Rossiya BMTga Suriya bo‘yicha o‘z rezolyutsiyasini taklif qilgan

Image copyright BBC World Service
Image caption G‘arb davlatlarining vakillari Moskva tashabbusidan biroz taajjublanganlar

Rossiya BMT ning xavfsizlik kengashiga Suriyadagi inqiroz bo‘yicha o‘zining shaxsiy rezolyutsiyasini taqdim qilgan.

Bundan oldin Rossiya Bashar al- Asad tuzumiga qarshi har qanday xalqaro bosimga qarshi chiqib kelgan.

BBC muxbiri Barbara Pletga ko‘ra, g‘arb davlatlari vakillari Moskva tashabbusidan biroz taajjublanganlar.

5 oktyabrda Rossiya va Xitoy o‘zlarining veto qilish huquqlaridan foydalangan holda, g‘arb davlatlari taklif qilgan rezolyutsiyani yopishga erishgan edilar.

BMTning oxirgi hisobotlariga qaraganda, Suriyadagi qo‘zg‘olon qariiyb besh ming kishining umriga zomin bo‘lgan.

BMTning Rossiyadagi doimiy vakili Vitaliy Churkinga ko‘ra, Rossiya loyihasi dunyo ahlining Suriyadagi voqealardan qattiq xavotirini inobatga olgan holda, qarama-qarshiliklarga tezroq barham berishga qaratilgan.

G‘arb mamlakatlari elchilari Rossiya ilgari surgan loyihani muhokama etishga tayyorliklarini aytishgan.

Lekin hozirgi holida Suriyadagi inson huquqlarini jiddiy aks ettirmasligini ta‘kidlashgan.

Shuningdek, Rossiya rezolyutsiyasi Assad tuzumi va muxolifatni bir mavqe‘da ifodalagan.

G‘arb davlatlarining fikricha, zo‘ravonliklarga mas‘uliyatni avvalo Suriya hukumati o‘z bo‘yniga olishi kerak.

Rossiya taqdim etgan hujjatga ko‘ra, har qanday zo‘ravonlikni , shu jumladan Suriya hukumatining teng bo‘lmagan kuch ishlatishini ham ko‘rib chiqish lozim.

Moskva "Suriyadagi jangari guruhlarga noqonuniy qurol yetkazib berilayotganligini ham" alohida ta‘kidlagan.

Bu bizning nazarimizda asosli emas ,- degan ismini oshkor etmagan g‘arb elchilaridan biri Frans press agentligiga.

"Rossiya rezolyutsiya loyihasini jahon jamoatchiligining bosimini his qilib, e‘lon qildi",-degan Frantsiya elchisi Jerar Aro.

Rossiya nimaga Assadni himoya qilmoqda?

G‘arb elchilarining, Suriyaga qurol yetkazish bo‘yicha kontraktni saqlab qolish uchun Rossiya Assad tuzumini qo‘llayotganligi da‘vosini Moskva rad qilgan.

O‘z navbatida Rossiya rasmiylari, g‘arb davlatlari Suriyada ham "Liviyadagi hukumat almashishi rejasini" ishga solishmoqchi ekanini ta‘kidlashgan.

Rossiya elchilarining Suriya muxolifati rasmiylari bilan keyingi oylarda olib borgan uchrashuvlari natijasiz yakunlangan.

Shu haftada avval Moskvada ishlagan, hozirda Turkiyada qochqin bo‘lgan suriyalik sobiq elchining BBCga aytishicha, "Rossiyaning mavqei bir qancha sabablarga bog‘liq.

Eron tomonidan har doim yevropaliklarga imkoniyatni berib qo‘ymaslik bosimi mavjud",- degan u.

"Men Rossiyaning Suriyadagi elchisi Azamat Qulmuhammetov bilan uchrashib, unga Suriyada odamlar o‘ldirilyapti.

Bu xuddi Rossiyadagi 1991 yilgi revolyutsiyaga o‘xshaydi.

Men o‘shanda odamlarning Sovet diktaturasidan qutilganlaridagi hayajonlarini ko‘rganman.

Nega endi sizlar Suriyaga nisbatan bunday yo‘l tutayapsizlar,deb so‘radim", - degan sobiq elchi.

Unga ko‘ra Rossiya elchisi Moskva Suriya xalqini qo‘llamoqda, degan.

Bu yolg‘on, - degan sobiq elchi BBCga.

Agar ular xalq bilan birga turganlarida Suriya hukumatini muxolifat bilan murosaga borishga majbur qilishardi."

Rossiya rasmiylarining aytishicha, Damashq muzokaraga tayyor.

Lekin uchrashuv faqatgina Suriyadagi qon to‘kishlar tugatilgach, amalga oshishi mumkin.

To‘pponchani boshga o‘qtalgan holida qanday uchrashuv haqida gap bo‘lishi mumkin?

Men Rossiyaning bu boradagi mavqei kamida Suriyada begunoh odamlar o‘ldirilishini to‘xtatishdir, deb bilaman.

Afsuski, Rossiyaning hozirgi mavqei Suriya xalqiga qarshi.Bu esa juda yomon qarordir",- degan sobiq elchi."