Moskvada yagona iqtisodiy hududni yaratish masalasi muhokama qilinadi

Image copyright AFP
Image caption Uch davlat rahbari yagona iqtisodiy hududni joriy etish masalasini muhokama etishadi

Rossiya, Belorus va Qozog‘iston prezidentlari Moskvada Yagona Iqtisodiy Hudud faoliyati hamda Bojxona Ittifoqi chorcho‘basida hamkorlik masalalarini muhokama etishadi.

Shu bilan birga YevrAzEs Oliy iqtisodiy kengashi yig‘ini bo‘lib o‘tadi. Unda uch davlat rahbarlari - Dmitriy Medvedev, Aleksandr Lukashenko va Nursulton Nazarboyev - iqtisodiy masalalar bo‘yicha tashkilot komissiyasini tuzishadi hamda uch mamlakat hududida tovar va xizmatlarning erkin harakatiga imkon beruvchi hujjatlarni imzolashadi.

Qozog‘iston g‘arbidagi tartibsizliklarga qaramay, Prezident Nursulton Nazarboyev Moskvaga safar qilgan.

Rossiya poytaxtida u YevrAzEs, Kollektiv Xafvsizlik Tashkiloti anjumanlari hamda MDH rahbarlarining yubiley sammitida ishtirok etadi.

Qozog‘istondagi voqealar munosabati bilan ushbu oliymaqom uchrashuvlar, xususan, Kolektiv Xavfsizlik Tashkiloti sammiti kun tartibiga o‘zgartirish kiritilishi ehtimoli qanchalik?

BBC bu va boshqa savollar bilan Rossiyada chiqadigan "Voyennыe itogi" jurnalining muharriri Aleksandr Goltsga bog‘landi.

Aleksandr Golts: Menimcha, hatto kun tartibiga o‘zgartirish kiritilgan taqdirda ham, biz buni bilolmasak kerak. Lekin, mening nazarimda, kun tartibida o‘zgarishlar bo‘ladi. Bugun-erta Moskvada mashvarat o‘tkazadigan rahbarlarning aksariyati "arab bahori" va xalq qo‘zg‘olonlarini g‘arb tarafidan boshqarilayotgan kuchlarning ishi, deb ko‘radi. Shuning uchun ham bu masala muhokamalardan o‘rin oladi. Hatto bu fitnaga qarshi birgalikda kurashish haqida biron bayonot imzolanishini ham istisno qilmagan bo‘lardim. Ammo bu uzoqqa bormaydi. Chunki Kolektiv Xavfsizlik Tashkiloti rahbarlarining hammasida o‘z muammolari bor.

BBC: Nima uchun tashkilotga a‘zo davlatlar Qozog‘istondagi voqealar haqida sukut saqlashayapti, deb o‘ylaysiz?

Aleksandr Golts: Yaqin-yaqingacha Qozog‘iston nisbatan barqaror davlat sifatida ko‘rilgan. Qozog‘istonda nima bo‘layotganini gapirish va o‘z mavqe‘ini ishlab chiqishdan oldin har bir MDH davlati o‘zida nimalar bo‘layotgani haqida o‘ylab ko‘radi. Shuning uchun har bir davlatda bu kabi yara bor yoki paydo bo‘layetgan bir pallada qushnisidagi yara haqida gapirish dahshatli darajada noqulay.

BBC: "Arab bahori"ga o‘xshash xalq isyonlari chog‘ida Kollektiv Xavfsizlik Tashkiloti kuchlarini ishga solish g‘oyasi qanchalik jiddiy muhokama qilinayapti, deb o‘ylaysiz?

Aleksandr Golts: Juda ham jiddiy. Rossiya anchadan buyon Afg‘onistondagi AQSh kuchlari olib chiqib ketilgani taqdirda mintaqadagi vaziyatni nazorat qilish uchun Kollektiv Xavfsizlik Tashkiloti kuchlarini ishga solish haqida o‘ylab kelayotgan edi. Ammo, ko‘rib turganimizdek, voqealar juda ham tez rivojlanayapti. Ammo xavfsizlikni ta‘minlash bilan Markaziy Osiyoda jandarm rolini bajarish o‘rtasida juda ham nozik bir chegara bor. Agar kimdir bu kabi vazifaning qanchalik qonuniyligi haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, hozir bunday amaliyotni faqat BMT Xavfsizlik Kengashi ma‘qullashi bilan amalga oshirish va unga boshqa qudratli davlatlarni jalb qilish talabini ilgari surishning ayni zamonidir.

BBC: Prezident Lukashenko ikki marta O‘zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotidagi mavqe‘ini aniqlab olishi kerak, degan bayonot bilan chiqdi. Siz O‘zbekistonning tashkilotdagi kelajagini qanday ko‘rasiz?

Aleksandr Golts: Bu janob Karimov tahdidni qanchalik jiddiy, deb ko‘rishiga bog‘liq. Agar tahdid katta emas, deb o‘ylasa, O‘zbekiston yana Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotida na u yoqli va na bu yoqlik bo‘lmagan a‘zo sifatida qolaveradi. Lekin hamma narsa voqealar rivojiga bog‘liq. Mintaqada voqealar juda ham tez rivojlanmokda.