BBC mehmoni-taniqli jurnalist Sharof Ubaydullayev

Image caption Sharof Ubaydullayev sobiq Markazqo'm va Prezident devonida mas'ul lavozimlarda ishlagan

BBCUzbek.com o‘quvchilarining savollariga taniqli o‘zbek jurnalisti Sharof Ubaydullayev javob beradi.

Sharof Ubaydullayev 1943 yilda Jizzax tumani Rovot qishloq sovetining Ko‘rpasoy qishlog‘ida tug‘ilgan.

Jizzax shahridagi 3-maktabni bitirib, Toshkent Davlat Universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kirgan.

O‘qishni bitirib, "Sirdaryo haqiqati" ro‘znomasida ishlagan.

Sovet armiyasi saflarida xizmat qilganidan so‘ng, 1968-1977 yillar orasida "Sovet O‘zbekistoni" ro‘znomasida kichik adabiy xodim, xodim va feleton bo‘limi mudiri lavozimlarida ishlaydi.

1977 yilda O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetining matbuot sektoriga ishga o‘tib, avval instruktor, keyin matbuot sektori mudiri lavozimlarida ishlagan.

1982 yildan 1985 yilgacha "Toshkent oqshomi" - "Vechernыy Tashkent" ro‘znomalarida bosh muharrirlik qilgan.

1985 yil dekabrida Markazqo‘m byurosining qarori bilan "partiyaviy va jurnalistik etikani buzganligi uchun" bosh muharrirlikdan chetlatiladi.

Uning o‘zi "rashidovchilikka qarshi kurash" nomini olgan kampaniya qurboni bo‘lganini aytadi.

1986 yil boshida Markazqo‘m tavsiyasi bilan O‘zbekiston nashriyotining siyosiy adabiyotlar bo‘limiga ishga tiklanadi.

1988 yilda nashriyot bosh muharriri etib tayinlangan.

O‘zining aytishicha, bir yil utib, Markazqo‘mning yangi birinchi kotibi Rafiq Nishonovning "rashidovchilar"ga qarshi ma‘ruzasidan keyin bosh muharrirlikdan chetlatilgan.

1989 yil iyunida Islom Karimov Markazqo‘mga birinchi kotib etib tayinlanganidan ko‘p o‘tmay, "Sovet O‘zbekistoni" ro‘znomasining yangi tashkil etilgan "qayta qurish va ijtimoiy adolat" bo‘limiga mudir etib tayinlangan.

Jurnalist ayni lavozimda o‘zbeklar ishi va paxta ishi bilan bog‘liq hukumat komissiyasi faoliyatini yoritganligini urg‘ulaydi.

1991 yilda O‘zkompartiya Markaziy Qo‘mitasining matbuot guruhi rahbari (matbuot kotibi) bo‘lib ishlagan Sharof Ubaydullayevning eslashicha, 1991 yil 18 avgust, GKChP (Favqulodda Holatlar Davlat Qo‘mitasi)ning birinchi kuni GKChP qarorlarini yoritish-yoritmaslik borasidagi tortishuvlar sabab matbuot guruhi tarqatib yuboriladi.

31 avgustda mustaqillik e‘lon qilinganidan so‘ng, O‘zbekiston Prezidenti devoni kadrlar bo‘limining sektor mudiri, keyinroq esa bo‘lim mudirining o‘rinbosari lavozimlarida ishlaydi.

1992 yil iyulida "O‘zbekiston ovozi" (sobiq "Sovet O‘zbekistoni") ro‘znomasining bosh muharriri etib tayinlangan Sharof Ubaydullayev 1994 yilda ushbu lavozimdan "tahririyat siyosati bilan kelishmagani uchun" iste‘fo berganini aytadi.

Hozir nafaqada, uch o‘g‘il, besh nabirasi bor.

BBC mehmoniga savollaringizni sahifamiz pastidagi forma orqali yo‘llang.

Suhbatni shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz, uning to‘liq matni bilan ushbu sahifada tanishishingiz mumkin.

Elektron pochtamiz manzili: uzbek@bbc.co.uk

SMS telefon raqamimiz: +44 (0) 207 5571709