Qozog‘iston: Janao‘zen shahrida tartibsizliklar hamon davom etmoqda

Image caption Janao‘zenlik neftchilar namoyishi yetti oydan buyon davom etmoqda

Qozog‘iston g‘arbidagi Mang‘istau viloyati Janao‘zen shahrida huquq tartibot organlari va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv natijasida ikki politsiya xodimi jarohatlangan.

Namoyishchilar politsiya tomonidan ularga qarata o‘q uzilganini ta‘kidlamoqda.

Ular maoshlarni ko‘tarishni va ishga qayta tiklashni talab qilib, yetti oydan buyon Janao‘zen markaziy maydonida namoyish o‘tkazib kelayotgan edi.

Namoyishchilarning hali ham maydondan tarqamagani va bir necha binolarning yonayotgani aytilmoqda.

Bugun neftchilar va ularning yaqinlari hukumatga noroziligini bildirib turgan vaqti politsiya o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqan.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarining yozishicha, politsiya mashinasini namoyishchilar ustiga haydashi namoyishchilarning g‘azabini qo‘zg‘atgan.

Internetga qo‘yilgan videoda bir guruh g‘azabnok namoyishchilar mustaqillikning 20 yilligini nishonlash maqsadida qurilgan sahnadagi uskunalarni har tomonga uloqtirayotgani aks etgan.

Olomon orasidan o‘tgan politsiya mashinalariga qarata toshlar otilgan.

Videoda huquq tartibot organlari ogohlantirish maqsadida osmonga o‘q uzgani aks ettirilgan.

Namoyishchlar o‘zlariga nisbatan politsiya tomonidan o‘q uzilgani aytadi.

Ular oralarida qurbonlar va jarohatlar borligini ta‘kidlamoqda.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi otishmalar bo‘lgani va jarohatlar borligini rad etdi.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi bergan bayonotga ko‘ra, "bir guruh shaxslarning jinoiy harakatlari natijasida ommaviy tartibsizlik kelib chiqdi. Jinoiy ish ochildi. Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri boshchiligida tezkor guruhi tuzildi."

Bosh prokuratura "jinoiy harakatlarni to‘xtatish" uchun zarur choralar ko‘rilayotganini aytgan.

Jarohatlangan va halok bo‘lganlar borasidagi ma‘lumot mustaqil manbalardan tasdiqlangani yo‘q.

Jarohatlanganlar olib kelingani aytilayotgan Janao‘zen shahar shifoxonasi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

"Qazaqtelekom" milliy operatorining shaharlararo aniqlama xizmati bugun kun o‘yi Janazo‘yen shahri bilan aloqada nosozliklar bo‘lganini aytdi.

Ayni damda shahar markazidagi "Intimaq" maydoniga olib boruvchi yo‘llar yoshlar tomonidan to‘sib qo‘yilgan.

Maydonda turgan namoyishchilardan birining BBCga aytishicha, yoshlar qo‘liga tosh va tayoqlar olib, maydonga eltuvchi yo‘llarni mashinalar bilan to‘sib qo‘yishgan.

Maydon atrofidagi bir necha bino yonmoqda, o‘t o‘chiruvchilar binolarni o‘chirish uchun kiritilmayapti.

"Asosan neftchilarning qarindoshlari bo‘lmish mahalliy yoshlar markaziy maydonga boruvchi yo‘llarni to‘sib oldi. Ular yonayotgan binolarga o‘t o‘chirish mashinalarni o‘chirish uchun qanday qilib yo‘latsin? Ular bizning pulimizga qurilgan ig‘vogarlarning binosini yonishini o‘z ko‘zlarini bilan ko‘rmoqchi", - deydi ismi sir qolishni istagan namoyishchilardan biri.

Tartibni saqlash maqsadida Janao‘zen shahriga kuch ishlatar kuchlar yo‘nalgani xabarlarda aytilmoqda.

Qozog‘istonning Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan Janao‘zen shahrida 100 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Shahar asosan neft va gaz qazib olish ortidan daromad ko‘radi.

Bir guruh neftchilar maoshlarning kamligidan shikoyat qilib, shu yilning may oyida namoyishga chiqdi.

Kompaniya ularning talabi noo‘rin ekanligini aytib, mahkama orqali ishga chiqmaganligi sabab ishdan bo‘shatdi.

Yetti oydan beri neftchilari o‘zlarining qayta ishga olinishi va maoshlari ko‘tarilishini talab qilib, Janao‘zen shahrining markaziy maydonida piket o‘tkazib kelmoqda.