"Birdamlik" Toshkentda Konstitutsiya nusxalarini tarqatmoqda

Muxolifatdagi "Birdamlik" xalq harakati O‘zbekiston ruspublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 19 yil to‘lishi munosabati bilan Toshkent shahrida Konstitutsiya nusxalarini tarqatgan.

Ushbu harakat bugun "Oloyda-osh" xayriya lotereyasi o‘tkazishni ham rejalagandi, ammo so‘nggi damlarda O‘zbekiston qonunchiligiga zid ekanligi inobatga olinib bu fikrdan qaytilgan.

Tadbirda birdamlikning 10 dan ziyod faoli qatnashgani aytilmoqda. Kuzatuvchilar bu kabi nomukammal tadbirlar O‘zbekiston muxolifatining chunqur inqiroz holatida ekanligidan darak berishini ta‘kidlalashadi.

"Oloy" bozoriga kiraverishda odamlarga konstitutsiya kitoblarini tarqatish tadbirida "Birdamlik"ning 15-16 nafar faoli qatnashgan. Harakat faollarini bu vaqt davomida fuqaro kiyimidagi huquq-tartibot organi xodimlari kuzatib turgani aytilmoqda.

"Birdamlik"ning O‘zbekiston bo‘limi rahbari Malohat Eshonqulovaning BBCga aytishicha, 30 nafardan ortiq maxsus kuch vakillari oddiy odamlarning harakat faollariga yaqinlashtirmaslik uchun jonli to‘siq tashkil qilishgan.

"Oloy bozorining bosh darvozasi oldida kattagina yalanglik joy bor. O‘sha yerda turib konstitutsiya kitoblarini tarqatayapmiz. Hamyurtlarimizni Konstitutsiya bayrami bilan tabriklayapmiz. Atrofimizni maxsus xizmat xodimlari jonli devor bilan o‘rab olishganki, bironta zog‘ yonimizdan o‘tmaydi. Aholini bizga yaqinlashtirmaslik uchun kamida 50 metr masofa naridan aylantirib o‘tkazib yuborayapti", - deydi Malohat Eshonqulova.

Tadbir davomida 35 ta rus tilidagi konstitutsiya nusxalari tarqatilgan. Harakat faollari Toshkentning kitob do‘konlarida Konstitutsiya yo‘qligini aytishadi.

"Birdamlik" Konstitutsiya kuni munosabati bilan "Oloyda - osh" xayriya lotereya tadbirini o‘tkazishni rejalagandi. Unga ko‘ra ushbu lotereyada 50 dollardan tortib ming dollargacha hadyalar o‘ynalishi va ishtirokchilar tadbirdan so‘ng osh qilib o‘tirishi kerak edi.

Ammo "Birdamlik"ning O‘zbekistondagi rahbari Malohat Eshonqulova harakat faollari bilan maslahatlashgan holda ushbu lotereya o‘yinini o‘tkazmaslikka qaror qiladi. Harakat a‘zolari bu kabi tadbir O‘zbekiston qonunchiligiga zid ekanligini o‘rganishi bunga sabab bo‘lgan.

"Bizning ya‘ni "Birdamlik" ning moddiy manfaatdorligi yo‘q deb o‘ylagan ekanman va bunga litsenziya olish shart emas deb kalta o‘ylagan ekanman. Keyin qarasam, jinoyat kodeksining 190-moddasida "Maxsus ruxsatsiz, litsenziya olmasdan faoliyat olib borish, agar ma‘muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa 3 yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish" jazosi belgilangan ekan," deydi oldin qariyb 3 million so‘mlik ma‘muriy jazoga tortilgan Malohat Eshonqulova.

"Birdamlik" bungacha OSh (Ommaviy shikoyat) tadbiri o‘tkazishga harakat qilgandi, ammo shikoyatchilarning o‘ta kamligi ushbu tadbirning rejalanganidan amalga oshmasligiga sabab bo‘lgan.

Siyosiy tahlilchi Kamolliddin Rabbimov "Birdamlik" harakatining bu kabi nomukammal tadbirlari muxolifatning qay daraja inqirozda ekanligini ko‘rsatuvchi bir omil ekanligini aytadi.

"Men ushbu tashkilot atrofida ham uning yo‘lboshchilari tomonidan ham bir jiddiylikni ko‘rmaganman. O‘zining ustida ishlamaslik, muammoga, masalaga jiddiy yondoshmaslik yoki yengil tadbirlar bilan bamisoli katta obro‘ topishga intilish o‘zbek fuqarolik jamiyati va muxolifatining halokatli holatidan dalolat beradi", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Demokratik davlat ekanligi da‘vo qiladigan O‘zbekistonda muxolifatning faoliyat olib borishiga keskin to‘siqlar qo‘yilgan. Birorta muxolif harakati yoki partiyasi respublika hududida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.