Chegara Bilmas Muxbirlar: 2011 yilda dunyoda 66 jurnalist o‘ldirildi

Image copyright BBC World Service
Image caption Chegara Bilmas Muxbirlarga ko‘ra, Pokiston jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakat bo‘lib qolmoqda

Qarorgohi Parijda joylashgan Chegara Bilmas Muxbirlar tashkilotining ma‘lum qilishicha, 2011 yilda dunyo bo‘ylab 66 jurnalist halok etilgan.

Qurbon bo‘lgan jurnalistlarning aksari arab inqiloblari, Meksikadagi qurolli jinoiy guruhlar yoda Pokistondagi siyosiy vaziyatni yoritayotgan bo‘lgan.

O‘n nafar jurnalist halok bo‘lgan Pokiston ikki yildan buyon jurnalistlar uchun dunyoning eng xavfli mamlakati bo‘lib qolmoqda.

"Arab bahori" nomini olgan xalq g‘alayonlarini arab hukumatlari kuch bilan bostirishga urinar ekan, Yaqin Sharqda o‘ldirilgan jurnalistlar soni, o‘tgan yilga nisbatan ikki baravarga ko‘payib, 20 nafarni tashkil etgan.

Chegara Bilmas Muxbirlar tashkiloti chiqargan bayonotda ta‘kidlanishicha, Lotin Amerikasida ham qurolli guruhlar dastidan 20 jurnalist halok bo‘lgan.

Bu yil 1044 jurnalist hibsga olingan. Bu 2010 yilga nisbatan ikki baravar ko‘pdir. Hibsga olingan jurnalistlar sonining ko‘payishiga "arab bahori", shuningdek, Yunoniston, Belarus, Uganda, Chili va Qo‘shma Shtatlarda yuz bergan ko‘cha namoyishlari sabab bo‘lgani ta‘kidlanadi.

"Qohiradagi Tahrir Maydonidan Pokiston janubi-g‘arbidagi Xuzdargacha, Mogadishudan Filipin shaharlarigacha jurnalist sifatida ishlash xavfi siyosiy beqarorliklar paytida har qachongidan ham ko‘proq 2011 yilda namoyon bo‘ldi," deyiladi Chegara Bilmas Muxbirlar bayonotida.

"Xitoy, Eron va Eritreya matbuot uchun eng yirik qamoqxonalari bo‘lib qolmoqda," - deya ta‘kidlanadi bayonotda.

Ammo mazkur mamlakatlarda qancha jurnalist qamoqqa tashlangani bayonotda aniq ko‘rsatilmagan.

Chegara Bilmas Muxbirlar nazarida jurnalistlar uchun dunyoning eng xavfli joylari sirasiga Fil Suyagi Qirg‘og‘ining tijoriy markazi Abidjan va Qohiradagi Tahrir Maydoni kiritilgan.

Shuningdek, mazkur ro‘yxatda "arab bahori" markazlari - Suriyaning Deraa, Homs va Damashq shaharlari, Yaman poytaxti Sanaa va Liviyaning Misrata shahri ham bor.

O‘tgan yil dunyo bo‘ylab 57 jurnalist o‘z faoliyati uchun o‘ldirilgan edi.

2007 yil oxirgi 10 yil ichida jurnalistlar uchun eng yomon yil bo‘ldi.

Iroq ishg‘ol etilgan mazkur yilda 87 jurnalist halok etildi.