Jahon Banki O‘zbekistonni nimaga undasin?

Америка Image copyright President.uz

Yaqinda qo'l urilgan islohotlarga qaramasdan, O'zbekiston paxta sanoatida o'tgan yil ham majburiy mehnatdan sistematik ravishda foydalanish hollari kuzatilgan.

Hozir, O'zbekistonda ochilish nishonalari kuzatilayotgan bir paytda, Jahon Bankining majburiy va bolalar mehnatiga barham berish uchun izchil o'zgarishlarga undashi har qachongidan ham muhim.

Bu kabi xulosa va tavsiyaga UGF - "Inson huquqlari bo'yicha o'zbek-olmon forumi" nohukumat tashkilotining yangi hisobotida kelingan.

Unda yozilishicha, 2017 yilgi paxta mavsumida o'zlari kuzatishga muvaffaq bo'lgan barcha mintaqalarda davlat homiyligi ostidagi majburiy mehnat hollariga to'qnash kelishgan.

"Yillik paxta rejasini bajarish bosimi ostida qolgan mahalliy mulozimlar paxta yig'im-terimi ishlariga oddiy odamlarni jalb qilishda davom etishgan, ularning "mushuklarini deyarli hech kim pisht" demagan".

O'zbekistonda paxta yakkahokimligidan qutulish boshlandimi?

Paxta terimiga chiqmaganlar vatanni sevishmaydimi?

"Yana bir dalolat"

"Xyuman Rayts Votch" xalqaro inson haqlarini himoya qilish tashkilotining ma'lum qilishicha, yangi tafsilotlar bundan ikki yil burungi qo'shma hisobotlaridagisidan aytarli farq qilmagan.

2016 yilgi hisobotda O'zbekiston paxta sanoatidagi majburiy mehnat hollari Jahon Banki tomonidan moliyalanayotgan loyihalar amalga oshirilayotgan hududlarda ham kuzatilgani qayd etilgan.

Yangi hisobot ham Jahon Banki bilan kredit shartnomalariga zid bir ravishda, bunga o'xshash holatlarning hanuz davom etayotganini tasdiqlagan.

"Bu - loyihalarni to'xtatib qo'yishi uchun asos bo'lishning o'rniga, bank O'zbekiston paxta sanoati foyda ko'ruvchi loyihalarni zo'r berib sarmoyalashda davom etgan".

E'tirof

"Xyuman Rayts Votch", o'z o'rnida, paxta dalalaridagi majburiy mehnat hollarini ham ko'zda tutib, O'zbekiston o'tgan yil jiddiy siyosiy o'zgarishlarga guvoh bo'lganini ham e'tirof etgan.

BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil sentyabr oyidagi sessiyasida O'zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor mamlakatida majburiy mehnatdan istifoda etilishini oshkora tan olganiga to'xtalgan.

Buning ertasi kuni Jahon Banki Prezidenti Jim Kim ayni muammoni Mirziyoyev bilan muloqoti chog'ida ko'targanini ham eslatgan.

Oradan sanoqli kunlar o'tib, O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov paxta yig'im-terimiga jalb qilingan talabalar va ayrim davlat byudjeti sohasi ishchilarini ortga qaytarganini ham e'tirof etgan.

Ammo, "Xyuman Rayts Votch"ga ko'ra, UGF - "Inson huquqlari bo'yicha o'zbek-olmon forumi" nohukumat tashkilotining yangi hisoboti quvonishga hali ancha erta ekanini yaqqol ko'rsatgan.

Paxta yig'im-terimi oxirlarida bu ishchilardan aksariyati yana dalaga qaytarilgan, boshqalari esa, jarima to'lashlari tahdidi ostida o'z yonlaridan pul to'lab, mardikor yollashga majbur qilingan.

Ammo...

Kim yaqinda Mirziyoyev bilan yana uchrashdi, hukumatning O'zbekistondagi barchaning kelajagini porloq qilish sa'y-harakatlarida ko'mak berishlarini va'da qildi.

"Bu - xayrli debocha, ammo bu faqat quruq gap bo'lib qolmasligi kerak", - deydi "Xyuman Rayts Votch".

Xalqaro tashkilotiga ko'ra, O'zbekiston bilan birga ishlab, Jahon Banki ham bahorgi va ham kuzgi qishloq xo'jalik ishlarida majburiy mehnatga chek qo'yishga qaratilgan aniq muddatli reja tuzib, uni hayotga tadbiq etishi lozim.

Bundan tashqari, bu kabi huquqbuzarlik hollarining javobsiz qolmasligini ta'minlovchi yo'l xaritasi ham ishlab chiqilishi kerak.

"Xyuman Rayts Votch"ning yakunida xulosa qilishicha, "hozir, O'zbekistonning ochilish nishonalari kuzatilayotgan bir paytda, Jahon Bankining majburiy va bolalar mehnatiga barham berish uchun izchil o'zgarishlarga undashi har qachongidan ham muhim"dir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining o'tgan yilgi sessiyasida qilgan chiqishi chog'ida, "bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo'yicha ta'sirchan choralar ko'rilgan"ini bayon qilgan.

Bu - O'zbekiston yangi rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti yuqori minbaridan turib ilk bor nutq so'zlashi bo'lgandi.

Ta'kidlash joiz, yangi prezident ekan, Shavkat Mirziyoyev qisqa vaqtning ichida O'zbekistondagi deyarli barcha sohalarda islohotlar darakchisi bo'lgan yangiliklarga qo'l urishga ulgurgan.

AQShda chop etiladigan "Forbs" (Forbes) nashri yaqinda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni, hatto, Xitoyning islohotchi rahbari Den Syaopinga qiyoslagan.

Kennet Rapoza qalamiga mansub maqolada mintaqaning bir paytlar dunyoga yopiq va sho'ro uslubida boshqarilgan davlati endilikda o'zini o'zi "qayta ishga tushirish"ga urinayotgani aytilgan.

Shavkat Mirziyoyev orada O'zbekiston uchun sayyohlikning paxtadan ko'ra foydaliroq, daromadliroq ekanini rasman va oshkora e'tirof etgan birinchi O'zbekiston rahbari ham bo'lgandi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02