Alisher Usmonov"Kommersant" nashriyot uyi rahbarlarini iste‘foga chiqardi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Alisher Usmonov 2006 yildan buyon "Kommersant" ning xo‘jayini sanaladi

"Kommersant" xo‘jayini Alisher Usmonov "Kommersant-Xolding" Aktsionerlik tashkilotining bosh direktori Andrey Galiyev va "Kommersant-Vlast" jurnalining bosh muharriri Maksim Kovalskiyni egallab turgan vazifasidan ozod qilinganlarini aytgan.

"Vlasti" ning oxirgi soni mazmuni Usmonovning noroziligiga sabab bo‘lgan.Bir qancha maqolalarni xolding xo‘jayini jurnalist etikasini buzilishi sifatida baholagan.

Xabarlarga ko‘ra, gap jurnalda chop etilgan fotosuratlar ichida Bosh vazir Vladimir Putin shaxsiga nisbatan so‘kinish so‘zlari haqida bo‘lgan.

"Bu maqolalarni bezorilik deyish mumkin",-deyiladi Usmonovning murojaatida.

Bu janob Usmonovning tahririyat siyosatiga omma oldida birinchi bor aralashishidir.

Janob Usmonov shuningdek "Vlasti" jurnalining bosh muharriri Maksim Kovalskiyga nisbatan sudga murojaat qilinishi mumkinligiga ishora qilgan.

Nashriyotga ko‘ra, "Kommersant"nashriyot uyining bosh direktori Demyan Kudryavtsev ham iste‘fo bergan.

Janob Usmonov uning arizasini yaqin ikki haftada ko‘rib chiqilishini bildirgan.

Unga nisbatan qaror nashriyot uyining kelgusi yilgi byudjeti tasdiqlanganidan keyin qabul qilinishi aytilgan, deb xabar bergan "Gazeta.ru" sayti.

"Kommersant" saytida esa xodimlar o‘zgarishi haqida hech narsa yozilmagan.

"Ommaviy tashlaganlar g‘alabasi"

"Kommersant-Vlast" jurnalining oxirgi soni dushanba, 12 dekabr kuni chiqqan bo‘lib, 4 dekabr kuni Rossiyada bo‘lib o‘tgan Davlat dumasi saylovlariga bag‘ishlangan.

Bosh maqola " Ommaviy tashlaganlarning g‘alabasi"deb nomlangan.

Maqolada saylovda ovoz berish paytida sodir etilgan ko‘p sonli qonunbuzarliklar va soxtalashtirishlar haqida so‘z yuritilgan.

" Bo‘lib o‘tgan saylovlar va eng avvalo "Yagona Rossiya"ning shov-shuvli past natijasi shuni ko‘rsatdiki, mamlakat allaqachon o‘zgargan va hukumat buni inkor qilishi mumkin emas",-deb boshlanadi maqola.

"Vlasti" jurnalistlari saylov bo‘linmalarida ishlagan kuzatuvchilar bilan suhbatlashganlar va o‘zlari ham ovoz berish jarayonidagi kamchiliklarga guvoh bo‘lganlar.

Bi-bi-si bilan suhbatda Maksim Kovalskiy vazifasidan o‘z istagi bilan ketmaganligini aytgan:

- Meni ishdan bo‘shatmasliklarini afzal ko‘rgan bo‘lardim, lekin bo‘shatishdi.

Jurnalda chop etilgan suratga kelsak, bizning qo‘limizda saylovlar mobaynida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatuvchi byulliten fotosurati bor edi.

Bu byulliten Londondagi Rossiya elchixonasida tashkil etilgan saylov qutisiga tashlangan.

Unda Yabloko partiyasi o‘ngida katak belgisi qo‘yilgan, boshqalari bo‘sh, bu byulliten unda boshqa iboralar bormi-yo‘qligidan qat‘iy nazar qayd qilinishi kerak edi.

Lekin uni bekor qilishgan. Bu byullitenda Putin haqida nimalardir yozilganining ahamiyati yo‘q. Kovalskiyning aytishicha, jurnalistik etikasini buzgan, deya o‘zini hisoblamaydi.

Bi-bi-si Alisher Usmonovning matbuot xizmatiga murojaat qildi.

U yerdan kelgan javobda Alisher Usmonovning so‘zlari keltirilgan:

-Men uchun "Kommersant" nashriyot uyining tahririy siyosatiga aralashmaslik eng printsipial mavqeim bo‘lib kelgan.

Biroq axloqiy va etika andozalari bor va ular bu holda buzilgan edilar.

Axborot vositalari bezorilik uchun maydonchalarga aylanmasligi kerak, degan Alisher Usmonov.

"Kommersant" nashriyot uyi "Kommersant" gazetasi asosida 1989 yili tashkil qilingan.

2006 yili tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan sotib olinadi.

Xolding "Kommersant" ro‘znomasi va ilovalarini, "Kommersant-Ukraina","Vlast", "Dengi","Ogonyok" jurnallarini chiqaradi.

"Gazeta.ru" dagi o‘zgarishlar

Dekabr boshida "Kommersant" nashriyot uyiga qarashli "Gazeta.ru" ning bosh redaktor o‘rinbosari ham vazifasidan bo‘shagan.

Bunga sabab, saytdan Rossiyadagi yagona mustaqil kuzatuv guruhi " Golos" bilan hamkorlikda tayyorlangan saylovlardagi qonunbuzarliklar haqidagi loyihaning olib tashlangani sabab bo‘lgan .

Iste‘fo bergan sobiq redaktor Roman Badanin bu ishni " Golos" dagi hamkasblari, " Gazeta.ru" dagi loyiha ustida birga ishlaganlar uchun qilganini , ularga pand berish o‘ziga ma‘nan to‘g‘ri kelmasligini aytgan.

Rossiyadagi namoyishlar

Saylov natijalariga ko‘ra, "Yagona Rossiya" ko‘p ovoz olganligi Rossiyada ommaviy namoyishlarni keltirib chiqargan.

Namoyishchilar Markaziy saylov komissiyasining rahbari Vladimir Churovning iste‘fosini talab qilish bilan birga, saylov natijalarini qayta ko‘rib chiqish yoki ularni bekor qilib, yangi saylovlar o‘tqazishni talab qilishgan.

Moskvada dastlabki namoyish 5 dekabrda Chistiye prudida bo‘lib o‘tgan.

Natijada ko‘p qatnashchilar ,jumladan ," Birdamlik " harakatining rahbari Ilya Yashin va blog egasi Aleksey Navalniy hibsga olingan.

Ikkalasi ham 15 kunlik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Keyingi kun namoyishlar Triumfal maydoniga ko‘chgan.

10 dekabrda Bolotnoy maydonida o‘tgan namoyish muxolifatning keyingi 20 yil ichidagi eng katta namoyishi hisoblangan.

Unda har xil hisob bilan 30 dan 60 minggacha kishi ishtirok etgan.

Keyingi namoyishni 24 dekabrda o‘tqazish mo‘ljallangan.Tashkilotchilar Vasilev tepaligida 50 minggacha kishini yig‘ishni rejalashtirishgan.