Janao‘zenni qayta qurish uchun 13,5 million dollar kerak bo‘ladi

Janao‘zendagi tartibsiziklar Image copyright AP
Image caption Janao‘zendagi tartibsiziklar chog‘ida 46 bino yoqib yuborilgani aytiladi

Qozog‘iston Bosh vazirining muovini Umirzaq Shukeyevning ma‘lum qilishicha, Janao‘zen shahrini qayta tiklash uchun deyarli 2 milliard qozoq tengesi kerak bo‘ladi.

Bu 13,5 million AQSh dollari deganidir.

Qozog‘iston g‘arbidagi Mang‘istau viloyatida o‘tgan kunlarda yuz bergan tartibsizliklarda kamida 15 inson halok bo‘ldi.

Janao‘zen shahrida 16-dekabrda politsiya va namoyishchilar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlarda 14 kishining o‘lgani xabar qilinadi.

Yana bir odam Janao‘zenga yaqin Shepte stantsiyasida halok bo‘lgan va yana o‘nlab odamlar yaralangan.

Ommaviy tartibsizliklar natijasida Janao‘zenda 46ta bino yoqib yuborilgan

Shanba kuni Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev shaharda favqulodda holat joriy etdi.

Janao‘zenda kommendantlik soati 5-yanvargacha davom etadi. Shaharda mitinglar o‘tkazish, video va foto suratlar olish hamda printerlardan foydalanish ta‘qiqlangan.

Maktab o‘quvchilari zudlik bilan qishqi ta‘tilga chiqarilgan.