Turkman saylovlari oldidan prezident shaxsiga sig‘inish yana kuchaygan

Image caption Turkman prezidentining bahaybat portretlari butun mamlakat bo‘ylab ko‘zga tashlanadi

Turkmanistonda prezidentlik saylov kampaniyasi boshlanishi arafasida mamlakatda prezident shaxsiga sig‘inish holatlari kuchaya boshlagan.

Turkmanistondagi manbaalarning aytishicha, mamlakat bo‘ylab shahar ko‘chalari Prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning portretlari bilan to‘lgan.

Endilikda "Arkadag‘" (Orqatog‘) yoki "Rahnamo" deb izzatlanayotgan Berdimuhammedov janoblari sharafiga qo‘shiqlar bastalanmoqda.

Yaqinda ushbu yopiq davlatda bo‘lib kelgan jurnalistning BBCga aytishicha, Berdimuhammedov janoblarining portretlari uchoqlardan boshlanadi.

"Mamlakatga tegishli aviakompaniya uchoqlarining hammaga ko‘rinarli joyiga kattagina qilib Gurbanguli Berdimuhammedov surati osilgan. Davlatga tegishli sariq taksilarning ichida ham kichikkina qilib prezidentning surati yopishtirilgan. Hatto poytaxt Ashxoboddan uzoq hududlarda ham Berdimuhammedovning suratlarini yo‘l bo‘ylab ko‘rish mumkin", - deydi ismi sir qolishini istagan jurnalist.

Suhbatdoshimning e‘tiborini tortgan narsa shu bo‘lganki, mamlakatdagi kitob do‘konlarida Gurbanguli Berdimuhammedovning salomatlik va tulporlar haqida yozgan kitoblarini 20 dollardan kam bo‘lmagan bahoda sotib olish mumkin.

O‘z navbatida marhum Turkmanboshi Saparmurat Niyozovning "Ruhnoma" kitobi endi yangi yo‘lboshchinikidan besh barobar arzon, ya‘ni 4 dollardan sotilmoqda.

Markaziy telekanallar ham Berdimuhammedovning o‘z amaldoriga topshiriq berayotgani yoki rasmiy tashrif bilan biror yerga borgani haqidagi ko‘rsatuvlar bilan to‘lgan.

Shu kunlarda Turkmaniston betaraf deb e‘lon qilinganining 16 yilligi mamlakatda keng nishonlandi. Turkmaniston davlat axborot agentligi poytaxtdagi "Ashxobod" stadionida bo‘lib o‘tgan bayram tantanalarini batafsil yoritdi.

Agentlik tomonidan yozilgan maqolada marhum Turkmanboshining nomi biror yerda ham esga olinmaydi. Amaldagi prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning mavjudligi bugungi "baxtli hayot"ning sababchisi qilib ko‘rsatiladi.

"Asrlar davomida turkmanlar osuda va tinch sharoitda yashab, vatan farovonligi uchun o‘zining iqtidorini rivojlantirishni orzu qilgandi. Endilikda Prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning yoshlarni millatning eng yaxshi an‘analari ruhida tarbiyalash bo‘yicha uzoqni ko‘ra biluvchi siyosati tufayli turkmanistonliklarning yosh avlodi ushbu imkoniyatga ega bo‘ldi", - deyiladi davlat agentligi saytida chiqqan maqolada.

Agentlik saytida yozilishicha, tantanali kontsertning eng oliy nuqtasi bayram so‘ngida ijro etilgan "Turkman xalqining Arkadag‘iga shuhrat" nomli mashhur qo‘shiq 20 minglik stadionni larzaga solishi bo‘lgan.

Shu yilning avgust oyida Turkmaniston Oqsoqollar kengashi Gurbanguli Berdimuhammedovga Arkadag‘ unvonini berish taklifi bilan chiqqandi.

Ushbu unvon rasman ovozga qo‘yib tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, u keng qo‘llanila boshlagan va bu borada qo‘shiqlar ham yozilgan.