Janao‘zenda qon to‘kilishi va Kulibayev o‘rtasida qanday aloqa bor?

Image caption Timur Kulibayev Qozog‘iston iqtisodidagi eng qudratli shaxs deb ko‘riladi

Mang‘istau viloyatidagi hodisalardan so‘ng mas‘ul shaxslar orasidan aybdorlarni qidirish jarayoni boshlangan. Prezident Nursulton Nazarboyev qator rasmiylar bilan birga ko‘plar tomonidan o‘zining siyosiy me‘rosxo‘ri sifatida ko‘rilgan kuyovi Timur Kulibayevni vazifasidan bo‘shatishini ma‘lum qildi.

Timur Kulibayev Kazmunaygaz shirkati mablag‘lari doxil davlatning moliyalarini boshqaruvchi Samruk-Kazina jamg‘armasi rahbaridir.

Lekin, Qozog‘iston prezidenti oylab norozilik bildirib kelgan neftchilar ishi va Kulibayev o‘rtasida qanday bog‘liqlik ko‘rmoqda?

BBC bu savolni Olmotida joylashgan va Janao‘zendagi voqealarni yaqindan kuzatgan jurnalist Joanna Lillisga berdi.

Lillis: Menimcha, Prezident Nazarboyev buning ikkisini Timur Kulibayevning asosiy lavozimidan kelib chiqib bog‘lamoqda. Ya‘ni, Kulibayevning davlat g‘aznasidagi moliyalarni boshqaruvchi Samruk Kazina rahbari ekanligidan kelib chiqmoqda. Bu jamg‘armaga Kazmunaygaz energiya shirkatining moliyalari ham tegishlidir. Kazmunaygaz esa neftchilar bilan tortishuvga borgan shirkat. Xullas, Prezident Nazarboyev ana shu shirkatning ham mablag‘larini o‘z ichiga oluvchi jamg‘arma faoliyati uchun masu‘l bo‘lgan Kulibayev bilan Janaozendagi hodisalar orasida bog‘liqlik ko‘rmoqda. Fikrimcha, ana shu asosda u Mang‘istau viloyatiga safari mobaynida Timur Kulibayevni ishdan bo‘shatishi borasida gapirdi.

BBC: Bu qadam hodisa jiddiy oqibatlarga olib kelgani uchun yuqori lavozimli bir mas‘ulni ishdan bo‘shatilishini talab qiladi deb o‘ylab, mas‘uliyatni kimningdir gardaniga ag‘darish harakati bo‘lishi mumkinmi?

Lillis: Balki shundaydir, prezident o‘zini choralar ko‘rayotgan qilib ko‘rsatishi kerakligi, o‘z yaqinlarini himoya qilishga urinmayotgan qilib ko‘rsatishi kerakligini his qilayotgandir. Lekin, bu yo‘lda uning tanlovi Timur Kulibayevga tushgani qiziq, chunki u prezidentining siyosiy merosxo‘ri sifatida ko‘rilardi va hattoki yanvar oyiga rejalangan erta saylovlardan keyin balki hatto bosh vazir bo‘lishi mumkinligi aytilardi. Bir narsaga e‘tibor qaratish kerak - janob Nazarboyev Kulibayevni nima uchun ishdan bo‘shatmoqchi ekanligi sababini aytmagan va boshqa ishga o‘tkaziladimi yo‘qmi, buni ochiqlamagan. Kulibayev Qozog‘istonda iqtisodiy jihatdan eng qudratli shaxslardan va mohir siyosiy o‘yinchilardan biri. Uning siyosiy sahnadagi faoliyati tugadi deb bo‘lmaydi, u hanuz katta qudratga va ulkan boyliklarga ega. Hozircha bir pog‘onaga tushgandir, lekin o‘yindan chiqdi deb aytishga hali erta deb o‘ylayman.

BBC: Qozog‘istonga sarmoya yotqizib kelgan va yotqizmoqchi bo‘lgan xorijliklar uchun siyosiy merosxo‘rlik masalasi barqarorlik bilan chambarchas masala. Ular uchun bu qadam xavotirli deb o‘ylaysizmi?

Lillis: Albatta, ko‘plab xorijliklar allaqachon Kulibayevga pullarini tikishmoqda edi. Shuning uchun agarda vaziyat mutlaqo o‘zgarib, Kulibayev sahnadan ketadigan bo‘lsa sarmoyadorlar atrofga qarab kelgusi rahbar kim bo‘lishi aniqroq bo‘lgan shaxsni qidirishga majbur bo‘ladilar.

BBC: Neftchilar bir necha oydan beri o‘z noroziliklarini bildirib kelmoqda edilar, deyarli hech kim ularning gapiga quloq tutmadi, oxir oqibat ish qurbonlar berilishigacha olib keldi. Endilikda janob Nazarboyev ularning da‘volarida jon bor edi deb aytmoqda. Tekshiruv ishlariga BMT jalb qilinmoqda - bu ikki qadam o‘rtasida qarama-qarshilik ko‘rmayapsizmi?

Lillis: Siz haqsiz bu inqirozni yechish yo‘lida qarama-qarshiliklar ko‘zga tashlanadi. Buning sababini biz Qozog‘iston davlat sifatida bir monolit, yaxlit birlashma emas ekanligida ko‘rishimiz mumkin, menimcha. Rahbariyatda anchayin progressiv bo‘lgan va bo‘lmagan unsurlar bor. Xavfsizlik kuchlari progressiv bo‘lmaganlardan ko‘proq tashkil topgan deb aytishimiz mumkin. Boshqa tomondan, mustaqilikka erishgandan beri Qozog‘iston bu ko‘lamdagi inqirozga yuz tutmagandi. Mamlakat ichkarisida va tashqaridagi ovozlarni endilikda tinchlantirishi kerakligini biladi. Janao‘zendagi inqirozning bu kabi ko‘rinish olishidan dahshatga tushgan va endilikda to‘g‘ri yo‘lga solishga harakat qilayotganlar ham bor.