Turkman rahbarining Moskvaga safari "asosan gaz haqida"

Image caption Rossiya bilan Turkmaniston o‘rtasidagi sheriklik o‘tgan ikki yil ichida sovugan

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov rasmiy safar bilan Rossiya poytaxtiga kelgan. U Prezident Dmitriy Medvedev va Bosh Vazir Vladimir Putin bilan uchrashishi rejalangan.

Rasmiy manbalar o‘zaro muzokaralarda savdo va madaniy aloqalardan tortib, xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilinishini aytayotgan esada, tahlilchilar kun tartibida gaz savdosiga bog‘liq masalalar ustivorlik qilishini bashorat qilishmoqda.

O‘zaro aloqalar aynan gaz muammosi tufayli ikki yildan beri sovuq bo‘lib kelgan.

BBC neft va gaz bo‘yicha mutaxassis Jon Robertsdan mazkur safar gaz muammosiga qancha e‘tibor qaratadi deb so‘radi.

Roberts: Menimcha, bu tashrifning aksar qismi gazga bag‘ishlangan bo‘ladi. Ashxobod va Moskva o‘rtasidagi aloqalar 2009 yil aprelidan beri juda murakkab bo‘lib keldi. O‘shanda Rossiya ikki mamlakat o‘rtasidagi gaz quvurida, to‘g‘ridan to‘g‘ri aytadigan bo‘lsak, portlash uyushtirdi va turkman gazining Rossiyaga eksportini to‘xtatib qo‘ydi. Rossiya rasmiy bayonotlarida buni baxtsiz hodisadek taqdim qilishga urindi. Aslida Rossiya Turkmanistonga mazkur quvur orqali o‘tadigan gazning miqdorini kamaytirishini aytdi, lekin uzatiladigan miqdorni kamaytirish yo‘lida choralar ko‘rish uchun Turkmanistonga yetarli vaqt bermadi. Buning oqibatida quvur portlab ketdi. To‘qqiz oy bu yo‘nalishda umuman Rossiyaga gaz chiqarilmadi. Eksportlar yana qayta boshlanganda atigi 10,5-11 milliard kubometr gaz uzatila boshlandi. Portlashdan avval esa bu miqdor 40 milliard kubomert atrofida edi. Shunday ekan, turkmanlar bundan ancha hafa bo‘lishgan, chunki ular Rossiyaga bundan ko‘proq gaz sotamiz deb o‘ylashgandi. Aynan shuning uchun ham turkmanlar Xitoyga ko‘p miqdorda gaz sota boshlashdi.

BBC: Bu tashrif nimanidir o‘zgartiradi deb o‘ylaysizmi? Masalan, Rossiya matbuotidagi ba‘zi bashoratlarga ko‘ra, Rossiya tomonida turkmanlardan yangi Transkaspiy yo‘nalishi, ya‘ni Nabukko loyihasida ishtirok etishlari yoki yo‘qligi borasida aniq javobni olishni istaydi. Nabukko esa Rossiyaning South Stream quvuri uchun eng asosiy raqibdir.

Roberts: Turkmanlar Kaspiy uzra Ovro‘poga gaz sotishga to‘la haqli ekanlarini Rossiyaga tushuntira bilishgan. Ashxobod allaqachon Ozarbayjon va Ovro‘po Ittifoqi bilan bu kabi quvurni barpo qilish bo‘yicha bitimga erishishga kelishib olganlar. Lekin, men bu Turkmaniston uchun bugungi kunda mavjud bo‘lgan eng muhim masala deb o‘ylamayman. Turkmanlar uchun, aftidan, hozirda eng muhim bo‘lgan masala bu Xitoyga uzatiladigan gaz uchun quvurni qurish, hamda Pokiston va Hindistondagi bozorni ta‘minlash uchun Afg‘oniston orqali o‘tadigan quvurni yaratishdir.

BBC: Rossiyada yangrayotgan yana bir bashoratga ko‘ra, Rossiyaning Gazprom shirkati o‘z zarari hisobiga bo‘lsa ham Turkmanistondan ko‘proq gaz sotib olishini aytishi mumkin, va bu iqtisodiy emas, balki ko‘proq siyosiy qadam bo‘ladi. Ya‘ni bu bilan u Turkmanistonga yana yaqinlashmoqchi. Biroq, Rossiya taklifi baribir Turkmanistondan boshqa yo‘llar bilan chiqayotgan eksport miqdoriga endi tenglasha olmaydi, shunday emasmi?

Roberts: Yo‘q, tenglasha olmaydi. Yaqinda Turkmaniston Xitoyga sotadigan gazi miqdorini yiliga 50 milliard kubometrdan ham oshirishga kelishib oldi. Bu qanday davr ichida yuz berishi hali noaniq. Lekin, bu juda yirik son. Rossiya bilan solishtirsangiz, Xitoy vositasiz iste‘molchi hisoblanadi. Rossiya esa Markaziy Osiyo gazi va Ovro‘podagi talab o‘rtasidagi muvozanat agenti bo‘lib xizmat qiladi. Shunday ekan, albatta turkmanlar uchun Xitoyga gaz sotish foydaliroq. Bu ularni uzoq muddatli kafolat bilan ta‘minlaydi. Albatta, bu yerda narxlar ham katta rol o‘ynaydi.