"Malika"ning yangi egasi hukumat qonunlarini ishlab chiqmoqdami?

Toshkentdagi "Malika" savdo markazi elektronika va maishiy texnika mollarini sotishga ixtisoslashgan. Image copyright Gazeta.uz
Image caption Toshkentdagi "Malika" savdo markazi elektronika va maishiy texnika mollarini sotishga ixtisoslashgan.

Oʻzbekiston Davlat soliq qoʻmitasi pochta va kurer xizmatlari orqali mamlakatga boj toʻlovlarisiz olib kiriladigan mahsulotlar limitini 1000 dollardan 300 dollarga tushirishni soʻramoqda. Qonun loyihasi regulation.gov.uz saytiga qoʻyilgan.

Loyihaga koʻra, jismoniy shaxslar qiymati 300 dollardan yuqori boʻlmagan, vazni 20 kilogrammdan past mahsulotni bir oy davomida boj toʻlovisiz olib kirishi mumkin.

Agar, loyihaga koʻra, tovar bu limitdan oshsa, tovarning qiymatidan 30% va har bir oshgan kilogramm uchun 5 dollardan boj toʻlash kerak boʻladi.

Oʻzbekcha ayfon?

Yangi loyiha ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab boʻldi. Baʼzi oʻzbekistonliklar mamlakat ahli endigina internet orqali xorijdan mahsulot sotib olish imkoniga ega boʻlgan paytda bunday limitni kiritish notoʻgʻri ekani haqida yozishmoqda.

Toshkentdan BBCga gapirgan jurnalistning aytishicha, qonun loyihasi odamlarning asosan elektronik tovarlar, jumladan telefonlarni xorijdan sotib olishlariga qarshi ishlab chiqilgan.

Fergananyus sayti bir internet foydalanuvchisidan mana bu iqtibosni keltirgan:

"Ayfon 1000 dollardan koʻp tursa, uni endi qanday sotib olamiz? Balki birdaniga Oʻzbekistonda ayfonlar ishlab chiqarayotgandirmiz, shuning uchun kimdir unga muhtoj boʻlsa Toshkentda olishi kerak boʻlib qolgandir? Nimagadir bunday zavodlarni koʻrmayapman."

"Malika"ning yangi egasi

Ismi oshkor qilinmasligini soʻragan jurnalistning BBCga aytishicha, aslida mazkur qonun loyihasining ishlab chiqilishi Toshkent shahridagi elektronika va maishiy texnika mollarini sotuvchi "Malika" yarmarkasi bilan bevosita bogʻliq.

Yarmarkadagi doʻkonlar 2011 yilda shahar markazidagi Navoiy koʻchasidan Shayxontohur tumanidagi "Malika" savdo markaziga koʻchirilgan.

Fevral oyida "Malika" savdo markazi egasi almashgani ortidan doʻkonlar ikki oy davomida Soliq qoʻmitasi tomonidan bir necha kunga yopib qoʻyilgan.

Ijara pulini toʻlashiga qaramay, savdo qila olmayotgan qator doʻkonchilar aprel boshida norozilik namoyishini oʻtkazishgandi.

BBC manbasiga koʻra, savdo markazining yangi egasi - "Premium prime service" nomli kompaniya. Bu kompaniyaning internetda na sayti, yo na bogʻlanish uchun telefon raqamlari mavjud.

Jurnalistning bildirishicha, mazkur firma ortida yangi hukumatdagi yuqori doiralarga yaqin shaxs turibdi.

BBC ayni daʼvolarni tekshirmoqda.

"Soliq qoʻmitasi tomonidan kiritilayotgan 300 dollarlik limit loyihasi ana shu qudratli shaxsning hukumatdagi katta taʼsiri tufayli kiritildi. Chunki xorijdan pochta orqali telefon sotib olayotgan odamlar soni koʻpaymoqda. Bu shaxs esa telefonlar faqat "Malika" savdo majmuasidan sotib olinishi, va shu bilan monopoliya oʻrnatib, raqobatni va xaridorlarning tanlov huquqini boʻgʻayapti", - deydi u.

Munosabat

BBC "Malika"ning yangi egasi, undagi savdo toʻxtatib qoʻyilgani sabablari va nega 300 dollarlik limit kiritilishi taklif qilinayotganini bilish uchun Davlat soliq qoʻmitasining Toshkent viloyati boshqarmasiga bogʻlandi.

Ismini berishdan bosh tortgan matbuot xizmati xodimi BBC Oʻzbekistonda akkreditatsiya, yaʼni faoliyat yuritish ruxsatiga ega boʻlmagani vaji bilan savollarga javob berishdan bosh tortdi.

Transparency International tashkilotining korruptsiya borasidagi oxirgi yillik hisobotida Oʻzbekiston 176 mamlakat ichida 156-oʻrinni egallagan.

Oʻzbekistonlik jurnalistning tahlil qilishicha, mamlakatda korruptsiya va tanish-bilishchilikni yoʻq qilish boʻyicha sezilarli islohotlar qilinmayapti, balki sobiq hukumat aʼzolariga tegishli boʻlgan mol-mulkning yangi hukumatga yaqin egalarga qayta taqsimlanishi yuz bermoqda, xolos.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq