotini naqadar jiddiy qabul qilishlarii kerak?

BBC ushbu savol bilan siyosiy tahlilchi, Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi (SOAS)ning ilmiy xodimi Alisher Ilhomovga murojaat qildi.

Alisher Ilhomov, siyosiy tahlilchi: Jangarilar Afgʻonistonda har doim boʻlgan. Bu borada oxirgi vaqtda katta bir oʻzgarish yuz bergani yoʻq. Toʻgʻri, Afgʻoniston hududida janglar davom etayapti, bu janglarda IShID("Islomiy Davlat") jangarilari ham qatnashyapti. IShIDning Iroq va Suriyadagi asosiy kuchlari tor-mor etilganidan keyin bu guruh qanchalar kuchsizlandi, qancha sondagisi Afgʻonistonga yetib borgan, bunisi menga qorongʻu. Lekin oxirgi 1 oyda jangarilar bilan bogʻliq vaziyatda radikal oʻzgarish boʻlgan, deb oʻylamayman. Aksincha, hozir Rossiya parda ortida Tolibon bilan muzokaralar olib borayotgani va bu guruhni qoʻllab-quvvatlayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Buni Rossiya Markaziy Osiyodagi sheriklari bilan maslahatlashmasdan, bu mamlakatlarning roziligini olmasdan qilayotgani aytilayapti. Aftidan, bu yerda Afgʻoniston kartasini oʻynash istagi bor. Bu bilan Afgʻonistonga qoʻshni boʻlgan mamlakatlar, xususan, Oʻzbekistonni oʻzining harbiy hozirligiga koʻndirish, oʻzini mintaqadagi eng muhim geostrategik sherik deb tasdiqlatib olish moʻljali borligi koʻzga tashlanayapti. Bu narsa Oʻzbekistonning AQSh bilan yaqinlashuviga reaktsiya sifatida qilinmoqda. Vashingtonga tashrifi mobaynida Prezident Mirziyoyev ilk bor AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan rasman qabul qilindi, muzokaralarda harbiy hamkorlik haqida ham, qurol-yarogʻ yetkazib berish toʻgʻrisida ham soʻz bordi. Hatto AQSh bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi geostrategik sheriklikni qayta tiklash masalasi ham muhokama qilindi. Biz yaxshi bilamiz, 2001 yil 11 sentyabr hodisalaridan keyin Oʻzbekiston AQSh bilan shunday sheriklik shartnomasini imzolagan, Oʻzbekiston oʻz harbiy bazasini AQSh harbiylariga foydalanishga bergan edi. Geostrategik hamkorlik faqat harbiy emas, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati, korruptsiyaga qarshi kurash, investitsiyalarni himoya qilish singari koʻp qirrali hamkorlikni nazarda tutadi. AQSh-Oʻzbekiston geostrategik sherikligini qayta tiklash haqidagi xabarga Kreml tarafidan tezlik bilan salbiy munosabat bildirildi. Bunda Moskva oʻzining geostrategik manfaatlariga ziddiyat, qarama-qarshilikni koʻrdi. Chunki hozir Rossiya bilan Qoʻshma Shtatlari oʻrtasida, Yevropa Ittifoqi oʻrtasida taranglik ortgan, Rossiyaga qarshi qator sanktsiyalar joriy qilingan. Shunday bir vaziyatda Rossiya nafaqat Oʻzbekiston, balki sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi boshqa mamlakatlar oldiga talabni shunday qoʻymoqda: "Siz yoki biz bilansiz yoki bizga qarshisiz". AQSh bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi yaqinlashuvda Rossiya oʻziga nisbatan tahdidni koʻrmoqda. Rossiya yonidagi mamlakatlarga, "kim bilan doʻstlashish mumkin, kim bilan yaqin hamkorlik qilish mumkin yoki mumkin emasligi borasida bosim oʻtkazishga haqqim bor", deb hisoblayapti. Va buning ortidan turli amallarga qoʻl urmoqda: Afgʻonistondagi vaziyat bilan qoʻrqitish boshlandi. Toshkentga borgan Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 soat suhbatlashishipti. Suhbat buncha uzoq davom etganidan men shunday xulosaga keldim: Putindan qatʼiy signal, ogohlantirish kelgan: "Munosabatlarda koʻp ham chuqurlashib ketmang! Agar biz bilan strategik sheriklikda boʻlar ekansiz, boshqalar, ayniqsa, bizning raqiblarimiz bilan bunday munosabatlarga kirishmang!" Shunga oʻxshash hodisa yaqinda Qozogʻiston bilan yuz berdi. Bu demarsh hukumat darajasida emas, hukumat nazorat qilib turadigan ommaviy axborot vositalari vositasida amalga oshirildi: shu yoʻl bilan Rossiya rahbariyatining Qozogʻiston hukumati harakatlaridan noroziligi izhor qilindi. Rossiyaning bunday oʻzini tutishiga Oʻzbekiston hukumatining harakatlari qanday boʻladi, bilmadim. Bu Oʻzbekiston hukumati qanchalar suveren ekanini, oʻzining mustaqil tashqi siyosatini barpo eta olishini namoyish etadigan test boʻladi.

BBC: Marhum prezident Karimov boshqaruvi paytida Rossiya bunday ish tutolmas edi. Nima deb oʻylaysiz, nega bugun Rossiya "shunday qilishim mumkin", degan fikrga kelgan?

Alisher Ilhomov, siyosiy tahlilchi: Mening fikrimcha, bu, bir tomondan, Rossiya bilan Gʻarb oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar yanada yomonlashgani bilan bogʻliq. Hozir aloqalardagi taranglik, qarama-qarshilikdagi noaniqlik shu darajaga bordiki, Kremldagilarda "qamaldagi qalʼa ichida qolgan insonlar" psixologiyasi, kayfiyati ustunlik qilmoqda. Karimov vafotidan keyin global dunyoda ham koʻp oʻzgarishlar boʻldi. Ikkinchidan, mening qoʻlimda aniq isbot-dalillar yoʻq, ammo ehtimolki, Rossiya muayyan proksi figuralar vositasida Karimov oʻrniga kelgan rahbar, bu oʻrinda Mirziyoyev nomzodining prezidentlikka tasdiqlanishida maʼlum bir rolni oʻynagandir. Bu rol qanday boʻlgan, biz anigʻini bilmaymiz, ammo Rossiyadagi oʻzbek oligarxi Alisher Usmonov bilan munosabatlar yaqin boʻlganini koʻpchilik yaxshi biladi. Bu munosabatlar bugun ham qalin boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston bilan Rossiya aloqalarini yaqinlashtirishda Rossiya hukumati nomidan Alisher Usmonov muayyan missiyani bajargan boʻlishi mumkin. Buning evaziga Rossiyaning Oʻzbekistonga nisbatan eksklyuziv huquqlari boʻladi, degan xayolga borgan boʻlishlari mumkin Moskvadagilar. Va hozir Prezident Mirziyoyevning hamma bilan doʻstlashish tashqi siyosatida ular noaniqlikni koʻrayotgan boʻlishlari mumkin. Prezident Mirziyoyevning bunday tashqi siyosat mavqeʼi olqishga sazovor: u qoʻshnilari bilan aloqalarni yaxshilashga intilayapti. Ayni paytda Moskvaga "Rossiya Oʻzbekistonning oʻta muhim sherigi" degan mujdani ham yoʻllab turibdi. Bu Rossiyaga Mirziyoyevning kuchsizligi boʻlib koʻrinayotgan boʻlishi mumkin. Islom Karimov Rossiya yetakchiligidagi harbiy, iqtisodiy tashkilotlarga qoʻshilmaslikni afzal koʻrardi, Rossiya bilan munosabatlarda masofa saqlab keldi. Hozir esa Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi masofa "yaqinlashgan"day. Buni Moskva Oʻzbekiston bilan eksklyuziv huquqiga ega sherikdek qabul qilmoqda. Ularning nazarida, boshqa mamlakatlar kimlar bilandir munosabatga kirishayotganda Kremlning roziligini olishi shart. Bu narsa Qozogʻiston AQSh fuqarolariga nisbatan viza rejimini yengillashtirmoqchi boʻlganida koʻzga tashlandi. Oʻshanda bu Rossiya xavfsizligiga tahdid paydo qilishi haqidagi matniqsiz eʼtirozlar ilgari surildi. Hozir Oʻzbekistonga nisbatan ana shunday siyosat yuritilmoqda. Shuning uchun hozir Oʻzbekistonga qiyin boʻlishi mumkin. Biz Rossiyadan nima kutish mumkinligini bilmaymiz. Biz Rossiya oʻzining sobiq SSSRdagi sheriklariga nisbatan ikki tomonlama oʻyin oʻynab kelayotganini yaxshi bilamiz. Ayrim hollarda ahvol hatto gibrid urushlarigacha ham bordi. Toʻgʻridan-toʻgʻri demarsh qilinmaydi, harbiy harakat, tajovuz qilinmaydi. Lekin oʻzlari qoʻygan odamlar yoki guruhlarning qoʻli bilan biror amalga qoʻl uriladi. Xuddi Donbass yoki Qrimda boʻlgani singari. Mana shunday yoʻl bilan Ukraina, Moldova, Gruziyada muammo barpo qilishlari mumkinligini biz koʻrdik. Bu yoʻnalishda ular ancha-muncha tajriba orttirdilar ham. Bunday strategiya Moskvaning yaqin qoʻshnilariga nisbatan tashqi siyosatining bir qismi boʻlib qoldi. Oʻzbekistonga nisbatan qanday bosim yoʻllarini qoʻllashlari mumkin, men buni aytolmayman. Albatta, bu "quchoqlab, bagʻriga olib boʻgʻish" siyosati boʻlishi mumkin. Oʻzlarining harbiy yordami, harbiy hamkorligini tiqishtirishlari mumkin. Taʼsir oʻtkazishning iqtisodiy richaglari ishga solinishi mumkin. Ularda Rossiyada mehnat qilayotgan oʻzbekistonlik migrantlarga taʼsir koʻrsatish richagi mavjud. Boshida bosim yengilroq boʻlishi mumkin. Biroq Oʻzbekiston oʻzining mustaqil tashqi siyosatini yuritishda davom etaversa, buning ortidan boshqa qadamlar ham qoʻyilishi mumkin. Bunda Prezident Mirziyoyev qanday mavqeʼni egallashi kerak? Prezident Mirziyoyev oʻziga ishongan mustaqil tashqi siyosatini davom ettirish imkoniyatini beradigan zamin barpo etishi kerak. Karimov qoʻllagan usullarga qaytish vaziyatdan chiqishning chorasi boʻladi, deb oʻylamayman. Karimovning yoʻli - yakkalanib, ajralib qolish yoʻli, hamma sohaning ustidan qattiq nazorat oʻrnatish yoʻli. Hozir mamlakat ichida oʻsha qattiq maʼmuriy nazorat boʻshashtirilyapti. Endi uning oʻrniga kuchli fuqarolik jamiyati kelmogʻi lozim. Oʻzbekistondagi kuchli fuqarolik jamiyati mustaqil siyosatning tayanchi boʻlib xizmat qiladi. Oʻshanda murakkab vaziyatlarda Prezident Mirziyoyev fuqarolik jamiyatiga suyana oladi. Karimov uchun tayanch jamiyat emas edi, u kuch tizimlariga orqa qilishni afzal bilardi. Tayanch jamiyat boʻlishi kerak. Buning uchun jamiyatni uygʻotish, uygʻoq jamiyatni tsivilizatsiyalashgan, siyosiy oqimga yoʻnaltirish talab qilinadi. Oʻshanda insonlar ovozga ega boʻladilar, ular tartib, qonun-qoida talablari boʻyicha oʻyin oʻynay boshlaydilar. Bu - huquq va majburiyatlar aniq-taniq yozib qoʻyilgan demokratik jamiyatning oʻyin qoidalaridir. Prezident Mirziyoyev Oʻzbekistondagi erkin jamiyatning darajasini ana shu darajagacha koʻtara olsa, bundan keyin ham mustaqil siyosatni davom ettirishga qodir boʻladi. Agar aro yoʻlda qolsa, yaʼni bir tomondan Karimovning kuch tizimlariga tayangan qattiq nazorat usuli, ikkinchi tarafdan hali yetarli rivojlanmagan, shakllanmagan fuqarolik jamiyati oʻrtasida qolsa, Mirziyoyevning mavqeʼi kuchsizlanadi.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq