Hindistonlik talaba dunyoning eng qisqa bo‘yli ayoli deb topildi

Image copyright AFP
Image caption Jyoti Emge orzusi Bollivud yulduzi bo‘lish ekanini aytadi

Bo‘yi 62 santimetrdan sal balandroq bo‘lgan hindistonlik talaba, Jyoti Emge "Ginnes Dunyo Rekordlari" kitobiga yer yuzidagi eng pakana ayol sifatida qaydga olindi.

Jyoti Emgening bo‘yi sobiq eng past bo‘yli ayol, amerikalik Bridjet Jordandandan naqd yetti santimetr qisqadir.

Jyoti Emgega dunyoning eng past bo‘yli ayoli unvoni Nagpur shahrida berilgan.

Bugun 18 yoshini qarshi olgan Jyotining qaddi endi o‘samasligi bashorat qilinmoqda.

2009 yilda u 61,95 santimetr bo‘y bilan "dunyodagi eng pakana o‘smir", deb topilgan edi.

Niderlandiyalik Paulin Masters (1876-1895) tarixdagi eng pakana ayol sifatida ro‘yxatga olingan.

Uning bo‘yi 61 santmetr bo‘lgani xabar qilinadi.

"Katta baxt"

Emge xonimga "Dunyoning eng pakana ayoli" sertifikati Nagpur shahrida uning ota-onasi o‘ngida topshirilgan.

"18 yoshni yangi dunyo rekordi bilan qarshi olish katta baxt, bu xuddi tug‘ulgan kuningdek senga berilgan to‘hfaga o‘xshaydi," - dedi Jyoti.

"Menga shunday bo‘y berilganiga shukr qilaman. Agar dunyo rekordini o‘rnatmaganimda edi Yaponiya, Ovro‘po va dunyoning ko‘plab davlatlariga safar qilmagan bo‘lardim," - dedi u.

Hindlarning milliy libosi sariga o‘rangan Jyoti "Ginnes Rekordlar Kitobi"ining vakili Rob Molloy o‘ngida stol ustiga chiqib, tavallud kuniga atalgan tortni kesdi.

"Bizning tartibga muvofiq, Jyotining bo‘yi 24 soat davomida shifokor tomonidan uch marta o‘lchandi," - dedi Rob Milloy.

Emga xonim to‘rt yoshidan maktabga qatnaydi va yaqinda o‘rta maktabni bitirish imtihonlarini bitirdi.

U endi universitetga kirishni rejalamoqda.

"Ginnes Dunyo Rekordlari" kitobi mulozimlariga ko‘ra, Jyoti Bollivud yulduzi bo‘lishni orzu qilar ekan.