O‘zbekiston bosh vaziri Buxoro hokimini lavozimidan bo‘shatgan

Buxoro viloyat hokimligi binosi Image copyright n
Image caption Samoydin Husenov Buxoro viloyat hokimligini 1996 yildan buyon boshqardi

Buxorodan olingan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev viloyat deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasini o‘tkazib, Buxoroni 15 yil davomida boshqargan Samoydin Husenovni hokimlikdan bo‘shatgan.

Buxoro viloyati hokimligining xodimlari BBCga 27 dekabr kuni xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tganini tasdiqlashdi, biroq sessiya kun tartibidagi masala haqida gapirishdan bosh tortishdi.

Sessiya ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, viloyat hokimi Samoydin Husenovning yaqin qarindoshlari korruptsiya doiralariga aralashib qolgani uning lavozimidan bo‘shatilishining asosiy sababi qilib ko‘rsatilgan.

Xalq deputatlari Buxoro viloyat kengashi a‘zolari O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning Samoydin Husenovni vazifasidan ozod etish taklifini ma‘qullaganlar.

Uning o‘rniga O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari loavzimida ishlab kelgan Muhiddin Esonov nomzodi taklif etilgan, buxorolik deputatlar ushbu taklifni ham qo‘llab-quvvatlaganlari ma‘lum bo‘lgan.

Asli kasbi agronom Muhiddin Esonov bundan oldin Buxoro viloyatining Vobkent tumanini boshqargan.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari Buxoro viloyati hokimi o‘zgargani haqida xabar bermaganlar.

Buxoroda istiqomat qiladigan kishilarning aytishicha, shaharda "Prezident Islom Karimov kelib, viloyat hokimini rasman tayinlarmish" degan gap-so‘zlar tarqalgan.

Oxirgi paytda Buxoroda yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelgan, buni viloyatda ko‘plab yoqilg‘i quyish shoxobchalariga egalik qilgan viloyat hokimi Samoydin Husenovning o‘g‘li va jiyanlari yuzaga keltirgani aytilgan.

Buxorolik huquqshunoslardan birining Bi-bi-siga aytishicha, viloyat hokimining yaqinlari neft zavodlaridan ajratilgan yoqilg‘ini qora bozorda sotish bilan sun‘iy tarzda defitsitni keltirib chiqarganlar.

Viloyat hokimining o‘g‘li Sharofiddin Husenov hibsga olingani, Buxoro viloyat soliq boshqarmasi rahbarlari ishdan olingani, soliq departamenti rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingan.

Samoydin Husenov O‘zbekiston Senati a‘zosi hisoblanadi.

Endi O‘zbekiston senatorlari oldiga janob Husenovni Senat a‘zoligidan chiqarish masalasi ham qo‘yilishi mumkin.