Tojikistonda bo‘lajak mehnat muhojirlariga rus tilini o‘rgatish boshlandi

Tojikiston poytaxti Dushanbeda mehnat muhojirlariga saboq beradigan birinchi Rossiya-Tojik markazi ish boshladi.

Besh oy mobaynida 100 ga yaqin bo‘lajak mehnat muhojiri biror bir kasbni va rus tilini o‘rganishlari, Rossiya qonunchiligi, bu mamlakatdagi urf-odatlar bilan bilan tanishishlari lozim.

Ushbu loyihaga Rossiya Federal Migratsiya xizmati bosh-qosh bo‘lmoqda, ushbu xizmat rahbariyatiga ko‘ra, Rossiyaga yetib borishidan oldin xorijiy mamlakat fuqarosi rus tilini bilmog‘i, o‘z kasbi va kafolatlangan ish joyiga ega bo‘lmog‘i kerak.

Aynan rus tilini bilmaslik chet elliklarning Rossiyadagi huquqiy mavqeini og‘irlashtiradi va ko‘pincha bu odamlar firibgarlarning qurbonlariga aylanadilar.

Rossiya-Tojikiston Slavyan universitetidagi darslarda Rossiyaga borgan muhojirga asqotadigan so‘z va iboralar o‘rgatiladi. Misol uchun, aeroportda nima deyish kerak, ish beruvchi bilan suhbatlashayotganda, dorixona va oziq-ovqat do‘konida qanday so‘zlarni ishlatish mashq qilinadi.

"Besh oy davomida xorijlikka rus tilini to‘la o‘rgatish qiyin. Shuning uchun biz Rossiyada kerak bo‘ladigan nutq holatlarini mashq qilamiz. Bizning dasturlarimiz juda oddiy, lekin buni ham muhojirlarning o‘rganishlari oson bo‘lmayapti", - deydi markaz o‘qituvchisi Ilmira Samadova.

"Sizga bu holatlar va savollar juda oson ko‘rinishi mumkin, lekin mening o‘quvchilarimdan ko‘pi bu savollarga javob bera olmaydilar. Shunday holatlar ham bo‘lgan: Rossiya bojxonachisi muhojirdan "Giyohvand modda bormi?", deb so‘raganida, tilni bilmaydigan gastarbayter "Ha", deb javob bergan", deydi Ilmira Samadova.

Yana partaga

Ushbu ilk loyiha talabalari Rossiyaga borayotgan aksar Tojik mehnat muhojirlari singari asosan qishloq joylaridan kelgan yoshlardir. Ko‘pchilik uchun muhojirlik oilani boqishning yagona manbaiga aylangan.

O‘spirinlarning ayrimlari maktabni chala tugatgan, yana kimningdir attestati bor, lekin oliy o‘quv yurtiga kira olmagan.

Ular bu yerga Rossiya Federal Migratsiya xizmati taklif etgan kafolatlar uchun kelishganini tan olishdi: agar imtihonlarni yaxshi topshirsalar, ularga Rossiya Federatsiyasida ishlash ruxsatnomasi beriladi va ishga joylashadilar.

18 yashar Firuz bu kursga Xatlon viloyatining Farxor tumanidan kelgan. U rus tilida qiynalib gaplashadi, lekin u rus tilini o‘rganishni juda ham xohlayotganini aytadi.

"Rus tilini bilmasdan Rossiyaga boradiganlar ko‘pincha insofsiz ish beruvchilar va insofsiz vositachilarning qo‘liga tushib qoladilar. Ular ishlash ruxsatnomasini rasmiylashtirish uchun 8000 rubldan 25000 rublgacha so‘rashadi. Rasmiy ruxsatnomaning o‘zi esa atigi 2000 rubl turadi."

Viktor Sebelev, Rossiya Federal Migratsiya xizmati Tojikistondagi vakolatxonasi rahbari

"Maktabni tugatganimdan keyin pulimiz yo‘qligi sabab o‘qishimni davom ettirolmadim. Oilamizda faqat otam va katta akam rus tilida gaplasha olishadi. Bu yerga kelganimning sababi, rus tilini o‘rganib, kasbni egallamoqchiman. Bu narsa menga Rossiyada qonuniy ishga joylashishimga yordam berishiga ishonchim komil bo‘lishini istayman", deydi Firuz.

Eng quyi tabaqa

Shu yil noyabr oyi oxirida Rossiya Davlat Dumasi yangi qonun loyihasini birinchi o‘qishdayoq qabul qildi, bu qonun Rossiyadagi Uy-joy kommunal xo‘jaligi, savdo va maishiy xizmat sohalarida band bo‘lgan mehnat muhojirlarining rus tilini bilishlari majburiyligi haqidagi qonundir. Tilni bilish davlat test idorasidan olingan sertifikat orqali tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Federal Migratsiya xizmatining Dushanbedagi vakolatxonasi rahbari Viktor Sebelevning aytishicha, muhojirlar Rossiya aholisi orasidagi eng quiy tabaqa hisoblanadi: ishga qabul qilinayotganda muhojirning hujjatini tortib olib qo‘yish va hech qanday haq to‘lamaslik odatiy holga aylanib ulgurgan.

Janob Sebelev aytishicha, bir million atrofidagi tojikistonlik mehnat muhojirlarining 80 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiyaga borishadi, ularning ko‘pchiligi umuman rus tilini bilishmaydi, yo juda ham qiynalib gapirishadi.

Besh oy davomida talabalar rus tili bilan birga kasb-hunar ham o‘rganadilar.

"Rus tilini bilmasdan Rossiyaga boradiganlar ko‘pincha insofsiz ish beruvchilar va insofsiz vositachilarning qo‘liga tushib qoladilar. Ular ishlash ruxsatnomasini rasmiylashtirish uchun 8000 rubldan 25000 rublgacha so‘rashadi. Rasmiy ruxsatnomaning o‘zi esa atigi 2000 rubl turadi. Ko‘pincha ular tayyorlab berishadigan hujjatlar soxta ham bo‘ladi, oqibatda Rossiyaga borgan odam shu zahotiyoq nelegalga aylanadi, uni har qanday payt mamlakatdan chiqarib yuborish mumkin bo‘ladi", - deydi Viktor Sebelev.

Sobiq Sho‘ro respublikalaridan Rossiyaga mehnat muhojirlarini yuborish allaqachon jinoiy biznesga aylanib ulgurgan, bu biznesga yuzlab odamlar jalb etilgan. Rossiyaga borgan odamning rus tilini bilmasligi muhojirlarning muammolaridan daromad ko‘radigan odamlarga foydali hisoblanadi.

Markazda ham rus tilini va ham kasb-hunar o‘rganish imkoniyati mavjud

"Ko‘pincha, ular muhojirlarning vatandoshlaridir. Bu odamlarning Federal Migratsiya xizmati, tibbiyot muassasalari va Rossiya politsiyasida o‘z odamlari bor. Ruxsatnomalar soxta, biroq bundan tushadigan pul miqdori juda katta", deydi Rossiya migratsiya xizmati vakili.

Til muammosi

Rossiya va Tojikiston muhojirlik idoralarida Rossiyaga ishchi kuchini safarabar etishning tashkillashtirilgan tizimini tuzish zarurligini yaxshi tushunadilar, lekin bu tizim endi-endi ishga tushirilayapti.

"Muhojirlarni Rossiyadami yoki o‘zlarining vatanidami, baribir tayyorlash kerak. Har qanday holatda ham o‘zlarining vatanida bu arzonga tushadi va odamlarning o‘zlari uchun ham qulay", - deydi Rossiya-Tojikiston Slavyan universiteti qoshidagi "Russkiy mir" jamg‘armasi rahbari Marina Koftun.

Sho‘rolar Ittifoqi parchalanganidan keyin Tojikistondan bir milliondan ziyod rusiyzabon aholi chiqib ketdi, ikki yil ilgari Tojikistonda "Davlat tili" haqidagi qonun qabul qilindi, ushbu qonunga muvofiq, rus tili millatlararo muloqot tili mavqeidan ayrildi. Bu narsa yanada ko‘proq rus tilidagi so‘zlashuvchilarning mamlakatni tark etishlariga turtki berdi.

"Respublikada rus tili va adabiyoti o‘qituvchilari umuman yetishmaydi. Rus tilini o‘rganish istagi bor, biroq imkoniyat yo‘q. Shuning uchun ham muhojirlar rus tilini yaxshi bilishmaydi", - deydi Marina Koftun.

Tojikiston Maorif vazirligi Rossiyadan 400 rus tili va adabiyoti o‘qituvchisini taklif etdi - bundan 100 yil oldin mamlakatda ilk maktablar ochilayotgan paytda ham Rossiyadan muallimlar taklif qilingan edi.

"Rossiya mehnat resurslariga muhtoj va shuning uchun ham Rossiyaga ishlash uchun borayotganlarning rus tilini bilishidan ular manfaatdorlar, - deydi Rossiya-Tojikiston Slavyan universiteti prorektori Rahmon O‘lmasov. - Agar ma‘rifiy muhojirlik siyosatini yuritish istagi bo‘lsa, Markaziy Osiyo xalqlariga tayanish kerak. Bu muhim, chunki bizning mamlakatlarimizni yagona tarix birlashtiradi".

Hozircha Rossiya yosh tojiklar afzal ko‘rayotgan mamlakatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallaydi. Ammo oxirgi paytlarda Tojikistonda ingliz tili va Xitoy tilini o‘rganishni istayotganlarning soni ortib bormoqda. Buning sababi, mahalliy ekspertlar fikricha, Rossiyada ksenofobiya kuchayganligi va u yerda gastarbayterlarning vahshiylarcha o‘ldirilishi hollari ko‘payganidir.