Britaniyalik o‘quvchilar o‘zbekistonlik tengdoshlarining ahvolidan 'g‘azablanganlar'

Image caption Britan o‘quvchilari O‘zbekistondagi bolalar mehnatiga qarshi 10000 imzo to‘plaganlar

Britan o‘quvchilari O‘zbekistondagi bolalar mehnatiga qarshi 10000 imzo to‘plaganlar.

Britaniya janubidagi Istborn shahridan bo‘lgan bir guruh yuqori sinf talabalari O‘zbekistonda bolalar mehnatidan hamon foydalanilayotganiga e‘tiroz bildirish uchun Ovro‘po Ittifoqining poytaxti Bryusselga yo‘l olganlar.

Bishop Bell nomli o‘rta maktabining besh nafar 10-chi sinf o‘quvchilari Ovro‘po Ittifoqi prezidentiga 10 ming kishi imzolagan petitsiyani topshirganlar.

Petitsiyada Ovro‘po Ittifoqidan O‘zbekiston majburiy bolalar mehnatidan voz kechmaguncha, unga nisbatan imtiyozli savdo tariflarini qo‘llamaslikni talab qilinadi.

Bishob Bell o‘rta maktabining direktori Neil Pitman Bi-bi-si bilan suhbatda britaniyalik bolalarning ushbu tashabbusi qanday boshlanganligi haqida hikoya qilib berdi.

Neil Pitman: Bizning maktabimizda o‘quvchilar jamiyatshunoslik darsida BMTning Bolalar huquqlari konventsiyasini o‘rganishayotgan edi. Ular bolalar huquqlarining turli jihatlarini o‘rganar ekanlar, kambag‘allik va bolalar mehnati masalalari ham o‘rganildi. O‘zbekistonda bolalar mehnati muammosi haqida Antisleyveri Interneshnl tashkiloti veb-sahifasidan ma‘lumot oldik. Bu tashkilot Ovro‘po Ittifoqi parlamenti a‘zolariga bu muammoga e‘tibor qaratishlarini so‘rab petitsiya tayyorlashayotgan ekan. O‘quvchilar dastlab bu muammoni o‘rganib chiqishdi, keyin ularga kampaniya olib borish uchun maktub qanday yozilishini o‘rgatishdi. Lekin ularga maktubni jo‘natishingiz kerak, deb aytilgani yo‘q. Lekin bu muammo haqida qattiq qayg‘urgan o‘quvchilar bizning saylov uchastkasidan Ovro‘po Parlamenti vakili bo‘lgan deputatga va O‘zbekistondan olingan paxtani ishlatishi aytilgan ikki do‘konga bu masala yuzasidan maktub yo‘lladilar.

Bi-bi-si: Antisleyveri Interneshnl sizning maktabga kelib, bu tashabbusni ilgari surdimi yo sizning o‘zingiz bu kabi tashabbus bilan chiqdingizmi?

Neil Pitman: Biz dastlab bolalar mehnati haqidagi ma‘lumotni ularning veb-sahifasidan topdik. Keyin bu ma‘lumotni boshqa manbalardan ham o‘rgandik. Biz maktub yo‘llagan Ovro‘po parlamenti a‘zosi allaqachon bolalar mehnatiga qarshi kampaniya ishtirokchisi ekanligi aytib, bizga javob yo‘lladi. Petitsiya yozilganidan so‘ng, Ovro‘po parlamenti a‘zosi bizdan bu kampaniyaga faolroq qo‘shilishni va agarda mumkin bo‘lsa, Bryusselga borib petitsiyani taqdim etishimizni so‘radi. Shunday qilib, O‘zbekistonda paxta terimiga jalb etilganlar orasida bo‘lgan deya ishonilgan bolalarning yoshiga teng o‘quvchilarmiz Bryusselga yo‘l olishdi.

"O‘zbekistonda tug‘ilib qolsam, paxta dalasida ishlayotgan men bo‘lishim ham mumkin edi"

Jasmin Daun, Bishop Bell maktabi o‘quvchisi

Bi-bi-si: Biz ancha keng tadqiqotlar o‘tkazdik, dedingiz. O‘zbekistondagi bolalar mehnati haqida nimalarni bilishga qodir bo‘ldingiz?

Neil Pitman: Bizning bilishimizcha, Ovro‘po o‘zbek paxtasini sotib olish uchun muayyan subsidiyalarni taqdim qilar ekan. Mamlakat iqtisodi paxtaga bog‘liq bo‘lgani uchun shunday qilinar ekan. Ko‘plar o‘quvchilar paxta terimi mavsumida o‘qishdan qolib paxta terar ekanlar va bu majburiy ekan. Ular nafaqat o‘qishdan qolishar ekan, balki paxta terish uchun ularning bo‘yniga kundalik majburiyat ham yuklanar ekan.

Bi-bi-si: Petitsiyaga 10 ming kishi imzo chekdi, deyilgan. Buncha ko‘p tarafdorni yig‘ishga qanday muvaffaq bo‘ldingiz?

Neil Pitman: Bizning maktabimizdan bir necha yuz kishi petitsiyaga imzo chekdi, Antisleyveri Interneshnl tashkilotining veb-sahifasi orqali bir necha imzolar yig‘ildi. Petitsiyani Bryusselga olib borgan vaqtimiz 3000 imzo bor edi, keyin u yerda ham imzolar to‘plandi va nihoyat petitsiya Ovro‘po parlamentining Savdo qo‘mitasi a‘zolariga topshirildi. Ishonishimizcha, yaqin orada Strassburgga Markaziy Osiyo va xususan O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini ham o‘z ichiga olgan masalalarning muhokamasi bo‘lib o‘tadi. Petitsiyani ana shundan oldin topshirishga harakat qildik.

Bryusselda petitsiyani taqdim etgan Bishob Bell maktabining o‘quvchilaridan biri - Jasmin Daun. U O‘zbekistondagi bolalar mehnati borasida fikrini shunday izhor etdi:

Men bu haqda ma‘lumot olganimdan keyin juda g‘azabga tushdim va boshqalarni petitsiyaga imzo chekishga ishontirishga harakat qildim, ko‘plar tayyorgarlik bilan imzo chekdilar. Men tasodif tufayli bu yerda yashab o‘qiyman, lekin O‘zbekistonda tug‘ilib qolsam, paxta dalasida ishlayotgan men bo‘lishim ham mumkin edi-ku.

Shanon Xarris, ham Bryusselga borib, ushbu kampaniyada faol qatnashngan o‘quvchilardan:

Men bu haqda eshitganimda dahshatga tushdim. Ularning o‘ngida tanlov yo‘q ekan, paxta terish majburiy. Hamma bolalar maktabga borish huquqiga ega bo‘lishlari kerak, bu juda noto‘g‘ri.