Qozog‘istonda qurbonlar soni 15 taga yetdi

Image copyright reuters
Image caption Hukumat Janao‘zenda vaziyat barqarorlashganini aytadi

Qozog‘iston g‘arbidagi tartibsizliklarda o‘lganlar soni 15taga yetgan.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, qurbonlarning 14 nafari Janao‘zen shahridan.

Janao‘zenda tartibsizliklar juma kuni, Qozog‘iston mustaqilligining 20 yilligi nishonlanayotgan paytda boshlangan edi.

Yana bir odam Janao‘zenga yaqin Shetpe stantsiyasida yuz bergan tartibsizliklar chog‘ida halok bo‘lgan.

Ammo norasmiy manbalar "o‘nlab inson" o‘lgani haqida xabar berishmoqda. Shetpeda kamida 11 odam jarohat olgan.

U yerda bir necha yuz odam hukumatning Janao‘zendagi amallariga e‘tirozan temir yo‘lni berkitib qo‘ygan va yo‘lovchi poyezdni to‘xtatgan.

"Bezorilar"

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Janao‘zen shahrida ish tashlagan neftchilar va politsiyachilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ortidan favqulodda holat e‘lon qilgan.

Janao‘zen shahrida internet va telefon tarmoqlari uzib qo‘yilgan; Qozog‘iston Aloqa vazirligi ushbu holatni tartibsizliklar chog‘ida aloqa tarmog‘ining zarar ko‘rgani bilan izohlagan.

To‘qson ming aholiga ega Janao‘zen shahri markazida neftchilar deyarli yetti oydan buyon norozilik namoyishini o‘tkazishayotgan edi.

Tartibsizliklarda ishtirok etganlarni "bezorilar" deb atagan Nursulton Nazarboyev ularga bu harakatlari uchun haq to‘langanini aytgan.

Biroq qozoq muxolifati saytlariga ko‘ra, birinchi bo‘lib politsiya namoyishchilarga qarata o‘q uzgan.

Shetpedagi chiqishlar

Shetpedagi chiqishlar haqida bayonot bergan Qozog‘iston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, "bezorilar" teplovoz va avtomobillarni yoqib yuborgan, do‘konlarni talagan va politsiyaga qarata molotov shishalarini uloqtirgan.

Ammo hukumatning e‘tirof etishicha, Shetpedagi hodisalar paytida "Janao‘zen shahridagi ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganlarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi chaqiriqlar" yangragan.

Hukumat talqiniga ko‘ra, politsiya Shetpeda namoyishchilar harakatlariga javoban o‘t ochishga "majbur bo‘lgan". To‘qnashuv paytida o‘q yegan 12 odam shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘p o‘tmay ulardan bir nafari shifoxonada olamdan o‘tgan.

Bosh prokuratura vakili so‘zlariga ko‘ra, besh politsiya xodimi turli darajada jarohat olgan.

Bosh prokuraturaning xabar berishicha, Shetpe stantsiyasidagi vaziyat nazorat ostiga olingan, poyezdlar harakati qayta yo‘lga qo‘yilgan.

Aqtauda namoyishlar

Yakshanba kuni Aqtaudagi neftchilar Janao‘zendagi hamkasblari bilan yakdil ekanliklarini bildirish uchun namoyishga chiqqanlar. Kaspiy dengizi sohilida joylashgan shaharning markaziy maydoniga "Karajanbasmunay" neft shirkatining besh yuzdan mingtagacha xodimi jam bo‘lgan. Ular ham may oyidan buyon maoshlarning oshirilishini talab qilib kelishadi.

Aqtaudan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, namoyish tinch o‘tgan esada, neftchilarni ko‘p sonli politsiya xodimlari o‘rab turishgan.Janao‘zendagi to‘qnashuv Qozog‘iston mustaqilligining 20 yilligi bayramiga soya soldi. 71 yoshli Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonni Sovet davridan buyon idora etib keladi.

Uning siyosiy raqiblari davomli ta‘qib ostiga olinadi.