BBC so‘rovi: faqat rossiyaliklar "arab bahori"ga qarshi chiqishdi

Image caption "Arab Bahori" haqida fikrlar bir xil emas

Dunyoning 22 mamlakatida BBC topshirig‘i bilan o‘tkazilgan yangi so‘rov natijalariga ko‘ra, unda ishtirok etganlarning yarmidan ko‘prog‘i "arab bahori" nomini olgan inqiloblarni ijobiy baholagan.

Ayniqsa, Ovro‘po mamlakatlari arab dunyosidagi hodisalardan mamnun ekanliklarini bildirgan.

Arab dunyosidagi evrilishlarda Tunis va Misrni uzoq yillar davomida idora etgan prezidentlar qulatildi.

Ushbu o‘zgarishlar jarayonining qanday natija bilan yakunlanishini baholashga hali erta, biroq BBC uchun Globescan xalqaro ijtimoiy so‘rov xizmati o‘tkazgan so‘rov xulosasiga ko‘ra, arab dunyosidagi evrilishlar, umuman olganda, ijobiy baholangan.

So‘rovda ishtirok etganlarning 55% evrilishlar "umuman olganda musbiy", degan fikrni izhor etgan.

Respondentlarning 28% esa arab dunyosidagi o‘zgarishlar "umuman olganda salbiy", degan qarashda ekan.

Arab davlatlaridagi o‘zgarishlardan eng ko‘p g‘arbiy Ovro‘pa davlatlari xushnud bo‘lgan.

So‘rovda ishtirok etgan olmonlarning 78%, fransaliklarning 76% evrilishlarni "ijobiy", deya baholagan.

So‘rov qilingan uch Afrika mamlakatidan ikkitasi - Nigeriya va Keniya - "arab bahori" haqida musbiy fikrni bildirgan.

Arab evrilishlarini boshdan kechirgan Misrda ham omma fikri o‘rganilgan.

U yerda aholining 72% yuz bergan o‘zgarishlarni "musbiy", 26% esa "salbiy" deya baholagan.

Lotin Amerikasida ham ommaviy g‘alayonlar haqida jamoatchilik fikri musbiy ekani ma‘lum bo‘lgan.

So‘rovda ishtirok etgan mamlakatlardan birgina Rossiyada ko‘pchilik, ya‘ni respondentlarning 43% arab mamlakatlaridagi inqiloblarga salbiy munosabat bildirgan.

Globescan boshlig‘i Dag Millerning xulosa qilishicha, "arab bahori keng dastakka ega esa-da, odamlar ehtiyotkorlik bilan fikr bildirganlar."

Omma so‘rovi Liviyada Qaddofiy rejimining qulashi hamda Misr va Suriyada yangidan boshlangan g‘alayonlardan oldin o‘tkazilgan.

Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rovda hammasi bo‘lib 21558 odam ishtirok etgan.