BMT Qozog‘istonni Janao‘zenda zudlik bilan tergov o‘tkazishga chaqirdi

Image copyright bbc
Image caption Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qozog‘istonni Janao‘zendagi taribsizliklar yuzasidan zudlik bilan tergov o‘tkazishga chaqirmoqda

Birlashgan Millatlar Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Qozog‘istonning Janao‘zen shahrida o‘ndan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan tartibsizliklardan xavotir izhor etib, mas‘ullarni zudlik bilan yuz bergan hodisani tekshirishga chaqirgan.

Xalqaro tashkilotning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Nevi Pillay xonim qozoq hukumatini me‘yoridan ortiq kuch ishlatmasdan, shaharda tartib o‘rnatishga ham chaqirgan.

Kecha Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili Devid Lidington ham Qozog‘istonda kechayotgan hodisalardan tashvishda ekanliklarini bayon qilgan.

Janob Lidington, "Barcha tomonlarni og‘ir-bosiqlikka va o‘zlarini tiyishga chaqirgan".

"Men Janao‘zendagi tartibsizliklar chog‘ida qon to‘kilganidan juda xavotirga tushdim va qurbonlarning yaqinlariga hamdardligimni izhor etaman", deb aytgan janob Lidington.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili, o‘z o‘rnida, Qozog‘iston hukumati tomonidan g‘alayonlarni o‘rganish uchun maxsus tekshiruv hay‘ati tuzilganini ham olqishlagan.

Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirarkan, "Human Rights Watch" xalqaro inson haqlarini saqlash tashkiloti ham qozoq hukumatini mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirgan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, qozog‘istonlik rasmiylar mustaqil inson huquqlarini saqlash guruhlari va jurnalistlarning hududda erkin faoliyat olib borishlarini ham ta‘minlashi lozim.

"Janao‘zenda tartib o‘rnatish qozoq hukumatining vazifasi. Ammo ular ma‘lumot olish erkinligiga asossiz va keraksiz cheklovlar qo‘yish uchun favqulodda holat tartibidan foydalanisholmaydi", deyiladi "Human Rights Watch" bayonotida.

Xalqaro tashkilotning ta‘kidlashicha, "Bu kabi me‘yoridan ortiq cheklovlar kiritish bilan qozoq mas‘ullari Janao‘zenda nimalar yuz berayotganini aniqlashni qiyinlashtirishadi".

Image copyright AP
Image caption Hukumat kuchlarining olomonga qarata o‘t ochishi natijasida o‘ndan ortiq kishining qurbon bo‘lgani aytiladi

Bayonotda bildirilishicha, Janao‘zen bilan aloqaning yo‘qligi bois, 16 dekabr kuni zo‘ravonliklar qanday qilib boshlanib ketgani, javobgarlarning kim ekanliklari va hukumat qo‘shinlari qanday sharoitda haqiqiy o‘q qo‘llashni boshlashganiga oid qozoq hukumatining izohlarini mustaqil manbalardan tasdiqlay olishmagan.

"Human Rights Watch", o‘z navbatida, prezident Nursulton Nazarboyevning yuz bergan hodisalar yuzasidan mufassal tekshiruv ishlari olib borilishi, hay‘at tarkibida mustaqil ekspertlar ham bo‘lishiga oid bayonotini xush qarshilagan.

Ammo, xalqaro tashkilotga ko‘ra, qozoq hukumati mustaqil guruhlarning o‘z tergov ishlarini olib borishga imkonli bo‘lishlarini ham kafolatlashi lozim.

Qozog‘istonning neftga boy Mangistau viloyatining Janao‘zen shahrida tartibsizliklar 16 dekabr kuni, Qozog‘iston mustaqilligining 20 yilligi sanasida boshlanib ketgandi.

Dastlabki xabarlarda to‘qnashuvlarni qariyb yarim yildan buyon o‘z noroziliklarini izhor etib kelayotgan neftchilar boshlab berganliklari aytilgandi.

Qozog‘iston politsiyasi olomonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan, havoga ogohlantiruvchi o‘t uzgan va so‘ngra odamlarning o‘zlariga qarata o‘t ochgani xabar berilgandi.

Janao‘zendagi tartibsizliklar chog‘ida o‘ndan ortiq kishining qurbon bo‘lgani aytiladi.