100 ayol: Erkaklarning ikkinchi xotin olish olmasligini hal qiluvchi ayol kim?

Nenney Shushaidah Image copyright Joshua Paul for the BBC

Koʻpchilik shariat qoidalarining qattiqqoʻlligini tanqidga tutadi. Biroq Malayziyadagi Oliy Shariat mahkamasining ayol hakamlaridan biri aksar musulmonlar istiqomat qiladigan ushbu mamlakatdagi ayollar huquqini muhofaza qilishni oʻz vazifasi, deb biladi.

Hakam Nanni Shushayda bir kunda beshdan ortiq sud ishiga raislik qiladi va haftasiga 80 taga yaqin shikoyatni tinglaydi.

Islomning moʻtadil koʻrinishi koʻproq ommalashgan Malayziyada shariat qonunlari taʼsiri tinimsiz oshib bormoqda. Ikki tomonlama huquqiy tizim mavjud mazkur mamlakatning minglab musulmon fuqarolari axloqiy va oilaviy masalalarni hal etishda shariat qonunlariga murojaat etadilar. Musulmon boʻlmagan aholi esa dunyoviy qonunlarga amal qiladi.

Hakam Shushayda meros boʻlashishdan tortib zinoga taalluqli mojarolarga qadar boʻlgan ishlarni koʻrib chiqish bilan shugʻullanadi.

Ammo uning asosiy mutaxassisligi bola huquqlari va koʻpxotinlik masalalarini hal etishga asoslangan.

Shushayda xonim biror erkakning xotin ustiga xotin olishiga ruxsat berishdan oldin koʻplab omillarni koʻrib chiqishi haqida soʻzlaydi.

"Har bir ish oʻzgacha va murakkab. Siz Islom qonunlarini umumlashtirib, erkaklarning huquqi ayollarnikidan yuqori, deya olmaysiz. Men ana shu notoʻgʻri qarashni toʻgʻrilamoq mening istagim," deydi u.

Koʻpxotinlikka asoslangan turmush boshlamoqchi boʻlganlarning bari hakam Shushaydaning qoshida hozir boʻlishi zarur.

Image copyright Joshua Paul for the BBC
Image caption Malayziyada musulmonlar ko'pchilik

"Men, faqat erkaklar emas, hammani tinglashni xohlayman. Ayniqsa, ayollarning ikkinchi, uchinchi xotin boʻlishni chindan ham istayotgani yoki yoʻqligini bilishga intilaman. Bu yerda ayollarning roziligi juda muhim. Agar men ularning yuzida biror norozilik alomatini koʻrgudek boʻlsam, hech qanday nikohga ruxsat bermayman," tushuntiradi Shushayda xonim.

"Men ayolman, shu sababli ham koʻp ayollar ikkinchi xotin boʻlishni oʻziga ravo koʻrmasligini yaxshi tushunaman. Biroq Islom koʻpxotinlikka ruxsat beradi va Malayziya sudlari qoʻshxotinlikni qatʼiy nazorat ostiga olgan."

"Koʻpxotinlikka ruxsat olish uchun erkak kishida juda kuchli sabablar boʻlishi lozim," qoʻshimcha qiladi u.

"U birinchi va keyingi ayollari hayotini bekam-u koʻst taʼminlay olishini isbotlashi zarur. Uning qoʻl ostidagi biror ayoli ehtiyojlarini eʼtiborsiz qoldirishga haqqi yoʻq."

Image copyright Joshua Paul for the BBC

Hakam Shushayda baʼzi ayollar erining uyga kundosh olib kelishini qoʻllashi toʻgʻrisida gapiradi.

U ortiq farzand koʻra olmaydigan kasalmand ayol bilan bogʻliq bir ishni yaxshi eslashini aytadi.

"U erini jondan ortiq koʻrar va oʻzi ayollik vazifalarini bajara olmay qolgani uchun uning ikkinchi xotin olishini istar edi. Men ayolning istagini roʻyobga chiqishiga ruxsat berdim."

Malayziyaning har bir shtatida shariat qoidalariga turli darajada amal qilinadi.

Shushayda xonim oʻz dinining qattiqqoʻl qonunlari bir vaqtning oʻzida adolatli ekanligini ham maʼlum qiladi.

Lekin tanqidchilar va inson huquqlari guruhlari shariat qoidalarining koʻp hollarda notoʻgʻri qoʻllanilishini taʼkidlaydi.

"Ayollar, geylar yoki ijtimoiy va diniy ozchiliklar huquqlarini poymol qilmaydigan shariat qonunlariga nisbatan hech qanday qarshiligimiz yoʻq," deydi Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Osiyo mintaqasi boʻyicha direktori oʻrinbosari Fil Robertson Bi-bi-siga.

"Ammo Malayziyada qoʻllaniladigan shariat qonunlari aynan shunday huquqlarni poymol qiladi. Din hech qachon insonlarning tenglik huquqini qoʻpol ravishda buzish va diskriminatsiya qilishda sabab sifatida ishlatilmasligi kerak," deydi janob Robertson.

Inson huquqlari faollari yaqinda lesbian seks bilan shugʻullanishga uringan ikki malayziyalik ayolning savalanishini tanqid qilib chiqqan edi.

Mazkur sud ishiga aloqasi boʻlmagan Shushayda xonim faollar tanqidiga nisbatan shunday deydi: "Shariat qoidalariga asosan xipchin bilan savalash jinoyatchilarni tartibga chaqiradi."

Image copyright Getty Images
Image caption Shariat kamsitadimi yo tenglashtiradi?

Shuningdek, hakam Shushayda shariat qonunlarining faqat erkaklar foydasiga ishlamasligini ham taʼkidlaydi.

"Qonunlarimiz ayollar huquqini muhofaza qiladi, ularning biror nimadan zoriqmay, xavfsiz yashashini taʼminlaydi," izohlaydi u.

Shushayda xonim shariat mahkamalarini chetlab oʻtib, xorijda uylanib olayotgan malayziyalik musulmon erkaklar soni oshib borayotganidan xavotirlanishini maʼlum qiladi.

"Agar erkak chet elda uylanib olsa, u Malayziya qonunlari oldida javobgarlikdan xalos boʻladi. Ikkinchi xotinlikka rozi boʻlayotgan ayollarning koʻpchiligi, bu kelajakda oʻzlariga qarshi ishlashini anglamasdan, boʻlajak turmush oʻrtogʻi bilan xorijda nikohdan oʻtib kelmoqda. Shariat qonunlari ayollar manfaatini himoya qilib, erkaklar masʼuliyatini oshirishni koʻzda tutadi."

Islomdagi Opa-Singillar kabi ayollar guruhlari mahkamalarda "nozik jins vakillarining soni juda ozligi" va butun sudlov tizimida "patriarxal muhit hukmronligi"ni taʼkidlaydi.

Image copyright Joshua Paul for the BBC

"Malayziyada amal qiladigan shariat qonunlari nafaqat ayollarni kamsitadi, balki ularni ijtimoiy axloqsizlik manbasi sifatida ayblab, haqoratlaydi ham," deydi guruh soʻzchisi Moyida Hoshim.

O'zbekistonlik ayollar jinsiy qullikdan ozod etildi

Ayol ulamolar fatvosi: qizlarni erta turmushga bermang!

"Davlatga qarashli islomiy oliygohlar ayollar huquqini adolatli taʼminlash yoʻlida juda kam harakat qilgan… Soʻnggi vaqtlarda shariat qoidalari asosida olib borilgan ayrim mahkama ishlaridan xulosa qilinsa, ayollar ovozini boʻgʻishga urinishlar ortayotganini anglash mumkin."

Shu sababli ayol sifatida hakamlikka tayinlangan Shushayda xonim shariatga asoslangan sudlov tizimidagi ahamiyati yuqori.

"Oldinlari ayollar masalalarini deyarli erkak hakamlar ham etar edi," xotirlaydi u.

"Men hech qachon hakam boʻlishni orzu qilmaganman. Huquqshunos sifatida shunday yuqori lavozimni egallab, murakkab masalalarni hal qilishim hayolimga ham kelmagan edi. ayol sifatida ishonchsizlik va qoʻrquvni his qilgandim," davom etadi Shushayda xonim.

"Baʼzida oʻzimni oʻngʻaysiz sezaman. Ayol boʻlganim sababli ishlarni koʻrib chiqayotgan hech narsani his qilmayman, desam yolgʻon soʻzlagan boʻlaman. Biroq men hakamman va doimo xolis boʻlib, hech kimga yon bosmasligim zarur. Doim shunga amal qilishga harakat qilaman."

BBCUZBEK.COM Telegram +44 7858860002

https://t.me/bbcuzbek