BBC tadqiqoti: yoritilgan mavzuga qaytib...

Olmoniyadagi o‘zbekistonlik talabaning aytishicha, uning surati internet xabarlarida O‘zbekistonda o‘ldirilgan ayol, deya noto‘g‘ri ishlatilgan.

Shu oy boshlarida o‘zbek muxolifat namoyandasining blogi va qator yangilik veb sahifalarida Andijonda Gulsumoy Abdujalilova ekani aytilgan ayol o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Xabarlarda Gulsumoy Abdujalilovaning yaqin dugonasiga tayanib, uning Olmoniyada o‘qigani, noyabr oyida uyiga ta‘tilga qaytgan payt maxsus xizmat xodimlari tomonidan ushlanib, so‘roqqa tutilgani aytilgan.

Ayni manba‘ Abdujalilovaga tahdid etilgani va undan muhojirotdagi muxolifat namoyandasini o‘ldirish so‘ralgani, bu esa uning o‘zini o‘ldirishiga olib kelganini aytgan.

Xabar yuzasidan ilk shubhalar Olmoniyadagi ikki o‘zbek talabasi turli yangilik nashrlari bilan bog‘lanib, Gulsumoy Abdujalilovaga nisbat berilgan surat aslida ularniki ekanini aytishi ortidan paydo bo‘ldi.

Talabalar o‘z suratlarini ijtimoiy tarmoq saytlarida chop etishgan va o‘sha yerdan nusxa ko‘chirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin etganlar.

Ular BBC bilan bog‘langanlaridan so‘ng, BBCUzbek.com xabar tafsilotlarini yanada chuqurroq o‘rgana boshladi.

O‘z mavqe‘larini isbotlash uchun Olmoniyadagi talabalar o‘sha surat olingan joyga borib, ayni kiyimlarni kiygan holatda boshqatdan suratga tushishdi.

BBCUzbek.com suratdagi ayollarning da‘vo qilingani kabi Abdujalilova hamda uning nomi keltirilmagan hamrohi emas, balki haqiqatan ham talabalar ekanini aniqlash maqsadida ular bilan video muloqot uyushtirdi.

Natijada ko‘plab savollar paydo bo‘ldi.

Gulsumoy Abdujalilova haqidagi xabar tafsilotlari ikki manba‘dan kelgan.

Ular hozirda Shvetsiyada yashayotgan o‘zbekistonlik sobiq imom Muhammadsolih Abutov hamda aftidan, qurbonning yaqin dugonasi Xurshida Jo‘raboyeva.

Hodisa haqida birinchi bo‘lib janob Abutov taniqli inson huquqlari faoli, Mustaqil Inson Huquqlari Himoyachilari Alyansidan Yelena Urlayevaga xabar bergan.

Janob Abutovning aytishicha, u Abdujalilovani bir necha yil davomida bilgan, u bilan telefon va internet orqali muloqot qilgan. Janob Abutov Abdujalilovaning oila a‘zolari va do‘stlari haqida ma‘lumot bergan, ammo uning o‘zi bilan hech qachon yuzma-yuz ko‘rishmaganini aytgan.

Ikkinchi manba‘ - Xurshida Jo‘raboyeva esa yanada batafsilroq ma‘lumot bergan.

O‘zining aytishicha, u dugonasi bilan bir necha so‘roq jarayonlaridan so‘ng muloqot qilgan va Abdujalilova unga O‘zbekistonda hujumlarni rejalashtirgani haqida iqrorlik ko‘rsatmasi berishga majburlangani va o‘ziga yomon muomala qilinganini aytgan.

Oxirgi ikki yilda dugonasi bilan yuzma-yuz ko‘rishmagan Xurshidaning da‘vo qilishicha, Abdujalilova muhojirotdagi o‘zbek muxolifati namoyandasini o‘ldirish so‘ralganidan so‘ng, o‘z joniga qasd qilgan.

BBCUzbek.com ushbu da‘voni tasdiqlovchi nomani ko‘rdi, ammo uning haqqoniyligini aniqlash imkonsiz.

Ayni paytda Xurshida Jo‘raboyeva kichik yoshdagi qizi bilan O‘zbekistonni tark etgan. U boshqa bir MDH davlatida turib, BBCga o‘z ko‘rsatmasini tasdiqladi. Ammo Jo‘raboyevaning so‘zlariga ko‘ra, u O‘zbekistonni tark etayotgan payt Abdujalilova hamda oilasi bilan telefon muloqotlari yozuvi hamda SMS yozishmalarini o‘chirib tashlagan.

Surat atrofidagi chalkashlik xabar bilan bog‘liq yagona mavhumlik emas.

Gulsumoy Abdujalilova tahsil olgani aytilgan Myunxendagi universitet ma‘muriyati ushbu nomdagi o‘zbekistonlik talaba haqida hech narsa bilmasligini ma‘lum qildi.

Andijonga safar qilgan inson huquqlari faoli Yelena Urlayevaning qurbonning oilasini topishga urinishlari hozirga qadar hech qanday natija bermagan.

Bu ziddiyatlar esa ba‘zilarda Gulsumoy Abdujalilova haqiqatan bo‘lganmikan, degan savolni paydo qilgan. Agar uning qismati haqqoniy bo‘lsa, oilaning fojiasiga ko‘plab savollarga javob topish mushkulliklari ham qo‘shiladi.

Agar hikoya to‘qib chiqarilgan bo‘lsa, unda bu kabi uydirmani kim va nima maqsadda o‘ylab chiqardi, degan savol tug‘iladi.

Agar bularning ikkalasi ham bo‘lmasa, ushbu voqea rasmiylar izoh berishdan bosh tortadigan O‘zbekistonda eng oddiy faktni tasdiqlash ham qanchalik mashaqqatli ekanini ko‘rsatadi.