Damashqdagi portlashlar o‘ttizdan ziyod insonning umriga zomin bo‘lgan

Image copyright AFP
Image caption Ikki portlash kuchi ulkan vayronalar va talofotlarni keltirib chiqargan

Suriya poytaxti Damashqda ikki xudkush hujumchi o‘tirgan avtomobil portlashi oqibatida 40 dan ortiq inson halok bo‘lgan, 100 inson jarohatlangan.

Ikki portlash Damashq markazidagi Bosh Xavfsizlik direktorati binosi oldida yuz bergan.

Suriya davlat televideniyesi ikki avotomobilga ko‘p miqdorda portlovchi moddalar ortilgani haqida xabar tarqatgan, xavfsizlik xizmati binolarining nishonga olingani, halok bo‘lgan insonlarning aksari tinch fuqarolar ekanini ma‘lum qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik idorasiga yaqin joyda ilk portlash yuz berganidan keyin qo‘riqchilar o‘sha joyga borganlar, ilk portlashdan ikki daqiqacha o‘tib, xudkush hujumchi o‘zining boshqaruvidagi avtomobilni xavfsizlik idorasi darvozasiga borib urgan.

Suriya davlat televideniyesi ikki portlash ham ulkan bo‘lganini xabar qilgan, hodisa joyi namoyish etilgan.

Portlashlar natijasida binolar va avtomobillar yonib ketgan, atrof halok bo‘lgan va yaralangan insonlarning qoniga belangan.

Televideniye qutqaruvchilar halok bo‘lgan insonlar jasadlari qoldiqlarini matolarga yig‘ayotganini namoyish etgan.

Suriya rasmiylariga ko‘ra, ushbu hujumlarni "Al-Qoida" tarmog‘i uyushtirgan

Damashq rasmiylari "Al-Qoida" hujum tayyorlayotgani haqidagi josuslik ma‘lumotini bir necha kun ilgari Liviya taqdim etgan.

Suriyada aksilhukumat namoyishlari shu yil mart oyidan buyon davom etmoqda, Suriya armiyasining namoyishchilarni bostirishi, armiya bilan armiyani tark etganlar o‘rtasida janglar kechishi ko‘p yuz bergan esa-da, xudkushlik hujumi ilk bor sodir etilgan.

Biroq Suriya muxolifati portlashlarda rejimning o‘zini ayblagan, bu bilan Damashq hukumati aksilhukumat chiqishlarini obro‘sizlantirish va aksilhukumat namoyishchilarni terrorchi qilib ko‘rsatish maqsadini ko‘zlagan, deb aytgan.

Mamlakat poytaxtidagi portlashlar Arab Ligasining kuzatuvchilari Damashqqa yetib borganidan bir necha soat o‘tib ro‘y bergan.