Frantsiya parlamenti arman qirg‘inini rad qilishni jinoyat, deb atagan

Image copyright AFP
Image caption Qonun loyihasi Turkiya bilan muhim siyosiy va iqtisodiy aloqalarga ta‘sir ko‘rsatishi mumkin

Frantsiya parlamenti Birinchi jahon urushi davrida Usmon imperiyasi armanlarni qirg‘in qilganligini rad qilish jinoyat ekanligini aytgan.

Buning uchun jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi qonun loyihasini ilgari surgan.

Qonun loyihasiga binoan, genotsidni omma oldida rad qilganga bir yilgacha qamoq jazosi yoki 45 ming yevrogacha jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Arman tomoniga ko‘ra, 1915 yil usmonli Turkiyada bir yarim millionga yaqin armanlar qatl qilingan.

Turkiya bu voqeadan so‘ng o‘z elchisini zudlik bilan Frantsiyadan chaqirtirib olgan.

Anqara nuqtai nazariga ko‘ra, taxminan 300 mingga yaqin arman halok bo‘lgan.

Shuningdek, Usmon imperiyasiga qarshi armanlar qo‘zg‘olonidan so‘ng Sharqiy Antaliyaga rus armiyasining bostirib kirishi natijasida ko‘plab turklar ham halok bo‘lishgan.

20 ga yaqin davlat, jumladan, Frantsiya ham 1915 yilgi hodisani genotsid deb rasman tan olishgan.

Frantsiya deputatlarining bu qadami Turkiya davlatining qattiq g‘azabiga uchrashi tabiiy edi.

Turkiya sanktsiyalar bilan po‘pisa qilgan

Turkiya bosh vaziri Rajab Tayip Erdo‘g‘anga ko‘ra, bu harakat Frantsiya prezidenti Nikolya Sarkozining keyingi yil bo‘lib o‘tadigan saylovda reytingini oshirishi mumkin.

Lekin bu kabi harakatlar " Turkiya - Frantsiya munosabatlariga jiddiy putur yetqazadi",- degan janob Erdo‘g‘an.

Antaliya axborot agentligining xabariga ko‘ra, Erdo‘g‘an, "Bu ishga javob tariqasida Turkiya davlati Frantsiyaga nisbatan sanktsiyalar e‘lon qilishni ko‘rib chiqmoqda",- deb aytgan.

Turkiyaning qudratdagi va muxolif partiyalari qonun loyihasiga qarshi qo‘shma murojaat bilan chiqishgan. Unga ko‘ra " qonun loyihasi turk tarixini soxtalashtiradi"

Anqaradagi Frantsiya elchixonasida ham namoyish bo‘lib o‘tgan.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Axmat Dovuto‘g‘li "Frantsiya ulkan va qadimiy do‘stlik va frantsuz qadriyatlarini siyosiy va saylovoldi foydalari uchun qurbon qilmasligi"ga umid bildirgan.

"Albatta, hech kim bizni bu voqeaga munosabat bildirmay,jim turmasligimizni kutmasa kerak",- degan Turkiya tashqi ishlar vaziri jurnalistlarga.

Frantsiyada yarim millionga yaqin arman yashaydi.

Ularning kelgusi yili bo‘ladigan prezident saylovlarida beradigan ovozi muhim o‘rin tutishi mumkin, deb ta‘kidlagan BBC muxbiri Xyu Skofild.

Shu bilan birgalikda, qonun loyihasi haqida bir xil munosabat hali mavjud emas.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri Alen Jyuppe bu qonun loyihasi Turkiya bilan muhim sherikchilik aloqalariga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirini bildirgan.

Bir qancha frantsuz tarixchilari ham qonun loyihasini tarix voqealariga huquqiy aralashishga urinish sifatida salbiy baholaganlar.