O‘zbekistonni Osiyo zo‘rlaridan biriga aylantirgan Vadim Abramovga savol bering

Image copyright UFF

Ruknimizning bu galgi mehmoni – futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini Osiyoning eng to‘rt zo‘r jamoasidan bittasiga aylantirgan Bosh murabbiy Vadim Abramov.

O‘zbekistonlik futbolchilar Vadim Abramov boshchiligidagi so‘nggi Osiyo Kubogida o‘z tarixlarida ilk bor yarim finalgacha chiqishga muvaffaq bo‘lishgan va qit‘aning eng yuqori to‘rtligi saflaridan joy egallashgandi.

Lekin, shunda ham, bu - bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasiga ham murabbiylik qilayotgan Vadim Abramovning bosh murabbiy o‘laroq qisqa vaqt ichida qo‘lga kiritgan yutuqlaridan biri, xolos.

2014 yilgi Jahon chempionatiga Osiyo qit‘asiga ajratilgan 4.5 ta o‘rin uchun kurash olib borayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi yaqinda o‘z guruhida birinchi o‘rinni egallab, muddatidan ilgari keyingi bosqichga yo‘llanmani ham qo‘lga kiritdi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, o‘zbekistonlik futbolchilar joriy bosqichgacha yetib kelgan yagona Markaziy Osiyo davlati vakillari va o‘z guruhida eng ko‘p ochko jamg‘argan jamoa bo‘lib turishibdi.

Vadim Abramov: "Hali asosiy maqsadlarimizga erishganimizcha yo‘q. Chunki hammasi muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tajak yanagi yilda hal bo‘ladi"

O‘zbekiston milliy terma jamoasi halicha o‘z tarixida Jahon chempionatining final bosqich bellashuvlariga chiqishga muvaffaq bo‘lmagan.

Ammo jamoa bu gal o‘z oldiga oliy maqsadlarni qo‘ygan va mutaxassislar ham o‘zbekistonlik futbolchilarning imkoniyatlari har qachongidan ko‘ra ham yaxshiroq ekanini ta‘kidlashmoqda.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi ham 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga sanoqli yo‘llanmalardan birini qo‘lga kiritish uchun yaxshigina mavqe‘da.

“O‘lim” guruhiga tushganliklariga qaramay, o‘zbekistonlik futbolchilar Avstraliya, Iroq va Birlashgan Arab Amirliklarini ortda qoldirib, o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni egallab turishibdi.

Mahoratli murabbiy Vadim Abramovning joriy yil yakunlariga bag‘ishlangan so‘nggi matbuot anjumanida aytishicha, erishilgan yutuqlar bilan kifoyatlanmay, kelgusi yilda ham xuddi shunday g‘ayrat bilan ishlashda davom etish niyatidalar.

“Halicha asosiy maqsadlarimizga erishganimizcha yo‘q. Chunki hammasi muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tajak yanagi yilda hal bo‘ladi”.

Janob Abramov Osiyo Futbol Konfederatsiyasi rasmiy veb sahifasida keltirilgan iqtibosida, “O‘zbekiston milliy terma jamoasini Jahon chempionati finaliga olib chiqish – o‘zining orzusi” ekanini aytgandi.

2010 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiy etib tayinlangan Vadim Abramov qisqa vaqt ichida erishgan bu kabi muvaffaqiyatlari uchun yaqinda “Do‘stlik” ordeni bilan ham taqdirlangandi.

Vadim Abramov bungacha O‘zbekistonning qator futbol klublariga ham ustozlik va boshqaruvchilik qilgan.

Vadim Abramovga savollaringizni pastdagi maxsus forma orqali jo‘nating.

Elektron maktub yo‘llamoqchi bo‘lganlar uchun manzilimiz - uzbek@bbc.co.uk

Mehmonimiz bilan suhbatni Bi-bi-si O‘zbek Xizmati shanba kungi dasturida tinglab, bbcuzbek.com vebsahifamizda o‘qishingiz mumkin.

Savollaringiz uchun avvaldan o‘z minnatdorchiligimizni izhor etib qolamiz.

Bu mavzuda batafsilroq