Narx-navo: guruch va goʻsht qimmatladi

Oʻzbekiston

May oyida Oʻzbekistonda goʻsht va guruch narxi koʻtarilgan, sabzavot narxlari pasaygan.

Oʻzbekiston Markaziy bankining maʼlum qilishicha, yangi hosil bozorga kirib kelishi natijasida pomidor, bodring va kartoshka narxlarining 63,8, 30,2 va 27,6 foizga arzonlashishi kuzatilgan.

Markazbank sariyogʻ va arranda goʻshti narxlari ham ( 2,4 va 1,3 foiz) ham qayd etgan.

Ayni paytda mamlakat boʻylab guruchning oʻrtacha narxi 16,7 foizga koʻtarilgan.

Bunga ob-havoning quruq kelishi va suv zaxiralari yetishmasligi sabab qilib koʻrsatilmoqda.

Suv tanqisligi bois Oʻzbekiston guruch yetishtiriladigan maydonlar hajmini 40 foizga qisqartirmoqchi.

Bu haqda Prezident Mirziyoyev 29 may kuni oʻtgan videoselektor yigʻilishida aytgan.

Prezidentga koʻra, hukumat Xorazm va qoraqalpogʻistonlik fermerlarga Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan guruch yetishtirish uchun yer ajratishni rejalamoqda.

Сурат манбаси, Xalq bilan muloqot

Markazbankning qayd etishicha, may oyida goʻsht mahsulotlari narxining oʻrtacha oʻsishi davom etgan.

Jumladan, mol va qoʻy goʻshti narxlari mos ravishda 5,0 va 3,7 foizga oshgani qayd etiladi.

Goʻsht narxining oshishiga asosiy sabab yem mahsulotlari narxining oshib borayotgani hamda yaylovlarda chorva mollari uchun oʻt kamligi ekani aytilmoqda.

Ayni paytda nooziq-ovqat mahsulotlar, xususan, maishiy texnika va gigiyena mahsulotlari narxi arzonlab borayotganini kuzatiladi.

Markazbankka koʻra, bu chegara savdosi hajmining oshishi va oʻzbek soʻmi qadrining mustahkamlangani natijasidir.

Oʻtgan yili hukumat oziq-ovqat narxlarini nazorat qilish boʻyicha maxsus komissiya tuzgandi.

Komissiya ichki bozorda narx-navoning sunʼiy koʻtarilib ketishiga qarshi choralarni ishlab chiqishi aytilgan.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek