Rahmon narkotiklar savdosiga qarshi kurashishda yordam so‘radi

Image copyright BBC World Service
Image caption Imomali Rahmon Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish ko‘lami ortib borayotganidan tashvishda

Olmoniyaga safar qilgan Tojikiston prezidenti xalqaro hamjamiyatdan narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashishda Tojikistonga yordam berishni so‘radi.

Reyters axborot agentligining ma‘lum qilishicha, Prezident Rahmon Olmoniya kantsleri Angela Merkel bilan uchrashuvi chog‘ida narkotiklar moddalarning Afg‘onistondan Tojikistonga va u yerdan Ovro‘po mamlakatlariga olib o‘tilishiga qarshi kurashishda Ovro‘po mamlakatlari Tojikistonga yordam berishi zarurligini aytgan.

Janob Rahmonning ta‘kidlashicha, Tojikiston Afg‘onistonning shimoliy hududlari bilan 1400 kilometrlik umumiy chegaraga ega va Olmoniya mazkur mintaqalar xavfsizligini ta‘minlashni o‘z zimmasiga olgan.

Uning aytishicha, Afg‘oniston heroin ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi va heroin savdosidan olinadigan daromad Tolibon singari ifrotiy guruhlar faoliyatini sarmoyalashga sarflanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitobiga muvofiq, qurolli guruhlar giyohvand moddalar savdosidan har yili 100 million dollardan 400 million dollargacha daromad ko‘rishadi.

Olmoniya rasmiylari bilan muloqoti chog‘ida Tojikiston prezidenti mamlakatining narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashishda Afg‘oniston shimolida joylashgan Olmoniya kuchlari bilan "yaqindan hamkorlik qilishga tayyor" ekanini aytgan.

Olmoniya Kantsleri Angela Merkel Imomali Rahmonning ushbu taklifini olqishlab, Olmoniya va Tojikiston Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishidan manfaatdor ekanini aytgan.