Iroq vitse-prezidenti qonli hujumlarda bosh vazirni ayblamoqda

Image copyright Getty Images
Image caption Janob Hoshimiy janob Malikiy "vatanparvar siyosatchilarni quvib solgan"dan ko‘ra xavfsizlikka diqqat qaratishi kerakligini aytdi

Iroq Vitse-Prezidenti Tariq al-Hoshimiy mamlakatda to‘satdan zo‘ravonliklarning avj olishida Bosh Vazir Nuri al-Malikiyni ayblagan.

Payshanba kuni Bag‘dodni titratgan qator portlashlarda o‘nlab odamlar nobud bo‘ldi.

Terrorchilik ayblariga yuz tutayotgan Janob Hoshimiy janob Malikiy "vatanparvar siyosatchilarni quvib solgan"dan ko‘ra xavfsizlikka diqqat qaratishi kerakligini aytdi.

Mazkur inqiroz Iroqda mazhabiy ziddiyatlarning yangi to‘lqinini keltirib chiqarishi borasida xavotirlarni uyg‘otgan.

Bosh Vazir Malikiy Iroqda aksariyatni tashkil qiluvchi shia arablar jamoasiga mansub, janob Hoshimiy esa eng taniqli sunniy siyosatchilardan.

Janob Hoshimiy rasmiylar va xavfsizlik kuchlariga qarshi terror hujumlarini uyushtirishda ayblanadi, biroq uning o‘zi bu ayblarni rad etgan. Mazkur ayblovlarga javoban, Iroqdagi eng asosiy sunniy siyosiy blok al-Iraqiya parlament va vazirlar mahkamasini boykot qilmoqda. Bu esa atigi bir yoshga to‘lgan hukumatning kelajagini shubha ostiga qo‘ygan.

"Biz janob Malikiyni ayblashimiz kerak, u milliy inqirozni boshladi va buni endi boshqarish oson emas", dedi janob Hoshimiy Bi-bi-sining arab xizmatiga.

"Iroqliklarning xavotir olishga haqqi bor", deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq janob Hoshimiy bosh vazirning boshqaruvini sobiq rahbar Saddam Husaynnikiga qiyoslagan. AQShning Foreign Policy jurnali bilan suhbatda u "janob Malikiy mamlakatni juda ham yomon va qattiqqo‘l yo‘lda boshqarishga bel bog‘lagan", deb aytgan.

Payshanba kungi hujumlar oxirgi bir necha oy ichida Iroqning boshiga tushgan eng yirik falokat bo‘ldi. Hujumlar AQSh qo‘shinlari to‘qqiz yillik ishg‘oldan so‘ng chiqib ketishlaridan bir necha kun o‘tib yuz berdi.

Bag‘dodning asosan shialar yashovchi 16ta turli nuqtasida yo‘lcheti bombalari portlar ekan, kamida 68 odam halok bo‘lgan va 200ga yaqini jarohatlangan

Rasmiylar nishonlar orasida maktablar va bolalar bog‘chalari ham bo‘lganini bildirishdi.