Bangladeshlik erkak ayolining barmoqlarini kesib tashladi

Image copyright other
Image caption Erining qilmishi sabab, Xavu Akter Juy endi bir umr mayib bo‘lib qoladi

Bangladeshlik inson huquqlari faollari xotinining o‘ng qo‘lidagi barmoqlarini kesib tashlagan 30 yoshli Rafiqul Islomni keskin jazolashni talab etishmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Rafiqul Islom qilgan qilmishiga iqror bo‘lgan.

Uning aytishicha, o‘zining ruxsatisiz kollejga kirib, ta‘lim olmoqchi bo‘lgani uchun ayolini shu ko‘yga solgan.

Ammo gumondorning so‘zlarini mustaqil manbalardan tasdiqlashning iloji bo‘lmagan.

Mahalliy politsiyaning aytishicha, Rafiqul Islom o‘zi ishlaydigan Birlashgan Arab Amirliklaridan yaqinda qaytgan bo‘lgan.

U shu oy boshida 21 yoshli rafiqasi Xavu Akter Juyni avvaliga daraxtga bog‘lab, og‘zini tasmalab, so‘ngra beshala barmog‘ini ham kesib tashlagan.

Shifokorlar uning barmoqlarini qayta tikib bo‘lmasligi, yosh juvonning umrbod mayib bo‘lib qolishini aytishmoqda.

Xavu Akter Juy ham politsiya ilgari surayotgan farazni o‘z og‘zi bilan tasdiqlagan.

O‘qimaysan!

Rafiqasining aytishicha, ma‘lumoti haminqadar bo‘lgan eri o‘zining tahsil olishiga qarshi bo‘lgan.

Unga ko‘ra, avvalroq telefon orqali so‘zlashganida ham, turmush o‘rtog‘i agar o‘zboshimchalik qiladigan bo‘lsa, oqibati yomon bo‘lishi bilan ogohlantirgan.

"Shifokorlar olti soat ichida barmoqlarimni qayta tikish mumkinligini aytishdi. Ammo erim barmoqlarimni ularga bermadi. Qarindoshlaridan biri ularni axlat qutisiga tashlab yubordi. Alal-oqibat barmoqlarimni qidirib topganimizda, ancha kech bo‘lgandi", deydi Xavu.

Yuz bergan hodisa ortidan uning eri Rafiqul Islom hibsga olingan.

Akter Juy turmush o‘rtog‘i bilan ortiq yashash istagi yo‘qligini aytib, yaqinlarinikiga qaytgan.

U kollejga kirish niyatidan qaytmasligi va allaqachon chap qo‘li bilan yozishni mashq qilayotganligini aytmoqda.

So‘nggi oylarda Bangladeshda aynan ta‘lim olmoqchi bo‘lgani uchun ayollarga qarshi zo‘ravonlik hollari ortgan.