Odil Ahmedov "O‘zbekistonning eng zo‘r futbolchisi" deb topildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sara o‘yinchisi, "Paxtakor" klubining sobiq sardori va joriy paytda Rossiyaning boyvachcha "Anji" klubida to‘p surayotgan Odil Ahmedov 2011 yilda "O‘zbekistonning eng qoyilmaqom o‘yinchisi", deb topildi.

Odil Ahmedov ushbu sharafli unvonga da‘vogarlikda ikki karra "Osiyoning eng zo‘r futbolchisi" Server Jepparov va Aleksandr Geynrixlarni ortda qoldirib ketgan.

O‘zbekistonda joriy yilning eng yaxshilari sport mavzularini izchil ravishda yoritib kelayotgan 100 dan ortiq jurnalistning bergan ovozi ortidan aniqlangan.

Ovozlarni hisoblash jarayoni ortidan ma‘lum bo‘lishicha, Odil Ahmedov 258 ochko, Server Jepparov 137 ochko va Aleksandr Geynrix 116 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Ushbu tanlov asosida O‘zbekiston milliy va Olimpiya terma jamoalari bosh murabbiysi Vadim Abramov "Yilning eng zo‘r murabbiysi" va ketma-ket to‘rt bor "Osiyoning eng zo‘r hakami" Ravshan Ermatov esa, "Eng qoyilmaqom hakami", deb topilgan.

Shogirdlari so‘nggi Jahon chempionatining sensatsiyasiga aylangan O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi murabbiysi Aleksey Yevstafeyev va o‘yinchilari bu yil Markaziy Osiyo tarixida ilk bor Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Kubogini qo‘lga kiritgan "Nasaf" klubi murabbiysi Anatoliy Demьyanenkolar esa, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar bilan kifoyalanishgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Vadim Abramov boshchiligida so‘nggi Osiyo Kubogida o‘z tarixlarida ilk bor yarim finalgacha chiqishga muvaffaq bo‘lishgan va qit‘aning eng yuqori to‘rtligi saflaridan joy egallashgandi.

Biz g‘oliblarni mukofotlash marosimi ortidanoq Odil Ahmedov bilan bog‘lanib, eng avvalo so‘nggi yangilik o‘zi uchun qanchalik kutilmagan bo‘lganini so‘radik:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption O‘zbekiston milliy terma jamoasi yulduzi o‘z vaqtida Rivaldoni ham ortda qoldirib, "O‘zbekistonning eng zo‘r futbolchisi", deb topilgandi

Odil Ahmedov bundan bir necha yil burun o‘sha paytda Toshkentning "Bunyodkor" klubida to‘p surgan dunyo futboli yulduzi Rivaldoni ham ortda qoldirib, O‘zbekistonda yilning "Eng zo‘r futbolchisi", deb topilgandi.

U O‘zbekiston milliy terma jamoasining so‘nggi Osiyo Kubogidagi uchrashuvlarida yaxshigina o‘zini ko‘rsatib, mezbon Qatar va Xitoy bilan hal qiluvchi o‘yinda muhim to‘plarning muallifiga aylangandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Odil Ahmedov ham salmoqli ulush qo‘shgan yutuqlari ortidan ilk bor mamlakat futboli tarixida o‘yinlarning yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

Buning ortidan Odil Ahmedovga "Monako", "Malaga", "Bolton", "Rubin" (Qozon), "Dinamo"(Kiyev), "Beshiktosh" va Saudiya Arabistonining manaman degan klublarida takliflar tushgani xabar berilgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilardan deyarli hech qaysisi so‘nggi Osiyo Kubogi o‘yinlari ortidan uzoq, yaqin xorijiy klublar tomonidan bunchalik katta qiziqishga sabab bo‘lmagan.

Rossiyaning boyvachcha "Anji" (Maxachqal‘a) klubi shu yil sentyabr oyida O‘zbek milliy terma jamoasi yulduzi Odil Ahmedov bilan rasman to‘rt yilga shartnoma imzolagan.

Odil Ahmedov "Anji"da Samuel Eto'O va Roberto Karlos kabi jahon futboli yulduzlari bilan tengma-teng va yonma-yon to‘p surmoqda.