"Otishga buyruq berganlar topilmaguncha, Janao‘zen tinchimaydi"

Image copyright Joanna Lillis
Image caption Ko‘p janao‘zenliklar qurolsiz aholiga o‘t ochishga kim buyruq bergani fosh etilishini so‘rashmoqda

Mang‘istau viloyatidagi qonli hodisalar bo‘yicha tuzilgan mustaqil jamoatchilik komissiyasi voqealarni tekshirish bo‘yicha bir necha talablarni ilgari surgan. Komissiya vakillari halok bo‘lganlarning xotirasiga mamlakatda motam kuni e‘lon qilishni va parlament saylovlarini ortga surishni so‘rashmoqda.

16 dekabrda qonli voqealar bo‘lib o‘tgan Janao‘zen shahriga prezident Nazarboyev payshanba kuni tashrif buyurgan. U neftchilarning talablarida asos borligini va kompaniya rahbariyati ishchilarga quloq solmaganini aytgan. Ayni damda Janao‘zenda vaziyat tinchigandek ko‘rinsa-da, namoyishda ishtirok etgan neftchilarning hibsga olinishi hollari davom etayotir.

Tarkibida muxolifat vakillari va mustaqil arboblar bo‘lgan jamoatchilik komissiyasi voqealarning bir hafta o‘tib Olmotida hukumat oldiga bir necha talablarni qo‘ydi.

Ular davlat miqyosida Mang‘istau hodisalarni o‘rganuvchi komissiya tuzilishini va uning tarkibiga mustaqil komissiya vakillarini ham kiritilishini talab qilishmoqda.

Komissiyaga ko‘ra, tinch fuqarolarni otishga kim buyruq bergani komissiya tomonidan aniqlanib, qonun bo‘yicha jazolanishi kerak.

Komissiya tarkibiga kirgan "Azat" partiyasi bosh kotibi Amirjan Qosanovga ko‘ra, prezidentning kecha Mang‘istau viloyatiga borib ayrim rahbarlarni ishdan olishi muammoga yechim bo‘la olmaydi.

"Janao‘zen, Aqtau va butun Qozog‘istondagi odamlar viloyat hokimi va Qazmunaygaz rahbariyati tinch aholini otish haqida buyruq bermaganini bilib turibdi. Aniq buyruq bergan aybdorlar fosh etilmas ekan va ushbu odamlar munosib jazolanmas ekan, ishdan bo‘shatishlar yetarli emas va jamiyatda yig‘ilib qolgan taranglikni tarqata olmaydi", deydi Amirjan Qosanov.

Image copyright Joanna Lillis
Image caption Prezident Nazarboyev, avvalgi chiqishlaridan farqli o‘laroq, qonli voqealar neftchilar arziga quloq tutilmagani uchun kelib chiqqanini tan oldi

Mustaqil komissiya vakillari Mang‘istau viloyatida odamlar orasida xavotir va taranglik saqlanib qolayotganini aytishadi.

Janao‘zen shahridagi qonli to‘qnashuvlarning guvohi bo‘lgan neftchining BBCga aytishicha, hukumatga qarashli mahalliy va markaziy telekanallar voqe‘likni yolg‘on talqin qilmoqda. U ham ishchilarning muammosi yechilmasa, ushbu norozilik davom etaverishini aytadi.

"Semey, O‘skemendagi telekanaldan aytilayotgan terrorizm degan narsalar bu yerda yo‘q. Ushbu to‘polonlar mehnat bahsidan boshlandi. Shuning uchun, bu muammo hal bo‘lmas ekan, norozilik davom etaveradi", deydi ismi oshkor qilinishini istamagan sobiq neftchi.

Shahar kommendanti hibsga va qo‘lga olinganar borasida juda kam ma‘lumot bermoqda. Rasmiy hisoblarga ko‘ra, shu kunlarda ja‘mi 13 kishi ushlangan. Ammo, shaharliklar ushbu raqamlarga ishonmaydi. Janao‘zen ko‘chalarida politsiya kuchlari tomnidan ushlab ketilgan yaqinlarining taqdiridan xavotir olib yurgan ko‘plab odamlarni uchratish mumkin.

"O‘g‘limizni 16 dekabr kuni kechqurun ishdan qaytib kelayotganda urib olib ketishgan. Hali qo‘yib yuborishgani yo‘q. Bugun Aqtauga olib ketadi deyishmoqda. Bizning o‘g‘limizga o‘xshagan odamlar ko‘p. O‘zimizning kuyovimizni ham yo‘lda ushlab boshini yorib tashlab ketishgan, keyin uyga yetganida ortidan kelib yana ushlab olib ketishgan," deydi farzandi haqida biror xabar izlab yurgan bir oila.

Janao‘zenliklar bunday holatlar borasida na prokuratura yo na shahar kommendati ariza qabul qilayotganini aytib shikoyat qilishmoqda.